Munosabat
Vashingtonda bo‘lib o‘tgan “C5+1” formatidagi sammit Markaziy Osiyo mamlakatlari va Amerika Qo‘shma Shtatlari o‘rtasidagi munosabatlar rivojida yangi bosqichni boshlab berdi.
“Bu – muloqotdan amaliyotga o‘tish pallasi”. Bu uchrashuv jahonda geosiyosiy raqobat kuchayib, transport-kommunikatsiya yo‘nalishlari va energiya ta’minoti zanjirlari o‘zgarayotgan bir paytda o‘tkazilgani uning ahamiyatini yanada oshirdi. Bunday sharoitda Markaziy Osiyo davlatlari tashqi siyosatda muvozanatni saqlash va xalqaro hamkorlik geografiyasini diversifikatsiya qilishga alohida e’tibor qaratmoqda.

AQSH Davlat departamenti “C5+1” platformasini “adolatli va o‘zaro manfaatli iqtisodiy sheriklikni rivojlantirish, energetika xavfsizligini mustahkamlash va mintaqaviy barqarorlikni ta’minlash” vositasi sifatida ta’rifladi.
Shu bois, fikrimizcha, “Bu format – raqobat emas, imkoniyat arxitekturasi”, deb qarashimiz lozim. Bu, avvalo, mintaqa resurs va strategik imkoniyatlarining yuqori ekani bilan bog‘liq. Qozog‘iston va O‘zbekistonda uran va nodir metallar, Qirg‘iziston va Tojikistonda suv-energetika quvvatlari, Turkmanistonda esa yirik gaz zaxiralari mavjud. Bu resurslar “yashil iqtisodiyot” hamda yuqori texnologiyalar sanoatida asosiy ahamiyatga ega.
O‘zbekiston nuqtai nazaridan “C5+1” formati tashqi siyosatda konstruktiv, pragmatik va o‘zaro manfaatli sheriklikni rivojlantirishga xizmat qilmoqda. Mamlakatimiz bugun tashqi iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, global ta’minot va logistika zanjirlariga integratsiyalash, investitsiya muhitini yaxshilash va davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish bo‘yicha izchil islohotlarni amalga oshirmoqda. “Biz sharoitga moslashmayapmiz – biz sharoit yaratyapmiz”.
Shu bois, bu borada quyidagi yo‘nalishlar alohida ahamiyatga ega:
Birinchidan, infratuzilma va tranzit salohiyati. O‘zbekiston dengizga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lmasa-da, mintaqadagi muhim transport uzeli hisoblanadi. AQSH bilan hamkorlik Transkaspiy yo‘lagini rivojlantirish, “Sharq–G‘arb” koridorlarini kengaytirish, temir yo‘l va port infratuzilmasini integratsiyalashga xizmat qiladi.
Ikkinchidan, qayta tiklanuvchi energiya va sanoat modernizatsiyasi. O‘zbekiston 2030 yilgacha energiya balansida qayta tiklanuvchi manbalar ulushini 40 foizga yetkazishni maqsad qilgan. Shamol va quyosh energetikasi, energiyani saqlash texnologiyalari va vodorod yechimlari borasida AQSH bilan hamkorlik sanoatni yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.
Uchinchidan, mineral resurslarni chuqur qayta ishlash. Bu nafaqat xomashyo eksportidan voz kechish, balki mamlakat ichida qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratish, yangi ish o‘rinlari tashkil etish va texnologik mustaqillikni ta’minlashga xizmat qiladi. Ya’ni “Qiymat mamlakatda qolishi kerak”.
To‘rtinchidan, “Inson kapitali – eng katta sarmoya”. AQSH universitetlari, ilmiy-tadqiqot markazlari va davlat boshqaruvi akademiyalari bilan hamkorlik Yangi O‘zbekiston uchun zamonaviy bilim va kompetensiyalar bazasini yaratadi.
Shu bilan birga, xavfsizlik masalasining ahamiyati ham saqlanib qolmoqda. Afg‘onistondagi vaziyat mintaqaviy barqarorlikka ta’sir etib kelmoqda. “C5+1” formati xavfsizlik bo‘yicha tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yish va uni mustahkamlash imkoniyatini beradi.
Ayni paytda O‘zbekiston mazkur hamkorlikda suverenitet va teng huquqlilik tamoyillariga sodiq. Biz biron-bir tomonning ta’sir doirasiga qaram bo‘lishni emas, balki o‘zaro manfaatli va muvozanatli hamkorlikni qo‘llab-quvvatlaymiz.
Shu nuqtai nazardan O‘zbekiston Prezidentining AQSHga tashrifi doirasida Kongressning nufuzli vakillari bilan uchrashuvi o‘ta muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. AQSH parlamenti mamlakatning ichki va tashqi siyosatini shakllantirishda asosiy rol o‘ynaydi. Parlament a’zolari bilan muntazam siyosiy muloqot va ishonchli hamkorlik ikki davlat o‘rtasidagi strategik sheriklikni yanada mustahkamlaydi. “Siyosiy ishonch – har qanday hamkorlikning poydevori”.
Xulosa qilib aytganda, “C5+1” sammiti Markaziy Osiyo va O‘zbekiston uchun yangi iqtisodiy va investitsiya imkoniyatlari, logistika va energiya xavfsizligini ta’minlash, texnologik rivojlanish va sanoat modernizatsiyasi, inson kapitalini rivojlantirish kabi yo‘nalishlarda amaliy natijalar beradi.
Bu – O‘zbekistonning mustaqil, ochiq va pragmatik rivojlanish strategiyasiga mos keladigan muhim qadamdir.
E.TULYAKOV,
“Taraqqiyot strategiyasi” markazi
ijrochi direktori.
O‘zA