French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Challenge Samarkand” dunyoga triatlonning jozibasini ko‘rsatdi
16:21 / 2025-08-26

Qadimiy va hamisha navqiron Samarqand keyingi ikki yilda dunyo triatlonining markazlaridan biriga aylandi.

Jahon bo‘ylab “Challenge Family” tizimida o‘tkaziladigan xalqaro triatlon musobaqalari qatoridan o‘rin olgan “Challenge Samarkand” qisqa vaqt ichida triatlon ishqibozlari, professional sportchilar va havaskorlarning eng qiziqarli musobaqasi darajasiga ko‘tarildi.

Markaziy Osiyoda ilk bor 2023 yilda o‘tkazilgan mazkur xalqaro musobaqa tufayli Samarqand qadimiyligi va zamonaviyligi bilan triatlon rakursida yangicha shakl-shamoyilda jahon sport jamoatchiligining e’tiborini qozondi.

Bu yilgi musobaqalar ikki yil muqaddam ilk bor tashkil etilgan bahslardan ko‘ra, yanada ko‘p ishtirokchilarni jamlashi natijasida Samarqandga, O‘zbekistonga xalqaro sport olami vakillarining qiziqishini oshirdi.

Raqamlarga e’tibor qaratsak, 2023 yil ilk bor tashkil etilgan “Challenge Samarkand”da 30 taga yaqin mamlakatdan 500 nafardan ortiq professional va havaskorlar qatnashgan bo‘lsa, bu yilgi musobaqalar 35 dan ziyod mamlakatning 2 ming 500 nafarga yaqin triatlonchilarini g‘oliblik kurashi yo‘lida birlashtirdi.

Bunday o‘sish dinamikasi triatlon orqali Samarqand salobati nechog‘lik balandligi dunyo ahliga namoyish etildi. Samarqand sabab esa triatlon bilan shug‘ullanayotgan ming-minglab insonlarni bir maqsad atrofiga jam etdi.

Aytish lozimki, mazkur xalqaro turnir tashkilotchilari boshidanoq jahon va qit’a chempionatlarida katta tajribaga ega sportchilar va endi triatlon bilan shug‘ullanishni boshlagan sportchilarni bir maydonda birlashtirishni maqsad qilgan edi.

–Bu shunchaki poyga emas, qadimiylikka, o‘tmish va zamonaviylik uyg‘unlashgan maskanlarga sayohat. Biz Samarqand go‘zalligi bilan chulg‘angan holda velopoygalarda qatnashdik, suzish va yugurish yo‘laklarida triatlonning jozibasi bilan o‘rtoqlashdik, – deydi Germaniyadan kelgan ishtirokchilardan biri.

Triatlon bahslarida AQSH, Buyuk Britaniya, Germaniya, Fransiya, Italiya, Shveysariya, Rossiya, Qozog‘iston, Xitoy, Singapur, Avstraliya, Yangi Zelandiya singari davlatlarning professional va havaskor sportchilari o‘rta masofaga 1,9 kilometr suzish, 86 kilometr velosiped poygasi, 21,5 kilometr yugurish bellashuvlarida kuch sinashdi.

Samarqandning zamonaviy xiyobonlari va tarixiy durdonalardan o‘tuvchi musobaqa tarixiy maskanlarni qamrab olgani bilan ishtirokchilarda o‘ziga xos taassurotlar uyg‘otdi.

Ishtirokchilar “Silk Road Samarkand” xalqaro turizm markazi hududi, eshkak eshish kanali, shuningdek, “Boqiy shahar” majmusi va Samarqandning tarixiy maskanlari bo‘ylab belgilangan masofalarni bosib o‘tdi.

Natijalarga ko‘ra, professional sportchilar bahsida erkaklar o‘rtasida Buyuk Britaniya sportchilari Vill Draper hamda Maks Stapley marraga birinchi bo‘lib yetib keldi. Uchinchi o‘rinni serbiyalik Ognen Stoyanovich egalladi. 

Ayollar bahsida ispaniyalik Sara Perez Sala g‘olib bo‘ldi. Keyingi o‘rinlar avstriyalik Amelia Vatkinson va shvetsiyalik Anna Bergstenga nasib etdi.

Musobaqalar unutib bo‘lmas muhitni vujudga keltirdi. Poygalar nafaqat sport bahsi, ishtirokchilar, tomoshabinlarga chinakam salomatlik va sport bayrami kayfiyatini ulashdi.

Turnir davomida bolalar poygalari, ayollar uchun yugurish, sport o‘yinlari, chempionlardan avtograf kabi qiziqarli tadbirlar uyushtirilgani musobaqaga yangicha ruhiyat bag‘ishladi.

–Men har bir metrda o‘zbekistonlik ishqibozlarning qo‘llab-quvvatlashini his qilib turdim. Bu mo‘’jaz maskanda o‘tkazilgan uchrashuv va suhbatlar sport va madaniyatlarni vobasta etadi, – dedi turnir g‘olibi Vill Draper 

Ta’kidlanganidek, musobaqalar davomida professional sportchilar xalqaro reyting uchun munosib ballarni jamg‘argan bo‘lsa, havaskorlarda musobaqa ko‘nikmasi ortdi.

To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA