Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatmagan korxonalar ogohlantirildi
17:52 / 2024-01-22

Bugungi kunda ekologik vaziyatlarning tobora yomonlashib borayotgani butun dunyo aholisini tashvishga solmoqda. Xususan, suv tanqisligi, havo haroratining keskin o‘zgarishi hamda atmosferada o‘ta zararli changlarning tarqalishida bevosita korxonalarning ishtiroki yuqori.

Chunki sanoat zonalarining ko‘payishi va ulardan chiqayotgan zaharli moddalar tabiatga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmayapti. Ma’lumki, bunday vaziyatda atmosferaga chiqayotgan zararli moddalarni kamaytirish yo‘lida zarur tadbirlarni amalga oshirish tabiatni muhofaza qilish sohasi vakillarining oldida turgan muhim vazifadir. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrdagi “O‘zbekiston — 2030» strategiyasi to‘g‘risida”gi farmonida Atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish, uning tabiiy tarkibini saqlash bo‘yicha keskin choralar ko‘rish maqsadlari belgilangan. 

Xususan, unda atmosfera havosining tabiiy ifloslanishi yuqori bo‘lgan hududlarni aniqlash va aholini xabardor qilish tizimini sinov tariqasida joriy etish kabi muhim masalalar ko‘zda tutilgan. 

O‘zbekiston Respublikasi “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi qonunning 9-moddasiga asosan 2024 yil 12 yanvar holatiga ko‘ra Toshkent shahrida joylashgan 42 ta korxona tomonidan chora-tadbirlar rejasi taqdim etilgan va atmosfera havosini muhofaza qilish bo‘yicha 75 ta tadbir belgilangan edi.

Shu maqsadda, Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi tomonidan Toshkent shahrining Chilonzor, Sergeli va Yangihayot tumanlarida atmosfera havosining ifloslanish darajasi ortib borayotgani tufayli atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi korxonalar faoliyati yuzasidan ekologik monitoring o‘tkazildi. 

Monitoring davomida Chilonzor tumanida joylashgan atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifasiga mansub 70 ta korxonaga, jumladan, beton, un mahsulotlari, keramika va kafel, mato-gazlama hamda boshqa mahsulotlar ishlab chiqaradigan korxonalarga chang-gaz tozalash uskunalarini o‘rnatish to‘g‘risida ogohlantirish xatlari berildi, deyiladi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi xabarida. 

Shuningdek, Sergeli tumanida atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifasiga mansub 68 ta korxona chang gaz tozalash uskunalari o‘rnatish to‘g‘risida ogohlantirilgan. Qolaversa, Yangihayot tumanida joylashgan atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning I va II toifasiga mansub 22 ta korxonaga chang-gaz tozalash uskunalari o‘rnatish to‘g‘risida ogohlantirish xatlari berilgan. 

Chilonzor, Yangihayot va Sergeli tumanlaridagi korxonalar hududda o‘rganish ishlari o‘tkazilish barobarida ekologik normativ hujjatlarni ishlab chiqish yuzasidan majburiy ko‘rsatmalar berilgan. 

Eslatib o‘tish joizki, 2022 yilda 2460 ta hujjatga ekologik xulosalar berilgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 303 taga ko‘paygan. 

Marhabo Madaminova, O‘zA