Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
C5+1 Markaziy Osiyo diplomatiyasi tarixida muhim bosqich
21:45 / 2025-11-06

-

Xalqaro maydondagi hayajonli daqiqa

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Markaziy Osiyo va Qo‘shma Shtatlar rahbarlarining C5+1 formatidagi tarixiy sammitida  ishtirok etish uchun Vashingtonda bo‘lib turibdi. Mazkur tashabbusning 10 yillik yubileyiga bag‘ishlangan bu galgi uchrashuv ko‘lami, mavqei va har bir ishtirokchi davlatning mintaqaviy barqarorlik, xalqlar farovonligini mustahkamlashga qat’iy intilishi bilan ajralib turadi.

C5+1 – shunchaki uchrashuv yoki maslahat instituti emas, balki besh davlatning  birga harakat qilish, globallashuv chaqiriqlariga amaliy javob izlash va ayni vaqtda har bir mamlakatning o‘ziga xosligi va suverenitetini saqlashga qaratilgan siyosiy irodasidir. Xalqaro munosabatlarning bunday me’moriy yechimida O‘zbekiston haqli ravishda yetakchi ekani va jarayonda tobora mustahkam o‘rin egallayotganini qayd etish joiz.

Format manbalari: hamorlik g‘oyalarining paydo bo‘lishi

C5+1 diplomatik platformasini tashkil qilish g‘oyasi 2015 yil, BMT Bosh Assambleyasi 70-sessiyasida paydo bo‘lgan. 26 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan uchrashuvda AQSH davlat kotibi Jon Kerri va Markaziy Osiyoning besh davlati tashqi ishlar vazirlari yig‘ildi. Tashabbusdan ko‘zlangan asosiy maqsad Vashington  va Markaziy Osiyo poytaxtlariga o‘zaro hurmat va har bir  tomonning suverenitetini e’tirof etgan holda strategik masalalarni muhokama qilish imkonini beradigan ko‘p tomonlama muloqot mexanizmini yaratishdan iborat edi.

Birinchi sammit 2015 yil 1 noyabrda Samarqandda bo‘lib o‘tdi. Tashabbus ko‘tarilishi Qo‘shma Shtatlarning mintaqadagi ishtirokini mustahkamlash, besh davlatning tashqi siyosiy aloqalarni diversifikatsiya qilib,  investitsiya, texnologiya va bilimlardan foydalanishga istagini aks ettirdi.

O‘zbekiston: ishtirokchidan – yetakchilikka

O‘zbekiston Respublikasi boshidan kun tartibi va formatning amaliy natijasini shakllantiruvchi faol kuch sifatida maydonga chiqdi. Mintaqadagi barcha to‘rt qo‘shni mamlakat bilan chegaradosh respublikamizning geosiyosiy  joylashuvi  mintaqaviy tashabbuslarning tabiiy muvofiqlashtiruvchisi sifatidagi rolimizni belgilab berdi.

Ma’lumki, 2016 yildan Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida tashqi siyosatimizda ulkan o‘zgarishlar yuz berdi. Mamlakat qo‘shnilar va jahon hamjamiyati bilan hamkorlikni kengaytirishga yo‘naltirilgan ochiq, ko‘p vektorli yo‘lni tanladi.

C5+1 doirasida O‘zbekiston hamkorlikning asosiy tarkibiy  qismlari bo‘lgan tashabbuslarni ilgari surdi: qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilik sanoatiga xalqaro standartni joiy qilish, muqobil transport yo‘nalishlarini rivojlantirish, yashil kun tartibni amalga oshirish va oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash shular jumlasidan. 2023 yil sentyabr oyida bo‘lib o‘tgan davlat rahbarlari birinchi sammiti muloqot platformasidan loyihalarni amalga oshirish maydonchasiga aylandi.

Hamkorlik arxitekturasi

C5+1 formati o‘n yil ichida uchta ishchi guruhga asoslangan tizimga aylandi. Birinchisi Savdo va investitsiya bo‘yicha hadli bitim orqali iqtisodiy hamkorlik (TIFA, 2004 yil)ni qamrab oladi. Ikkinchi ishchi guruh  energetika va ekologiyaga yo‘naltirilgan. Uchinchi guruh terrorizm va ekstremizga qarshi kurashish orqali mintaqaviy xavfsizlik bo‘yicha ish olib boradi.

O‘zbekiston o‘zini mis, molibden, oltin, uran kabi minerallar ulkan zaxirasiga ega, ayni yo‘nalishlarni ekologik rivojlantirishga intilayotgan mamlakat sifatida namoyon etmoqda. AQSH bilan ushbu sohada imzolangan o‘zaro anglashuv Memorandumi Vashington yurtimiz salohiyatini e’tirof etganidan dalolat.

Amaliy yutuqlar

O‘n yilda format aniq loyihalarni amalga oshirish bosqichiga o‘tdi. 2022 yil C5+1 Kotibiyatining doimiy byurosi ta’sis etildi.

“Power Central Asia” dasturi inson kapitalini mustahkamlaydi, B5+1 formati esa Amerika va Markaziy Osiyo ishbilarmonlari, sarmoyadorlari va  tadbirkorlarini birlashtiradi. Amerika taraqqiyot korporatsiyasi (DFC) energetika loyihalari, infratuzilma va texnologik startaplarga sarmoya kiritadi.

O‘zbekiston transformatsiyasi

O‘zbekistonning C5+1 doirasidagi yutuqlari Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilgan chuqur islohotlardan ajralmasdir. 2016 yildan buyon mamlakat markaziy-rejali iqtisodiyotdan bozor tipidagi iqtisodiyotga o‘tdi.

Makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar diqqatga sazovor. BMT Barqaror rivojlanish  maqsadlari indeksi 2015 yildagi 48,6 dan  2025 yil 73,1 ga ko‘tarilib,  O‘zbekiston Markaziy Osiyo davlatlari ichida birinchi va dunyoning 167 mamlakati orasida  62-o‘rinni egalladi. Kambag‘allik darajasi 2015 yildagi 17,5 foizdan 2024 yil 8,9 foizga tushdi. Bu  mamlakatimizga 2025 yil oxirida  6 foizli maqsadli ko‘rsatgichga erishish imkonini beradi. Yurtimizda jami 7,5 milliondan ortiq odam qashshoqlikdan chiqdi.

Ta’lim sohasi “O‘zbekiston-2030” strategiyasining asosiy elementi hisoblanadi. Bolalarni maktabgacha ta’lim bilan qamrab olish darajasi 74 foizga ko‘tarildi, maktabgacha ta’lim muassasalari soni 34 mingga yetdi.  Mahallalar tizimidagi islohotlar va Yagona ijtimoiy reyestr joriy qilinishi muhtoj oilalarga manzilli yordam ko‘rsatishni ta’minlamoqda.  Iqtisodiyot diversifikatsiya qilinishi xom ashyoga qaramlikni kamaytirdi, turizm sohasi ustuvor mavqega ega bo‘lib, vizasiz rejimga ega mamlakatlar sonining 9 tadan 93 taga yetdi.

C5+1 formatida O‘zbekiston

O‘zbekiston ko‘p vektorli diplomatiya tamoyiliga amal qilgan holda, format kun tartibini tuzishda faol ishtirok etmoqda. “O‘zbekiston-2030” strategiyasi milliy manfaatlarni himoya qilgan holda, barcha asosiy xalqaro  ishtirokchilar bilan aloqalarni birlashtiradi. O‘zbekiston minerallar, yashil energetika va muqobil transport yo‘laklari bo‘yicha tashabbuslarni  ilgari surmoqda.

Muammolar va istiqbol

C5+1 formati aniq muddati va byudjeti bo‘lgan loyihalar orqali natijalarga erishishni taqozo qiladi. Uzoq muddatli hamkorlik  muvaffaqiyati ko‘p jihatdan fuqarolik jamiyati va xususiy sektorni jalb qilishga bog‘liq bo‘lib qolmoqda.

Kelajakka nazar 

O‘zbekiston Prezidentining Vashingtonga tashrifi format faoliyatida yangi davrni boshlab beradi. AQSH ma’muriyati tomonidan tashkil etilgan Sammit  Markaziy Osiyo bilan hamkorlik strategik xususiyatga egaligini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston uchun bu investitsiyalar bo‘yicha yangi kelishuvlarga erishish, qayta tiklanuvchi energiya texnologiyalari, raqamlashtirish va sun’iy intellektdan foydalanish imkoniyatini bildiradi. Minerallar sohasidagi rivojlanish  respublikamizni G‘arbning strategik sherigiga aylantirishi mumkin. Muvaffaqiyat hujjatlar soni bilan emas, o‘zbek xalqining turmush darajasi yaxshilanishi – bandlik, daromad, sifatli ta’lim va sog‘liqni saqlash orqali belgilanadi.

Xulosa

C5+1 formatining o‘n yillik taraqqiyot yo‘li bugungi kunda o‘zaro hurmat va manfaatga asoslangan amaliy muloqot qilish muhimligini ko‘rsatdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning oqilona siyosati tufayli O‘zbekiston o‘zini nafaqat ushbu muloqot ishtirokchisi, balki kun tartibni  shakllantiruvchi va rivojlanish yo‘nalishlarini belgilovchi faol me’mor sifatida namoyish eta oldi.

Agar mamlakatlar kelajakni ko‘ra olsa, aniq maqsad yo‘lida qat’iyat bilan harakat qilsa va sheriklar bilan samarali hamkorlikka tayyor bo‘lsa, katta kuchga aylanishini tarix ko‘rsatdi. O‘zbekiston mavjud imkoniyatlarni  amaliy yutuqlarga aylantira olishini namoyish etmoqda.

Markaziy Osiyo Qo‘shma Shtatlar bilan C5+1 formati doirasida o‘zaro hamkorlikning ikkinchi o‘n yilligiga qadam qo‘yarkan, mazkur tuzilma  mintaqaviy barqaror rivojlanish vositasiga aylanishi mumkinligi ayonlashmoqda. O‘zbekiston uchun bu butun Markaziy Osiyo xalqlariga tinchlik, barqarorlik va farovonlik keltiradigan mintaqaviy integratsiya markazi sifatidagi ahamiyatini mustahkamlash imkoniyatini anglatadi.

Hamkorlikning yangi bosqichi ostonasida, o‘n yil oldin C5+1 formati asosiga qo‘yilgan konstruktivlik ruhi nafaqat hayotiyligini saqlab qoldi, balki yangi kuch oldi. Demak, yaqin yillarda O‘zbekiston va Markaziy Osiyodagi qo‘shnilarimiz intilishlarni taraqqiyotning aniq natijasiga aylantirib, mintaqadagi barcha xalqlar va jahon hamjamiyatiga naf keltira olishiga bo‘lgan ishonchni mustahkamlamoqda.

Abduaziz Xidirov, O‘zA sharhlovchi