Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Byurokratiyani bartaraf etish” dasturi ishga tushiriladi
10:58 / 2026-01-21

Odamlarni qiynab kelayotgan illatlardan biri – korrupsiya bo‘lsa, ikkinchisi – byurokratiya. Yangilanayotgan “O‘zbekiston - 2030” strategiyasida aynan ushbu illatlarga barham berish ko‘zda tutilmoqda.

Har birimizning tez-tez ishimiz tushadigan davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasida byurokratiyaga qanday barham beriladi?  

Bu savolga Adliya vazirligi Davlat xizmatlari departamenti boshlig‘i Eldor Mahkamov javob berdi:  

– Strategiya doirasida shu paytgacha  byurokratik to‘siqlarni kamaytirish, davlat xizmatlarini soddalashtirish va inson manfaatiga yo‘naltirish borasida qator islohotlar amalga oshirildi. Davlat xizmatlarini ko‘rsatishda “fuqaro e’tibor markazida” tamoyili asosida davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimi yaratildi.

Xalqimiz idorama-idora yurish va qog‘ozbozlik o‘rniga bir joyda ishini tez va oson bitirayapti. Ayni paytda 208 tuman va shaharda zarur qulayliklarga ega davlat xizmatlari markazlari faoliyat yuritmoqda. Tuman va shahar markazlaridan 50-100 km. uzoq bo‘lgan chekka hududlarda 138 filial faoliyati yo‘lga qo‘yilgan.  

Sohani xalqqa yanada yaqinlashtirish, davlatimiz rahbari qo‘yayotgan vazifalarni amalda ro‘yobga chiqarish maqsadida  “Byurokratiyani bartaraf etish”dasturi ishga tushiriladi.  

Dastur, eng avvalo, davlat va aholi, davlat va biznes hamda davlat tuzilmasining ichki munosabatlarida byurokratiyani bartaraf etish, har tomonlama qulay davlat xizmatlari ekotizimini yaratishga qaratilgan.  

Kelgusi 3 yilda barcha xizmatlar yagona darcha tamoyili asosida qamrab olinadi. Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali va davlat xizmatlari markazlari orqali taqdim etiladigan xizmatlar soni 900 taga yetkaziladi.  

Joriy yilning o‘zida 250 xizmat elektron shaklga o‘tkaziladi. Masalan, avtotransport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish, qo‘shilgan qiymat solig‘ini qaytarish kabi xizmatlardan elektron foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

Proaktiv va kompozit xizmatlar ko‘rsatish doirasi yanada kengayadi. Bu orqali fuqaro murojaat qilmasdan unga xizmat ko‘rsatiladigan tizimga o‘tiladi.

Barcha davlat xizmatlari xatlovdan to‘liq o‘tkaziladi. Bunda bir-birini takrorlovchi, keraksiz, fuqarolarga yuk bo‘layotgan talablar bekor qilinadi. Litsenziya va ruxsatnomalar berish, kommunal tarmoqlarga ulanish, qurilish sohasida 300 dan ortiq davlat xizmati soddalashtiriladi.

Xizmat ko‘rsatish muddatlari keskin qisqartiriladi hamda ortiqcha hujjat va ma’lumotlar talab qilish bekor qilinadi. Joriy yilda yuzdan ortiq davlat xizmatlarini ko‘rsatish muddatlari 50 foizga qisqaradi hamda 110 dan ortiq ma’lumot va hujjat talab qilish to‘liq bekor qilinadi.

Davlat xizmatlari portali, “Litsenziya” tizimi, “Yagona darcha” bojxona platformasi va “Koll-markaz”lar to‘liq sun’iy intellekt asosida ishlashga o‘tadi.

Davlat tashkilotlarining reytingini yuritish yo‘lga qo‘yilmoqda. Ularning faoliyati xizmatlarni raqamlashtirgani, qonun buzilishlarga yo‘l qo‘yilmayotgani va fuqarolarning qoniqish darajasidan kelib chiqib baholanadi.  

Chekka hududlarda aholining onlayn xizmatlardan foydalanish imkoniyatini oshirish maqsadida 1 mingdan ortiq infokiosklarni aholi gavjum va uzoq mahallalarga joylashtirish choralari ko‘riladi.

Idoralararo to‘liq integratsiya yo‘lga qo‘yiladi. Fuqaro biror ma’lumotni davlatga olib borishi shart emas – idoralar bu ma’lumotni bir-biridan elektron tarzda olishga odatlanadi.

Xizmatlarni raqamli kuzatish imkoniyati yaratiladi. Fuqaro har bir xizmat bosqichini onlayn ko‘ra oladi. Inson omili esa minimallashtiriladi. Funksiyalar 30 foizgacha qisqartiriladi hamda tizimdagi ortiqcha yuklardan xalos bo‘linadi.

Davlat organlari faoliyatidagi byurokratiyaning asosiy sabablaridan biri, takrorlanuvchi va zamonga mos bo‘lmagan funksiyalardir. Endi ahamiyatini yo‘qotgan, amalda foyda bermaydigan, xususiy sektor bajarishi mumkin bo‘lgan funksiyalar to‘liq bekor qilinadi. Davlat organlarining barcha funksiyalari qadamma-qadam tahlil qilinadi va optimallashtirish bo‘yicha asosli takliflar tayyorlanadi.

Vaqt sarfi 50 foizgacha qisqartiriladi – fuqaro uchun real yengillik yaratiladi. Buni amalga oshirish uchun boshqaruvdagi ortiqcha bosqichlar bartaraf etiladi. Talab qilinadigan hujjatlar minimallashtiriladi, platformalar o‘zaro integratsiya qilinadi, jarayonlar raqamlashtiriladi.

Ushbu choralar davlat xizmati olishni oddiy, tez va insonparvar jarayonga aylantirishga xizmat qiladi.

Norgul Abduraimova,

O‘zA