Yaqinda Xitoyning Urumchi shahrida Markaziy Osiyo mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi (CAREC) doirasida tahlil markazlari mutaxassislarining 9-forumi bo‘lib o‘tdi.
Unda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Makroiqtisodiy va hududiy tadqiqotlar instituti xodimlari ham ishtirok etdi.
Ma’lumki, CAREC dasturi 1997 yilda Osiyo taraqqiyot banki tomonidan tashkil etilgan bo‘lib, mintaqaviy iqtisodiy hamkorlikni rivojlantirishga qaratilgan. Unda O‘zbekiston, Afg‘oniston, Ozarbayjon, Xitoy, Gruziya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Mo‘g‘uliston, Pokiston, Tojikiston va Turkmaniston ishtirok etadi. Mazkur tashabbus doirasida tashkil etilgan forumning asosiy maqsadi mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, “yashil” iqtisodiyot va innovatsion moliyalashtirish mexanizmlarini rivojlantirish bo‘yicha tajriba almashishga qaratildi.

MHTI yetakchi mutaxassisi Nodira Jabborova forumda faol ishtirok etib, CAREC tahlil markazlari tarmog‘ini (CTTN) rivojlantirish bo‘yicha yangi tashabbuslarni taqdim etdi.
–Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi hamkorlik faqat iqtisodiy ko‘rsatkichlarni yaxshilash bilan cheklanmasligi kerak. Biz innovatsiya va “yashil moliya” mexanizmlarini keng joriy etish natijasida barqaror va ekologik jihatdan toza rivojlanishni ta’minlashimiz lozim. CTTN tarmog‘i bu yo‘lda muhim platforma bo‘lib xizmat qiladi va a’zo davlatlar o‘rtasida tajriba almashish imkoniyatini kengaytiradi, – dedi u.
Tashkil etilgan sessiyalarda innovatsion moliyalashtirish modellari, “yashil bank” tashabbuslari, barqaror kreditlash tajribalari hamda iqlim moliyasi kabi masalalar atroflicha muhokama qilindi.

Tadbir yakunida hamkorlikni kengaytirish, yangi moliyaviy mexanizmlar va ekologik jihatdan barqaror loyihalarni qo‘llab-quvvatlash yo‘lida qator tavsiyalar va takliflar ishlab chiqildi.
Shuningdek, forum doirasida Urumchi shahrida Tyan-Shan Markaziy Osiyo iqtisodiy hamkorlik forumi ham o‘tkazildi. U mintaqaviy iqtisodiy integratsiya, transport, savdo va investitsiya sohalarida aloqalarni rivojlantirishga bag‘ishlandi.
Bundan tashqari, Markaziy Osiyo moliyaviy hamkorlik tadqiqot markazining ochilishi ham muhim voqealardan biri bo‘ldi. Mutaxassislarning fikricha, yangi markaz a’zo davlatlar o‘rtasida moliyaviy hamkorlikni kengaytirish va mintaqaviy investitsiya muhitini takomillashtirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA