Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik mashg‘uloti tog‘ o‘quv maydonida o‘tdi
13:02 / 2021-05-14

Jizzax viloyatidagi umumta’lim maktablarining 10-11 sinf o‘quvchilari Markaziy harbiy okrugning Forish tog‘ poligonida jangovar quroldan o‘q otish mashqlarini bajardi.

 Ushbu amaliy mashg‘ulot davlatimiz rahbari tomonidan umumta’lim maktablari yuqori sinf o‘quvchilarining “Chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlik” fanidan olgan nazariy bilimlarini mustahkamlash maqsadida o‘quv yilida bir marta harbiy poligonga olib chiqish tizimini joriy etish bo‘yicha berilgan topshiriq ijrosini ta’minlash maqsadida o‘tkazildi. Bunda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa va Xalq ta’limi vazirliklarining qo‘shma qarori imzolangan.  

 Forish tog‘ poligonida Markaziy harbiy okrug qo‘mondonligi, Jizzax viloyati jamoatchilik kengashi vakillari ishtirok etgan jangovar mashqlar  o‘quvchi yoshlarning saf tayyorgarligi ko‘rigi bilan boshlandi. Unda viloyat maktablaridan 200 nafardan  ortiq o‘quvchi qatnashdi.  

 Tadbirda Markaziy harbiy  okrug qo‘shinlar qo‘mondoni Oybek Saidov  va boshqalar  yurtimizda yoshlarni har tomonlama barkamol, vatanparvar qilib voyaga yetkazishda berilayotgan katta e’tibor, bu jarayonda chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlikning o‘rni, xususan,  bugungi mashqlarning ahamiyati katta ekanligini ta’kidlab o‘tdi.  

 Poligonning o‘q otish nuqtasida yuqori sinf o‘quvchilarining jangovar qurollardan o‘q otish mashqlari oldidan  texnika xavfsizligi qoidalari bo‘yicha mashg‘ulot o‘tkazildi. Mashg‘ulotda  avtomat o‘qdonini o‘qlash, nishonni aniq mo‘ljalga olish,  avtomatni noto‘liq qismlarga ajratish va yig‘ish kabi mashqlar  bajarildi. Otish qoidalari va xavfsizlik talablari bo‘yicha berilgan yo‘riqnomalardan keyin yoshlar o‘q otish maydoniga yo‘l oldi.  

 O‘quvchilarning o‘q otar qurolni ishlatishlari  tajribali harbiylar tomonidan nazorat qilib borildi. Har bir o‘quvchi 100 metr uzoqlikda turgan nishonga qarata 3 dona o‘q uzib, maktabda o‘tilgan chaqiriqqa qadar boshlang‘ich tayyorgarlikdan olgan nazariy bilimlarini amalda mustahkamladi.  

 O‘quv mashqi davomida  jangovar texnika va o‘qotar qurol namunalari ko‘rgazmasi ham tashkil etildi. Haqiqiy qurollar bilan tanishuv, ularning jangovar imkoniyatlari va texnik tasnifi haqidagi ma’lumotlar yoshlarda katta qiziqish uyg‘otdi.  

 Mashg‘ulot yakunida, harbiy intizom va mohir merganlik borasida yuqori natija ko‘rsatgan yoshlar okrug qo‘mondonining esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.  

 O‘quvchilar o‘tkazilgan ilk mashg‘ulotda olgan bilim va ko‘nikmalarini  xarbiylar  oshxonasining askarcha  tushlik dasturxoni ustida  muhokama qildi.  

[gallery-2409]

 T.Beknazarov, J.Yorbekov (surat), O‘zA