Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chapdastlik va epchillik namoyishi
12:10 / 2021-11-28

Sariosiyo tumanidagi Bog‘iston mahallasi kengliklarida uloq-ko‘pkari musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Surxondaryo viloyati turizm va sport bosh boshqarmasi, qator tumanlar hokimliklari, Milliy gvardiya huzuridagi Qorabayir otlari mahorat maktabi hamkorligida tashkil etilgan musobaqada Sariosiyo, Denov, Oltinsoy va Uzun  tumanlaridan 150 dan ortiq chavondoz ishtirok etdi.  

Jasurlik, mardlik, epchillik, qat’iyatlilik kabi yuksak fazilatlarni namoyon etgan qadimiy chavandozlik sport o‘yinini mingdan ortiq muhlislar katta qiziqish bilan kuzatib, eng epchil chavondozlarni olqishlab turdi.  

Viloyatda so‘nggi yillarda yilqichilik yangi bosqichda rivojlanib, zotdor otlarni parvarishlashga qiziqish oshib bormoqda. Uloq-ko‘pkari sport o‘yini yanada ommaviylashib, chavondozlar va yosh ishqibozlarning eng suyukli mashg‘ulotlaridan biriga aylanayotir.  

Prezidentimizning joriy yil 5 avgustdagi “Surxondaryo viloyatida qorabayir zotli otlarni yetishtirish va ommalashtirish hamda ot sporti turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori bu boradagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirib, qadimiy bu sport turiga yoshlar intilishini oshirishga xizmat qilmoqda.  

Mazkur hujjatga muvofiq Termiz tumanidagi Yangiobod mahallasida 64,6 gektar hududda Qorabayir otlari mahorat maktabi tashkil etilib, yosh chavondozlarni tarbiyalash, milliy ot sporti musobaqalarini o‘tkazish, Qorabayir zotli otlardan foydalanishni ommalashtirish va milliy ot sportining xalqaro dovrug‘ini dunyoga keng tarannum etish uchun barcha sharoit yaratilmoqda. Moddiy-texnika bazasi mustahkamlanayotir. Tumanlarda Qorabayir zotli otlardan foydalanishga ixtisoslashgan seksiya va ot sporti klublari tashkil etilib, yuqori malakali trenerlar tayyorlashga e’tibor kuchaytirilmoqda. Ot sporti bo‘yicha mahalla, tuman va viloyat musobaqalari o‘tkazilib, eng chapdast chavondozlar munosib rag‘batlantirilayotir.

Qiziqarli bellashuvlarga boy bo‘lgan sport o‘yinida sariosiyolik Nosir chavondoz ot va televizor bilan taqdirlandi. Denovlik Begin chavondoz Sariosiyo tumanidagi “Tumor” laqabli otda tuyani qo‘lga kiritdi. Sariosiyolik Halim chavondoz bir bosh qo‘y va 1 million so‘m pul mukofotiga egalik qildi.  

Musobaqaning boshqa epchil chavondozlari ham uloq-ko‘pkari tashkilotchilari tomonidan munosib rag‘batlantirildi.  

Milliy sport o‘yinida eng ko‘p uloq ayirib, chapdastlik va epchillik ko‘rsatgan sariosiyolik chavandozlar musobaqaning viloyat bosqichiga yo‘llanma oldi.  

Xolmo‘min  MAMATRAYIMOV,

O‘zA