Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Cara kurashchilar Namanganda bahslashadi
20:44 / 2025-05-30

Yangi Namangan tumanidagi muhtasham “Pahlavon” sport majmuasida erkin va yunon-rum kurash turlari bo‘yicha kattalar o‘rtasida “O’zbek botirlari” ikkinchi xalqaro gran-pri sport musobaqasi o‘tkazilmoqda.

Namangan viloyati hokimligi, respublika Sport vazirligi, O‘zbekiston sport kurashlari assotsiatsiyasi hamkorligida uyushtirilgan mazkur nufuzli musobaqada mamlakatimizning barcha hududlari, shuningdek, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston, Tojikiston, Rossiya Federatsiyasi, Ozarbayjon, Gruziya, Belarus va Turkiya davlatlaridan tashrif buyurgan 300 dan ziyod yakkakurash ustalari 60 kilogrammdan +130 kilogrammgacha bo‘lgan 12 ta vazn toifasida tatamiga chiqadi. Turnirning ilk kunida yunon-rum kurashida bahslarga kirishildi.

So‘nggi yillarda Namanganda sport infratuzilmasini rivojlantirish borasidagi amaliy sa’y-harakatlar yuqori maqomdagi turnirlarni ham ko‘tarinki ruhda o‘tkazish imkoniyatini berdi. O‘tgan yili ilk bor tashkil etilgan mazkur musobaqada o‘nga yaqin davlatlardan yuzlab mahoratli sportchilar hamda yigirmaga yaqin xalqaro toifadagi hakamlar jalb etildi.

Ushbu xalqaro musobaqa sportchilarimiz uchun 2028 yilda AQSHning Los-Anjeles shahrida bo‘ladigan yozgi Olimpiya o‘yinlariga o‘ziga xos tayyorgarlik vazifasini o‘taydi. Qolaversa, MDH mamlakatlarining mohir kurashchilari bilan tajriba o‘rganishda ham muhim ahamiyatga ega.

Muhtasham sport koshonaga faxriy mehmonlar qatorida Osiyo va jahon chempmionlari, Osiyo hamda yozgi Olimpiya o‘yinlari sovrindorlari Ixtiyor Navro‘zov, Rustam Assakalov, Umidjon Ismonov kabi mamlakatimizning nomdor sportchilarni qarsaklar bilan olqishlandi.

– O‘zbekistonga ikkinchi bor kelishim. Bundan avval Toshkentda terma jamoamiz safida xalqaro yig‘inni o‘tkazgan edik. Endilikda gullar shahri Namanganga ham sport musobaqasi, ham Xalqaro gullar festivalini ko‘rgani keldik, – deydi Qirg‘iz Respublikasining Bishkek shahri jamoasi vakili, sport ustasi Talaviybek uli Aftandil. – Gran-pri turnirlari boshqa musobaqalardan farqli o‘laroq asosan professionallarni tatamiga chorlaydi. Shu jihatdan ham biz sportchilarni toblaydi. Kuchsiz raqibning o‘zi yo‘q bo‘lgan musobaqani 67 kilo vazn toifasida o‘zbekistonlik sportchi ustidan yirik hisobdagi g‘alaba bilan boshladim. Nasib etsa, Gran-prida g‘oiblikni qo‘lga kiritish uchun astoydil kurashaman.

Uch kunlik musobaqani erkin kurash bo‘yicha ishtirokchilar davom ettirishadi. Xalqaro turnirda g‘olib va sovrinli o‘rinlar sohiblari pul mukofotlari hamda qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlanadi.

Oqilxon Dadaboyev, O‘zA