Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Byudjet xarajatlarining qariyb 50 foizi ijtimoiy xarajatlarni tashkil etmoqda
10:48 / 2025-09-09

Ayni paytda Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda. Unda deputatlar O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining 2025 yil birinchi yarim yillikdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotni ko‘rib chiqmoqda.

Mazkur masala bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri J.Qo‘chqorov ma’ruza qilmoqda.   

Vazir o‘z hisobotida jahon iqtisodiyotidagi o‘zgaruvchanlik va yuqori noaniqlik sharoitida, hududlarda aholi bandligi va tadbirkorlikni rivojlantirish bo‘yicha choralar hamda amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida yalpi ichki mahsulot hajmi o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 7,2 foiz, sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish 6,6 foiz, bozor xizmatlari 13,3 foiz, qurilish ishlari 10,7 foiz va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish 4,0 foizga oshganini qayd etdi.  

Ta’kidlanganidek, asosiy kapitalga o‘zlashtirilgan investitsiyalar hajmi 273,4 trln. so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 5,5 foizga o‘sgani mamlakatimizda barqaror iqtisodiy o‘sish jarayonlari davom etayotganini ko‘rsatmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, aholining real daromadlari 9,5 foizga oshib, aholi farovonligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.  

Joriy birinchi yarim yillikda mamlakat tashqi savdo aylanmasi 37,0 mlrd. dollarni tashkil etib, o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 16,1 foizga oshgan.  

Hisobot davrida Davlat byudjeti daromadlari 103,4 foizga bajarilgan. Xarajatlar bo‘yicha reja ko‘rsatkichlari 96,8 foizni tashkil qilgan. Bu byudjet barqarorligi ta’minlanganidan dalolat bermoqda.  

Hisobotda qayd etilganidek, 2025 yilning birinchi yarim yilligida Davlat byudjeti daromadlari 144,2 trln. so‘mni tashkil etib, 2024 yilning mos davriga nisbatan 19,2 foizga oshgan va deyarli barcha soliq turlari bo‘yicha belgilangan reja ko‘rsatkichlari to‘liq bajarilgan. Davlat byudjetining xarajatlari esa hisobot davrida 173,3 trln. so‘mni tashkil etib, 2024 yilning mos davriga nisbatan 16,0 foizga o‘sgan. Bunda ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash, aholi turmush darajasini oshirish hamda fuqarolar uchun munosib sharoitlar yaratish davlat moliyaviy siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida saqlanib qolayotganligi deputatlar tomonidan alohida e’tirof etildi.  

Xususan, joriy yilning birinchi yarim yilligida ijtimoiy xarajatlar uchun Davlat byudjetidan 86,2 trln. so‘m yoki 2024 yilning mos davriga nisbatan 12,1 trln. so‘mga ko‘p mablag‘ yo‘naltirilgan. Bu esa jami xarajatlarning 49,8 foizini tashkil etadi. Bu mablag‘larning aksariyati ta’lim sohasiga yo‘naltirildi. Jumladan, maktabgacha ta’lim sohasiga yo‘naltirilgan mablag‘lar hajmi 7,17 trillion so‘mga yetdi. Nodavlat MTTlarni rivojlantirish maqsadlariga 1,8 trln. so‘m subsidiya ajratildi. Maktabgacha ta’lim yoshidagi bolalarning 77 foizi MTTga qamrab olindi. 

Magistratura bosqichida tahsil olayotgan 7 mingga yaqin qizlarning 47,5 mlrd. so‘mlik kontrakt pullari to‘lab berildi. Shuningdek, bakalavr bosqichidagi  7,6 mingga yaqin xotin-qizlarning kontrakt to‘lovlari uchun 81 mlrd. so‘mlik ta’lim kreditlari ajratildi.  

Majlis o‘z ishini davom ettirmoqda.  

Muhtarama Komilova, O‘zA