Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Camarqand viloyati xabarlari – qisqa satrlarda
10:37 / 2026-01-21

Mo‘g‘ulistonning Ulan-Bator shahri gubernatori Xishge Nyambaatar boshchiligidagi delegatsiya viloyatda bo‘lib, tarixiy-madaniy yodgorliklar va diqqatga sazovor joylar bilan tanishdi.

Shuningbek, Ulan-Bator shahri gubernatori viloyat mas’ullari bilan uchrashib, savdo-iqtisodiy hamkorlik masalalarini muhokama qildi.  

***

Xitoy Xalq Respublikasining "CIIC International Education Technology (Beijing) Co., Ltd." kompaniyasi vakillari Bulung‘ur tumanidagi 1-son texnikum faoliyati bilan tanishdi.  

Shu yerda viloyat oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar boshqarmasi rahbarlari bilan uchrashuvda kasbiy ta’lim sohasida hamkorlikni yo‘lga qo‘yish yuzasidan fikr almashildi. Hamkorlik doirasida raqamli o‘quv resurslarini yaratish, pedagog va o‘quvchilar uchun onlayn hamda oflayn formatdagi treninglar tashkil etish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.  

***

O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi viloyati kengashi va O‘zbekiston faxriylari ijtimoiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlash “Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi o‘rtasida 2026 yilga mo‘ljallangan hamkorlik memorandumi imzolandi.  

“Nuroniy” jamg‘armasi viloyat bo‘limi raisi Shuhrat Negmatovning qayd etishicha, mazkur memorandumning imzolanishi viloyatimizdagi keksalar va mehnat faxriylarini kasaba uyushmalari bilan birgalikda ma’naviy va moddiy qo‘llab-quvvatlash, mehnat faxriylari, nuroniylar ishtirokida uch avlod uchrashuvlari, davra suhbatlari, madaniy, ma’naviy va sport tadbirlari o‘tkazishga xizmat qiladi.  

***

Davlatimiz rahbarining  2024 yil 4 yanvardagi farmoniga ko‘ra, sanitar tozalash korxonalarining chiqindilarni yuklash, tashish, joylashtirish va saralash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ishchilari hamda obodonlashtirish boshqarmalarining tozalash ishlari bilan shug‘ullanuvchi ishchilarini rag‘batlantirish maqsadida “Tabiat himoyachisi” tanlovini o‘tkazish belgilangan.

Tanlovda mazkur sohada eng uzoq (kamida 10 yil) va sadoqat bilan xizmat ko‘rsatgan xodimlar aniqlanib, ularning davlat oliy ta’lim muassasalariga to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga kirgan farzandlari yoki nabiralariga to‘lov-shartnoma summasi to‘liq miqdori Ekologiya jamg‘armasi hisobidan to‘lab beriladi.

O‘tgan yil yakuni bo‘yicha Paxtachi tumanida “Toza hudud” korxonasining 2 nafar ishchi-xodimi farzandlarining qariyb 21 million so‘mlik kontrakt to‘lovlari to‘lab berildi.

***

Toyloq tuman ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi bo‘limi davlat inspektorlari tomonidan o‘tkazilgan kuzatuv reyd tadbirlari davomida O‘ray Elipok  mahallasi hududida Urgut tumanida yashovchi fuqaro O.U. noqonuniy tarzda 5 tup tol va 5 tup oq akatsiya daraxtini noqonuniy kesib olganligi aniqlandi.

Holat yuzasidan fuqaroga nisbatan ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, o‘simlik dunyosiga yetkazgan zarar uchun 182 million 692 ming so‘m hisoblandi va tegishli hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga taqdim etildi.

G‘.HASANOV, O‘zA muxbiri