“CAFA U-15 championship”: Yosh futbolchilarimiz guruhda peshqadam
Xabaringiz bor, poytaxtimizda 15 yoshli o‘smirlar o‘rtasida “CAFA U-15 championship” xalqaro turniri davom etmoqda.
Xabaringiz bor, poytaxtimizda 15 yoshli o‘smirlar o‘rtasida “CAFA U-15 championship” xalqaro turniri davom etmoqda.
O‘zbekiston, Eron, Turkmaniston, Afg‘oniston, Qirg‘iziston va Tojikiston termalari g‘oliblik uchun o‘zaro kuch sinashayotgan turnirning uchinchi tur o‘yinlari ham ortda qoldi.
Kecha bo‘lib o‘tgan uchrashuvlardan so‘ng guruhda hamon O‘zbekiston va Eron termalari peshqadamlik qilishmoqda.
Azamat Abduraimov ustozligidagi o‘smirlarimiz kecha Qirg‘iziston termasiga qarshi bahs olib borishdi. Toshkent Temiryo‘llari muhandislik instituti maydonida bo‘lib o‘tgan o‘yinda hamyurtlarimiz raqiblarini 2:0 hisobida mag‘lub etishdi. To‘plarning har ikkalasiga Oblayorbek Rahmatov mualliflik qildi. Bosh sovringa da’vogarlardan yana biri Eron termasi ham g‘olibona yurishini davom ettirib, Afg‘oniston termasini kichik hisobda yengishning uddasidan chiqdi.
Shu tariqa O‘zbekiston va Eron termalari 9 tadan ochko to‘plagan holda guruhda yetakchilik qilishmoqda. Faqat to‘plar nisbatiga ko‘ra yurtdoshlarimiz turnir jadvalining birinchi pog‘onasiga chiqib oldilar.
3-turda qayd etilgan natijalar:
26-iyul
O‘zbekiston – Qirg‘iziston – 2:0
Eron – Afg‘oniston – 1:0
Tojikiston – Turkmaniston – 2:0
Nafaqat 4-turning, balki musobaqaning hal qiluvchi o‘yini 28-iyul kuni “Milliy” stadionda tashkil etiladi. Unda guruh yetakchilari O‘zbekiston va Eron termalari o‘zaro kuch sinashadi. Aynan shu uchrashuv turnir g‘olibi nomini aniqlab berish jihatidan ham ahamiyatlidir.