Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
CAVA kubogi O‘zbekiston voleybolining mundarijasini belgilab berdi
11:47 / 2025-06-17

Poytaxtimizdagi “Jar” sport-sog‘lomlashtirish majmuasida yetti kun mobaynida U-16 va U-19 yosh toifalarida o‘tgan Markaziy Osiyo voleybol assotsiatsiyasi (CAVA) kubogi musobaqalari muxlisu mutaxassislarga bir olam taassurotlarni taqdim etdi.

Ushbu musobaqalar mamlakatimizning har ikki yosh toifasidagi terma jamoalarimiz uchun qanday imkoniyatlar berdi?  

Avvalo ta’kidlash lozimki, mamlakatimiz voleybol klublarida faoliyat olib borayotgan, bevosita terma jamoalarda mehnat qilayotgan mutaxassislar, murabbiylar, alohida sportchilarimizni kichik imtihondan o‘tkazgan CAVA kubogi O‘zbekiston voleybolining mundarijasini belgilab bergani bilan e’tiborli musobaqa sifatida yodda qolmoqda.  

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2024 yilning 19 iyulida imzolangan “Voleybol sport turlarini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib aytadigan bo‘lsak, CAVA kubogining O‘zbekistonda tashkil etilgani o‘ziga xos voqelik sifatida talqin etishga loyiq.  

[gallery-23925]

Qolaversa, kuni kecha poyoniga yetgan musobaqalar joriy yilning 24 iyul-3 avgust kunlari mamlakatimizda voleybol bo‘yicha U-19 yosh toifasida o‘tadigan jahon chempionatiga tayyorgarlikning muhim bosqichi vazifasini o‘tadi.  

Bevosita U-16 va U-19 yosh toifalari o‘rtasida o‘tkazilgan Markaziy Osiyo voleybol assotsiatsiyasi (CAVA) kubogi musobaqalariga to‘xtaladigan bo‘lsak, bu yilgi o‘yinlarda Eron, Hindiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston va O‘zbekiston vakillari kuch sinashdi. Har ikki yosh toifasida O‘zbekistonning ikkitadan jamoa bilan (U-16 va U-19) ishtirok etgani murabbiylar uchun ham, sportchilar uchun ham katta tanlovni amalga oshirish, texnik-taktik vazifalarni belgilab olish imkonini yaratdi.  

Har ikki yosh toifasida Eron terma jamoalari 1-o‘rinlarni egallagan vaziyatda, U-16 yosh toifasida 2 va 3-o‘rinlar Qozog‘iston hamda O‘zbekiston terma jamoalariga nasib etdi. U-19 yosh toifasida esa sovrinli o‘rinlarga O‘zbekiston va Hindiston voleybolchilari egalik qildi.  

– CAVA kubogi bahslari har jihatdan ko‘tarinki ruhda o‘tdi. Ushbu musobaqalarning aynan yurtimizda tashkil etilgani voleybol mutaxassislari uchun o‘z bilim va ish tajribasini boyitib olish uchun katta qulayliklarni taqdim etdi. Har bir o‘yinni kuzatib bordik. Kerakli xulosalarni chiqardik. Eng asosiysi, murabbiylarning ishlash taktikasini nazardan o‘tkazdik. O‘yinchilarning xato va yutuqlari ko‘zga yaqqol tashlandi. CAVA kubogi O‘zbekiston voleybolining mundarijasini, kelgusidagi birlamchi ishlarimiz nimalardan iborat bo‘lishini belgilab berdi, – deydi O‘zbekiston voleybol federatsiyasi raisining o‘rinbosari Jamshid Fayziyev.  

Musobaqalar yakuniga ko‘ra, bir guruh voleybolchilar, xususan, yurtimiz vakillari musobaqaning turli nominatsiyalarida sovrindorlikni qo‘lga kiritdi. Bahslarni boshqarib borishda xorijlik hakamlar qatorida o‘zbekistonlik voleybol mutaxassislari ham ishtirok etdi.  

CAVA kubogi g‘olib va sovrindorlarini taqdirlash marosimlarida Markaziy Osiyo voleybol assotsiatsiyasi , O‘zbekiston voleybol federatsiyasi , Sport vazirligi mutasaddilari ishtirok etdi.  

T.Ro‘ziyev,  

A.Mamadaminov(foto), O‘zA