Fuqarolarni qiynab kelayotgan ortiqcha ovoragarchiliklar va byurokratik to‘siqlarni qisqartirish maqsadida Adliya vazirligi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Aholi va tadbirkorlarga yengilliklar yaratish hamda byurokratik to‘siqlarni tubdan qisqartirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” farmoni loyihasi ishlab chiqildi.
Unda davlat xizmatlari ko‘rsatish milliy tizimini rivojlantirish bo‘yicha ishlarni jadallashtirish, davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratizm va sansalorlik kabi ma’muriy to‘siqlarni hamda eskirgan, zamon talablariga mos kelmaydigan tartib-taomillarni tubdan qisqartirish ko‘zda tutilgan.
Belgilanishicha, 2021 yil 1 apreldan boshlab fuqarolardan 12 turdagi ma’lumotnoma (ruhiy kasalliklar, narkologiya bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi, sudlanganlik, fuqaroning nomida shaxsiy uy-joy borligi yoki yo‘qligi, turar joyning maydoni, soliq qarzi bor yoki yo‘qligi, pensiya va nafaqa miqdori, nikoh qayd etilganligi, nikohda turmasligi yoki nikohdan ajralganligi to‘g‘risida va boshqalar talab qilinmasligi mumkin.
8 turdagi hujjatni (shaxsni tasdiqlovchi hujjatning nusxasi, shaxsning fotosurati, tibbiy-ijtimoiy ekspert komissiyalarining ma’lumotnomalari, kadastr hujjatlari, mehnat daftarchalari va ularning nusxalari, ish haqi va ish stajini, oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasasida o‘qiganlikni tasdiqlovchi arxiv ma’lumotnomasi) kabilarini talab qilish bekor qilinmoqda.
Ushbu turdagi ma’lumotnomalar va hujjatlarni berish, ayniqsa, ulardan nusxa ko‘chirish fuqarolardan ma’lum miqdorda xarajatni talab qiladi.
Hozirgi tartibga ko‘ra, ruhiy kasalliklar bo‘yicha dispanser hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida ma’lumotnomani olish uchun fuqarolardan BHMning 2 foizi (4.460 so‘m) miqdorida yig‘im undiriladi. Ushbu xizmat bo‘yicha shu yilning o‘zida 251 ming 933 ariza kelib tushgan va ulardan 1 milliard 200 million so‘mdan ortiq mablag‘ undirilgan.
Bu borada xorjiy mamlakatlar tajribasiga nazar qaratsak, jumladan, Yaponiya davlati qonunchiligida belgilanishicha tashkilotlar fuqarolardan ruhiy kasalliklar va narkologiya dispanserlarda hisobida turishi yoki turmasligi to‘g‘risida ma’lumotnoma talab qilishi taqiqlangan. Aynan shunday tiartibni boshqa qator davlatlar qonunchiligida uchratish mumkin.
Farmon loyihasida belgilangan, 12 turdagi ma’lumotnoma berilish tartibini bekor bo‘lishi mamlakatimizda ma’lumotlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri tegishli vakolatli organlardan, shu jumladan “Elektron hukumat” idoralararo integratsiyalashuv platformasi orqali so‘rab olish hisobiga fuqarolardan talab qilish amaliyoti bekor qilinishi aholiga ishga joylashish, o‘qishga kirish va boshqa holarda yengillik yaratadi.
Muattar Burhonova, O‘zA