Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Chag‘atoy KOCHAR: Konstitutsiyaga o‘zgarish kiritish - davr talabi
15:33 / 2022-06-29

Norasmiy manbalarga ko‘ra, Turkiyada 50 ming atrofida o‘zbek millatiga mansub vatandoshlarimiz istiqomat qiladi.

Ularning aksariyati o‘tgan asr 20-30-yillarida O‘zbekistondan chiqib, Afg‘oniston, Pokiston, Saudiya Arabistoni orqali 50-yillar boshidan Turkiyada o‘rnashib qolganlar.

Ota-bobosi marg‘ilonlik, o‘zi Kobulda tug‘ilgan Chag‘atoy Kochar shu toifa o‘zbeklardan. Kasbi jurnalist, mahalliy matbuotda, xalqaro “Ozodlik” radiosining o‘zbek bo‘limida 21 yil mehnat qilgan. Hozir Adanada yashaydi.

- Ota yurtimda sodir bo‘layotgan voqealarni diqqat bilan kuzatib boraman. O‘zbekiston Konstitutsiyasiga o‘zgarish va tuzatish kiritilayotganidan ham xabarim bor, - deya, keksa jurnalist Chag‘atoy Kochar suhbatimizni mamlakatimizda boshlangan qomusiy islohotlarni Turkiya Konstitutsiyasi bilan qiyoslab davom ettirdi.

Turkiyaning amaldagi Konstitutsiyasi 1980 yil 12 sentyabrdagi harbiy to‘ntarishdan keyin ikki yil o‘tib qabul qilingan. 40 yil davomida Asosiy qomusga 21 marta o‘zgarish kiritilgan. O‘sha davrdagi harbiy ma’muriyat topshirig‘i bilan konstitutsiyaviy kengash tomonidan ishlab chiqilgan dastlabki matn, turklarning o‘z tili bilan aytganda, harbiy Konstitutsiya edi.

Qolaversa, Turkiya 1959 yil Yevropa Ittifoqiga kirish uchun ariza topshirgan, to‘rt yil o‘tib hukumat YeI bilan hamkorlik shartnomasini imzolagan. Bu hujjatda Anqara Yevropa uyiga kirish uchun bajarishi shart bo‘lgan vazifalar belgilab qo‘yilgan. O‘sha hujjat haliyam kuchini yo‘qotmagan, chunki barcha shartlar bajarilmagunicha Turkiya tomoni tegishli bandlarga amal qilishi lozim.

1999 yil 10-11 dekabr kunlari Xelsinkida o‘tgan YeIga a’zo davlatlar va hukumatlar rahbarlari sammiti Turkiya uchun tarixiy ahamiyatga ega qaror qabul qiladi: Turkiyaga YeI a’zoligiga nomzod maqomi beriladi.

Oradan olti yil o‘tib, ya’ni 2005 yil oktyabr oyida YeI bilan rasmiy muzokara boshlanadi. Tortishuv haliyam qizg‘in davom etyapti. Oradan shuncha yil o‘tganiga qaramay, Turkiya YeIga kirish niyatidan qaytmagan.

Turkiya Konstitutsiyasiga 1995 va 2001 yillarda ancha muhim tuzatish va o‘zgarishlar kiritilgan. Eng avvalo, qomusning inson huquqi va erkinligi haqidagi bandlari Inson huquqlari to‘g‘risidagi Yevropa konvensiyasiga moslashtirilgan.

2014 yilgacha Turkiyada prezident parlament sessiyasi yoki yig‘ilishida saylanar edi. Yopiq ovoz berish yo‘li bilan davlat rahbari tanlab olinardi. Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarish tufayli prezidet xalq tomonidan, ya’ni rosmana saylov natijasida saylanadigan bo‘ldi.

Konstitutsiyaviy islohot qanday vaziyatda amalga oshiriladi, degan savolimizga turkiyalik jurnalist quyidagicha javob qaytardi:

- Asosiy hujjatni o‘zgartirish yoki tuzatish aksariyat hollarda davlat va jamiyatni modernizatsiya qilish yoxud siyosiy, iqtisodiy yoki ijtimoiy inqirozga yo‘l qo‘ymaslik, salbiy harakatlar oqibatini bartaraf etish doirasida amalga oshiriladi.

Turkiya misolida aytib o‘tganimdek, Konstitutsiyaga o‘zgarish kiritib turilishini ijobiy baholayman. Buni boshqa davlatlar misolida ham ko‘rish mumkin. Ya’ni, aytmoqchimanki, O‘zbekistonning qomusiy islohot o‘tkazish niyati g‘ayridemokratik amallar sirasiga kirmaydi.

Mening kuzatuvlarimdan chiqadigan xulosa shu: mamlakat Konstitutsiyasiga o‘zgarish va tuzatish kiritish bo‘yicha amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar muhim va ahamiyatli. Har bir ish o‘z vaqtida bajarilgani afzal.

O‘zA sharhlovchisi

Abror G‘ulomov suhbatlashdi.