Bugun, 8 sentyabr kuni futbol bo‘yicha "CAFA Nations Cup" turnirining so‘nggi hal qiluvchi final uchrashuvi bo‘lib o‘tadi. Unda O‘zbekiston milliy terma jamoasi va Eron termasi bilan raqobatlashadi.

Mazkur uchrashuv poytaxtimizdagi “Olimpiya” stadionida mahalliy vaqt bilan soat 19:30da boshlanadi.

Shuni ta’kidlab o‘tish lozimki, O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasining taklifiga binoan, FIFA prezidenti Janni Infantino yurtimizga tashrif buyurdi. Tashrif doirasida u O‘zbekistonda futbolni yanada rivojlantirishga qaratilgan loyihalarni muhokama qilish, Milliy futbol markazi bilan yaqindan tanishish hamda “CAFA Nations Cup – 2025” musobaqasining final uchrashuvini stadiondan tomosha qilishni rejalashtirgan.
FIFA delegatsiyasini Toshkent xalqaro aeroportida O‘zbekiston Respublikasi sport vaziri Adham Ikromov, Osiyo olimpiya kengashi vitse-prezidenti, MOQ raisining birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov, O‘FA birinchi vitse-prezidenti Ravshan Ermatov hamda boshqa rasmiylar kutib olishdi.

Ma’lumot o‘rnida: "CAFA Nations Cup" turnirining uchinchi o‘rin uchun kechadigan bellashuvida Hindiston hamda O‘mon terma jamoalari o‘zaro raqobatlashadi. Ushbu bahsga Tojikiston davlati mezbonlik qiladi.
J.Toshxo‘jayev,
O‘zA