Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
CAREC dasturiga a’zo davlatlar tahlil markazlarining xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi
11:17 / 2022-09-23

Avval xabar qilganimizdek, 15-16 sentyabr kunlari Boku shahrida Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik instituti (CAREC) tomonidan “Inklyuziv va barqaror iqtisodiyotlar uchun o‘sish dinamikasini qayta tiklash” mavzusida (CAREC) Dasturiga a’zo davlatlar tahlil markazlarining 6-forumi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur xalqaro forumda Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik instituti, Osiyo taraqqiyot banki, Xalqaro valyuta fondi, Jahon banki, BMTning taraqqiyot dasturi, mazkur tashkilotning Osiyo va Tinch okeani mintaqasi uchun iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi va boshqa xalqaro tashkilotlar, shuningdek, Ozarbayjon, Xitoy, Pokiston, Mo‘g‘uliston, Filippin, Turkiya, Yaponiya, Tailand, Tojikiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Gruziya, Turkmaniston va O‘zbekistonda faoliyat yuritayotgan aql markazlari vakillaridan iborat 100 dan ziyod ekspert hamda OAV vakillari ishtirok etdi.



Forumda “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov o‘z ma’ruzasi bilan qatnashdi. U yig‘ilganlarga barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish bo‘yicha O‘zbekistonda amalga oshirilgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar va erishilgan natijalar haqida ma’lumot berdi.

Jumladan, E.Tulyakov O‘zbekistonda kambag‘allikni qisqartirish davlat siyosatining asosiy maqsadlaridan biri ekanligi, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasiga muvofiq, 2030 yilga borib aholi jon boshiga daromadlarni ikki baravar oshirish hisobiga «daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar» qatoriga kirish maqsadi qo‘yilganini ta’kidladi.

Shu bilan birga, aholini manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2020 yildan boshlab yordamga muhtoj oilalarning “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari” shakllantirilganligi, “2021-2030 yillarda aholini ijtimoiy himoya qilish milliy strategiyasi konsepsiyasi” ham tasdiqlanganligi e’tirof etildi.

Shu o‘rinda ta’kidlab o‘tish joizki, 2019 yilda O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini rivojlantirishning 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan strategiyasi” doirasida oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash borasida olib borilayotgan chora-tadbirlar natijasida oziq-ovqat xavfsizligi global indeksida O‘zbekiston 2019 yilda 9 pog‘ona yuqorilab, 80-o‘rindan 71-o‘ringa ko‘tarildi.

Shuningdek, “Taraqqiyot strategiyasi” markazi ijrochi direktori o‘z ma’ruzasida sog‘liqni saqlash hamda ta’lim sohalarida ham amalga oshirilayotgan ishlar ko‘lamiga, jumladan, O‘zbekiston hukumati tomonidan ayni paytda xalqaro hamkorlar bilan yangi va samarali dasturlar ishlab chiqilayotgani, unda 2030 yilgacha bolalar o‘limini 50 foiz, onalar o‘limini 30 foiz va yuqumli bo‘lmagan kasalliklar o‘limini 30 foizga qisqartirish maqsad qilinganligi, O‘zbekistonda maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish ko‘rsatkichi 67 foiz, oliy ta’lim bilan qamrab olish darajasi esa 28 foizga yetganligiga to‘xtalib o‘tdi.

Forum doirasida Markaz rahbari tomonidan Ozarbayjon Respublikasida faoliyat yuritayotgan 10 dan ortiq OAV vakillari, jumladan, mahalliy telekanal va internet nashrlari uchun intervyular berildi.

Ularda O‘zbekiston va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlarning bugungi darajasi va rivojlanish dinamikasi, Ozarbayjon va O‘zbekiston o‘rtasida imzolangan strategik sheriklikni chuqurlashtirish to‘g‘risidagi deklaratsiya, ushbu hujjatning amalga oshirilishi ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikka qanday ta’sir ko‘rsatishi yuzasidan fikr-mulohazalar bildirildi.

Shuningdek, 15-16 sentyabr kunlari O‘zbekistonning Samarqand shahrida o‘tkazilgan SHHTning 22-sammiti va uning ahamiyati haqida OAV vakillariga batafsil ma’lumot berilib, sammitda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyevning ishtirok etishi ikki tomonlama munosabatlarning yanada mustahkamlanishiga turtki bo‘lishi alohida e’tirof etildi.



“Taraqqiyot strategiyasi” markazi

Axborot xizmati