Markaziy Osiyo mamlakatlari va AQSH yetakchilarining C5+1 formatidagi sammiti doirasida Qishloq xo‘jaligi vaziri Ibrohim Abdurahmonov “John Deere” kompaniyasi vakillari bilan uchrashdi.
Muloqot davomida kompaniyaning O‘zbekistondagi investitsiya faoliyati, qishloq xo‘jaligi texnikasini mahalliylashtirish, sohaga yangilangan texnologiya joriy etish va qo‘shma ishlab chiqarish loyihalari ko‘lamini kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar agrotexnika sohasiga sarmoya miqdorini oshirish, mahalliy korxonalar bilan kooperatsiyani chuqurlashtirish va hamkorlikda yangi loyihalar amalga oshirishga kelishib oldilar. Shuningdek, raqamli yechim, “aqlli texnika” ko‘magida samaradorlikni oshirish imkoniyati tahlil qilindi.
Uchrashuv yakuni bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi va “John Deere” kompaniyasi o‘rtasida hamkorlik Memorandumi imzolandi.
–Prezidentimizning AQSHga ushbu tashrifi qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarishini rivojlantirish uchun ham ulkan istiqbol ochadi, – dedi vazir I.Abdurahmonov. – Ma’lumki, Qo‘shma Shtatlar fermer xo‘jaliklari, xususiy biznes, shuningdek, mexanizatsiya, fan va innovatsiyani rivojlantirishda ulkan tajribaga ega. Shundan kelib chiqib, biz mexanizatsiya sohasidagi ko‘plab hamkorlar bilan uchrashdik. Fermerlarimiz yurtimizda bir necha yildan beri ishlab kelayotgan “John Deere” kompaniyasi mexanizatsiya vositalari, traktorlari va uskunalarini juda qadrlaydi. Shu bois, hamkorlar bilan kelishuv asosida, diyorimizda qishloq xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish maqsadida fermerlarga arzon narxdagi bitimlar tuzish imkoni taqdim etildi, sun’iy intellekt faoliyatiga asoslangan yangi uskunalar taklif qilindi.
Hamkorlarimiz bizga haydovchisiz boshqariladigan texnika vositalari, avtomatlashtirilgan uskunalar va boshqa qurilmalardan iborat keng qamrovli to‘plam haqida ma’lumot berdi.
Yana bir yo‘nalish – Valmin kompaniyasi bilan suvni tejash. Bu borada yaylovda, dashtda turli xil ustki tuzilmalar o‘stirish, xususan chorvachilikda foydalanish uchun sug‘orish uskunalari yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishdik. Hozir, sug‘orish uskunalari bo‘lmasa-da, ozuqa ekinlariga talab yuqori. Shuning uchun suvni tejaydigan texnologiyalarning yangi avlodini import qilishga kelishib oldik.
Masalan, bizda ozuqa ekinlari yo‘q. Shuning uchun Shimoliy Karolina universitetidan chorvachilik uchun juda foydali ozuqa ekinlari yetishtirish bo‘yicha maslahatchi-agronom yolladik.
Ta’lim sohasida ham yaqindan ishlayapmiz. Yaqinda bir necha talabani AQSH universitetlariga yo‘lladik. Amerikalik hamkasblarimizga universitetni qishloq xo‘jaligi sohasiga yo‘naltirishni taklif qildik. Bir nechta oliy o‘quv yurti, Alabama va Fanlar akademiyasi kabi ilmiy muassasalar, fermerlar uchun tadqiqot va ta’lim xizmatini taklif qiladigan davlat universitetlari bor. Bunday tajribani o‘zlashtirish va o‘zimizda qo‘llashimiz kerak. Hamkorlar bizni maslahatchilar bilan ta’minlaydi.
Shuningdek, soya o‘simligi bilan bog‘liq bir necha yo‘nalish ustida ish olib bordik. Ushbu mahsulot rivojlangan chorvachilik uchun juda mos. Amerikada juda yuqori sifatli soya uni ishlab chiqariladi. Ma’lumki, soya yetishtirish ko‘p suv talab qiladi. Demak, soya importi nafaqat chorva uchun, balki iqlimni muhofaza qilish, suv resurslarimizni tejash uchun ham juda muhim.
Paxtachilik sohasida Amerika brendlarini mamlakatimizda ommalashtirish, shu tariqa AQSH bozoriga kirib borish uchun sifatli navlar va yangi turdagi paxta tolalarini o‘zlashtirish ustida ishlayapmiz.
Umuman, bunday tovar ayirboshlash qishloq xo‘jaligida ishlab chiqarish, respublikada fan, ta’lim va innovatsiyani rivojlantirish uchun ulkan istiqbol taqdim etadi.
Muharrama Pirmatova tayyorladi. O‘zA