Bugun poytaxtimizdagi “Anhor-Lokomotiv” istirohat bog‘ida “To‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari” o‘n uchinchi Markaziy Osiyo xalqaro ko‘rgazmasi o‘z ishini boshladi.
“Iteca Exhibitions”, “ICA Eurasia” xalqaro ko‘rgazma kompaniyalari tomonidan va O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi hamda Savdo-sanoat palatasining rasmiy ko‘magida tashkil etilgan ko‘rgazma ochilishida mahalliy va xorijlik ishlab chiqaruvchilar, mas’ullar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.
Unda «O‘zto‘qimachiliksanoat» uyushmasi raisi Ilhom Haydarov, Turkiyaning mamlakatimizdagi Favqulodda va muxtor elchisi Olgan Bekar, Ispaniyaning sanoat ishlab chiqaruvchilari uyushmasi direktori Alexandro Gallego va boshqalar ushbu ko‘rgazma to‘qimachilik, trikotaj, tikuvchilik ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalarning zamonaviy texnologik ishlanmalari va namunalari bilan yaqindan tanishtirishga xizmat qilishini qayd etdi.
Ta’kidlanganidek, mazkur ko‘rgazmada dunyoning 12 mamlakatidan yuzta kompaniya o‘z imkoniyatlarini namoyish etmoqda. Ular orasida Avstriya, Germaniya, Hindiston, Ispaniya, Italiya, Qozog‘iston, Xitoy, Rossiya, Turkiya, AQSH, Shveysariya kabi davlatlardan ishlab chiqaruvchilar bor. Ishtirokchilarning 78 foizi xorijiy, 22 foizi esa mahalliy ishlab chiqaruvchilardir.
Ko‘rgazmada ishtirok etish uchun Turkiya davlatidan 44 kompaniya vakillari kelgan. Ular zamonaviy trikotaj va quritish mashinalari, pardozlash, bo‘yash, brakka chiqarish va laboratoriya uskunalari, matolarni uzluksiz yuvish uchun dastgohlar, to‘qimachilik qozonlari va gorelkalar, shuningdek, nazorat-o‘lchov texnikasi, kompressorlar, gidravlik qurilmalar va boshqa ko‘plab mahsulotlarni taqdim etyapti.
[gallery-4172]
Turkiyaning “Myd Group Corp” kompaniyasi ham ko‘rgazma ishtirokchisi. Kompaniyaning eksport bo‘yicha menejeri Tolunay Yildizning aytishicha, O‘zbekiston bozori va tashkil etiladigan bunday tadbirlar kompaniya faoliyati uchun foydalidir.
– Biz yurtingizda o‘tkaziladigan ko‘rgazmalarda bir necha bor qatnashganmiz, – dedi u. – Bu safar ham birinchilardan ro‘yxatga yozilgan edik. Kompaniyamiz buyoqlarga qo‘shiladigan kimyoviy mahsulotlar ishlab chiqaradi. Bizning O‘zbekistonda ham hamkorlarimiz bor. Shu sababli, biz uchun yurtingiz bozoridan xaridorlar topish yanada samarali. Qolaversa, bu yerda o‘z ofisimizni ochish niyatidamiz.
Shuningdek, ko‘rgazmada ilk bor Ispaniya kompaniyalari qatnashmoqda. Unda mazkur davlatning yettita kompaniyasi Ispaniyaning sanoat ishlab chiqaruvchilari uyushmasi – AMEC boshchiligidagi xom ip va xalqasimon kalava g‘altaklari, bosma va chiyratish mashinalari, dastgoh uskunalarini va pardozlash uskunalarini taqdim etmoqda.
– Ispaniya kompaniyalari O‘zbekistonda ilk marotaba mahsulotlarini namoyish etmoqda. O‘ylaymanki, bu ko‘rgazma ikki mamlakatning to‘qimachilik uskunalari va texnologiyalari sohasi vakillari o‘rtasida hamkorliklarni yanada mustahkamlaydi, –dedi Ispaniyaning sanoat ishlab chiqaruvchilari uyushmasi direktori Alexandro Gallego.
Ko‘rgazma pavilonidan boshqa xorijiy ishtirokchilar qatorida Xitoyning to‘qimachilik kompaniyalari mahsulotlari ham o‘rin olgan. Masalan, mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari bilan 10 yildan buyon hamkorlik qilib kelayotgan “Jack China No. 1” kompaniyasi ulardan biri.
– Kompaniyamiz boshqa davlatlar qatorida O‘zbekiston bilan samarali hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Biz bu galgi ko‘rgazmada zamonaviy tikuv mashinalarini taqdim etdik. Ayni damda ishtirokchilar mahsulotlarimizga katta qiziqish bildiryapti, –dedi ushbu kompaniyaning sotuv ishlari menejeri Fiona Chjay.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA