English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Byudjet pulini o‘zlashtirayotganlar xalqning davlatga bo‘lgan ishonchiga putur yetkazmoqda
13:17 / 2020-12-12

Davlat byudjeti – xalqning mablag‘i. Shu bois, uning bir so‘mi sarfi ham qattiq nazoratda bo‘lishi kerak.

Mamlakat iqtisodiyoti tarmoqlarini isloh qilish doirasida iqtisodiy va moliyaviy statistika ma’lumotlaridan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, byudjet jarayoni ochiqligi va shaffofligini oshirishning yangi mexanizmlarini joriy etish bo‘yicha izchil ishlar olib borilmoqda.

Prezidentimizning 2018 yil 22 avgustdagi “Byudjet ma’lumotlarining ochiqligini va byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirokini ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga asosan davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari 2020 yildan boshlab qonun bilan tasdiqlanmoqda. 

Shu bilan birga, 2019 yildan boshlab byudjet mablag‘larini taqsimlashda fuqarolar ham bevosita ishtirok etmoqda. Buning samarasida tuman (shahar)lar byudjetlari qo‘shimcha manbalarining kamida 10 foizi jamoatchilik fikri asosida shakllantirilmoqda. Byudjetlar ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilyapti, «Fuqarolar uchun byudjet» axborot nashri jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilinmoqda. 

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tomonidan davlat byudjeti va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlari, soliq va byudjet siyosatining asosiy yo‘nalishlari loyihalari, shuningdek, davlat byudjetining va davlat maqsadli jamg‘armalari byudjetlarining ijrosi to‘g‘risidagi yillik hisobot yuzasidan tashqi audit va baholash natijalari bo‘yicha xulosalar e’lon qilinib kelinmoqda.

Lekin shuncha shaffof tizim yaratilayotganiga qaramasdan, byudjet mablag‘larini maqsadsiz sarflash, ularning talon-taroj qilinishi holatlari keskin kamayishi o‘rniga ortib borayotgani juda taajjubli hol.

Byudjet mablag‘larining qonuniy sarflanishini bir necha tashkilot nazorat qiladi. Masalan, O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Davlat moliyaviy nazorati departamenti, bundan tashqari, ayrim vazirliklarda ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari ham mavjud.

Prezidentimiz rahbarligida keyingi yillarda tadbirkorlikni rivojlantirish uchun qator choralar ko‘rilmoqda, hamma imkoniyat ishga solinmoqda. Shu jumladan, ularda tekshirishlar sonini keskin kamaytirish maqsadida moratoriy ham e’lon qilingan edi. Ammo bu aynan tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanuvchilar va xo‘jalik yurituvchi tashkilotlarga taalluqli, byudjetdan mablag‘ oluvchi tashkilot va muassasalariga emas.

Ma’lumki, Moliya vazirligi qoshidagi Davlat moliyaviy nazorati departamenti bosh boshqarmasining asosiy vazifasi byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishini nazorat qilib borishdan iboratdir. Ushbu vazifani bajarish uchun mazkur boshqarma zimmasiga asosan masofaviy nazoratni olib borish, ya’ni zamonaviy axborot texnologiyalari, ma’lumotlar bazasi vositasida tekshirish ob’ektlari va maqsadlarini aniqlash yo‘li bilan kam samarali taftishlarni qisqartirish, byudjet tashkilotlarini tekshirish samaradorligini oshirish yuklatilgan.

Shunga ko‘ra, Davlat moliyaviy nazorati departamenti shtat birliklari 46 foizga (971 ta shtat birligidan 442 tasi) qisqartirilgan. Buning hisobiga Xalq ta’limi, Sog‘liqni saqlash, Maktabgacha ta’lim hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari tizimida ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari tashkil etilgan.

O‘z navbatida, shtat birliklarining qisqartirilishi byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi bo‘yicha olib boriladigan nazorat tadbirlari sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. 

Tahlillar va raqamlar nazorat tadbirlari kamaygan bo‘lishiga qaramasdan, o‘rtacha bitta nazorat ob’ektida aniqlangan qonunbuzilish holatlari hamda pul mablag‘lari, moddiy boyliklar kamomadi va o‘zlashtirishlar yildan-yilga ortib borganini ko‘rsatmoqda.

Misol uchun, aniqlangan qonunbuzilish holatlari, pul mablag‘lari va moddiy boyliklar kamomadi hamda o‘zlashtirishlar miqdori o‘rtacha bitta tashkilotga 2015 yilda 24 mln. so‘m, 2016 yilda – 23,8 mln. so‘m, 2017 yilda – 33,5 mln. so‘m, ya’ni 2015 yilga nisbatan 9.5 mln. so‘m (1,4 barobar)ga oshgan. 

2018 yilda 63 mln. so‘m bo‘lib, bu ko‘rsatkich 2015 yilga nisbatan 39 mln. so‘m (2,6 barobar) ga oshgan va 2019 yilda 38,9 mln. so‘m, ya’ni 2015 yilga nisbatan 14,9 mln. so‘m 
(1,6 barobar)ga ortgan.

Ushbu ko‘rsatkichlarni sohalar bo‘yicha olib qarasak, aniq manzara hosil bo‘ladi. Jumladan, Xalq ta’limi va Maktabgacha ta’lim vazirliklari tizimida 2015 yilda 3,3 mln. so‘m, 2016 yilda 3,8 mln. so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2017 yilda 4,6 mln. so‘m, ya’ni 1.3 mln. so‘m (1,4 barobar) ga, 2018 yilda 9,8 mln. so‘m, 2015 yilgan nisbatan 6,5 mln. so‘m (3 barobar)ga va 2019 yilda 26 mln. so‘m, 2015 yilga nisbatan 22.7 mln. so‘m (9 barobar) ga oshgan.

Bunday ko‘rsatkichlar Sog‘liqni saqlash, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirliklari tizimida ham, hatto o‘zini o‘zi boshqarish organlarida ham uchraydi.

Ayrim holatlarda vazirliklarda tuzilgan ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlari mavjud qonunbuzilish holatlarini aniqlab, hujjatlarni chora ko‘rish uchun belgilangan tartibda huquqni muhofoza qilish organlariga o‘tkazish o‘rniga, ular tomonidan qonunbuzish holatlarini yashirish, byudjet mablag‘larini maqsadsiz sarflash hamda o‘zlashtirilishiga sharoit yaratib berish hollari ham uchrab turgani nihoyatda achinarlidir.

Masalan, O‘rta maxsus, kasb-hunar ta’lim markazining Farg‘ona viloyat boshqarmasining ichki audit va moliyaviy nazorat xizmati tomonidan 2018 yil iyun oyida Oltiariq agrosanoat kasb-hunar kollejining 2015 yil oktyabr oyidan 2018 yil may oyigacha bo‘lgan davridagi moliya-xo‘jalik faoliyati yuzasidan o‘tkazilgan taftish natijasida jami 11,2 mln. so‘m moliyaviy xato va kamchiliklar aniqlangan, taftish hujjatlari belgilangan tartibda huquqni muhofaza qilish organlariga topshirilishi lozim bo‘lsa-da, ushbu chora ko‘rilmagan. Nima uchun, degan savolga javob topish qiyin emas, albatda. 

Shundan so‘ng Davlat moliyaviy nazorati departamenti tomonidan joyida nazorat tadbirlari o‘tkazilganda, ortiqcha shtat birliklari, “o‘lik jonlar”, ish haqi va unga tenglashtirilgan xarajatlarga asossiz ortiqcha to‘lovlar kabi 117,9 mln. so‘mlik noqonuniy to‘lovlar aniqlangan.

Taftish va tekshirishlarning keskin qisqartirilishi natijasida keyingi yillarda byudjet tashkilotlarining mas’ul xodimlari o‘zaro til biriktirib, hujjatlarni soxtalashtirish, tashkilotda umuman ishlamagan (“o‘lik jon”) fuqarolar nomiga ish haqi yozish, ish haqini sun’iy oshirib ko‘rsatish, o‘zlarining plastik kartalariga hamda sobiq xodimlardan olib qolingan plastik kartalarga asossiz ravishda mablag‘lar o‘tkazish yo‘llari bilan byudjet mablag‘larini o‘zlashtirayotganlik holatlari keng tarqalayotgani tashvishlidir.

Misol uchun, 2018-2019 yillarda 15 ta kasb-hunar kollejida haqiqatda ishlamagan shaxslar nomiga ish haqi hisoblanishi natijasida 2,7 mlrd. so‘m byudjet mablag‘lari muassasalarning rahbar va bosh hisobchilari tomonidan o‘zlashtirib yuborilgani aniqlangan. Xususan, Toshkent shahar Olmazor tibbiyot kolleji bosh hisobchisi va ish haqi bo‘yicha hisobchisi o‘zaro til biriktirib, kollejda ishlamagan, kollej direktorining tegishli buyruqlariga asosan mehnat shartnomalari bekor qilingan, oylik tabellarda ism-sharifi qayd etilmagan o‘qituvchilar va boshqa xodimlar nomiga oylik ish haqlari, mukofot pullari hisoblanib, bosh hisobchi tomonidan sobiq xodimlardan olib qolingan bank plastik kartalariga mablag‘ o‘tkazish yo‘li bilan 2015-2019 yillar mobaynida jami 1,8 mlrd. so‘m byudjet mablag‘lari o‘zlashtirilgan.

Oqqo‘rg‘on tumanidagi 78-sonli maxsus yordamchi maktab-internatning mudirasi, hisobchi va xo‘jalik mudiri o‘zaro til biriktirib, maktabda haqiqatda ishlamagan fuqarolar nomiga ochilgan plastik kartaga ish haqi sifatida 251 mln. so‘m, Denov tumanidagi 24-sonli umumta’lim maktabi hisobchisi maktabda ishlamagan o‘zining yaqin qarindoshlari (xotini, yangasi, amakisi va tog‘asi) nomiga ochilgan plastik kartalarga byudjet mablag‘lari hisobidan asossiz ravishda 110 mln. so‘m mablag‘ni o‘tkazib, o‘zlashtirib yuborgan.

Xuddi shuningdek, G‘uzor qurilish va kommunal xo‘jaligi kasb-hunar kollejida 2018 yilda maxsus komissiyaning qarori va buyruq qabul qilinmasdan, 10 nafar xodimga (direktor, direktor o‘rinbosarlari, hisobchilar, ishlab chiqarish ta’lim ustasi va o‘qituvchilar) asossiz ravishda 442 mln. so‘m moddiy yordam pullari o‘zlashtirilgan.

Bir qator kasb-hunar kollejlarida xodimlarning ish haqlarini plastik kartalarga o‘tkazish ro‘yxati belgilangan tartibda bank muassasalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri elektron (onlayn) tarzda yuborilmasdan, amaldagi tartibga zid ravishda elektron shakl (“fleshka”)da olib borish yo‘li bilan 353 mln. so‘m mablag‘ o‘zlashtirilgan.

Zarbdor tuman maktabgacha ta’lim bo‘limida muassasalarga ish haqi to‘lov qaydnomalariga imzo qo‘ydirilmasdan, xazinadan naqd pullar asossiz chiqim qilinib, 73,4 mln. so‘m kamomadga yo‘l qo‘yilgan bo‘lsa, Shayxontohur tumanidagi 197-sonli maktabgacha ta’lim muassasasida 216 mln. so‘m naqd pul mablag‘lari muassasa hisob raqamiga kirim qilinmagan.

bugungi kunda eng dolzarb bo‘lib turgan masalalardan biri ijtimoiy muhofazaga muhtoj ayrim toifadagi aholimizni kambag‘allikdan chiqarishdir. Ushbu masalaga Prezidentimiz tomonidan kuyunchaklik bilan yondashilayotgan, qator choralar ko‘rilib, mablag‘lar ajratilayotgan bir paytda fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan ana shu byudjet mablag‘lariga ko‘z tikish, ularni noqonuniy o‘zlashtirish holatlariga yo‘l qo‘yilayotganini qanday tushunish mumkin?!

Masalan, Navbahor tumani “Qalqon ota” MFY kotiblari tomonidan mahallada ro‘yxatga olinmagan va umuman mavjud bo‘lmagan fuqarolar nomiga soxta pasportlar nusxasi tayyorlanib, Xalq banki Navbahor tumani filiali xodimi bilan kelishgan holda plastik kartalarni ochib, 2016-2018 yillar davomida 43 holatda ijtimoiy nafaqalar uchun ajratilgan mablag‘lardan jami 262 mln. so‘m asossiz o‘tkazilib, MFY kotiblari tomonidan o‘zlashtirib yuborilgan.

Albatta, bunday qing‘irliklarga bosh qo‘shgan, xatoliklarga yo‘l qo‘yganlar, ayniqsa, mas’ul xodimlar qonun oldida javob bermoqda. 2015-2019 yillarda byudjet mablag‘lari sarflanishida byudjet intizomini buzgan 3087 nafar ana shunday mas’ul xodimga 2 018,0 mln. so‘m ma’muriy jarima qo‘llanilgan. Bundan tashqari, 2015-2019 yillarda 1 580,6 mlrd. so‘m miqdoridagi aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan huquqiy baho berish uchun 30 135 ta nazorat tadbiri hujjatlari huquqni muhofaza qilish organlariga topshirilgan.

Endi o‘ylab ko‘ring: 2015 yilda tekshirishlar soni 25 294 ta, aniqlangan noqonuniy xarajatlar 541,3 mlrd. so‘m, ya’ni har bir tekshirishda o‘rtacha 21.4 mln. so‘m noqonuniy xarajat aniqlangan. 2019 yilda esa, 9 825 ta tekshiruvda 304,2 mlrd. so‘m, ya’ni har bir tekshirishda o‘rtacha 30.9 mln. so‘m miqdorida har xil qonunbuzilish holatlari va pul mablag‘lari, moddiy boyliklar kamomadi va o‘zlashtirishlar aniqlangan.

Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, demak, keyingi besh yil ichida tekshirishlar soni 2-3 barobar qisqartirilgan va, tabiiyki, ko‘p tashkilotlarda 3-5 yillardan buyon tekshirishlar o‘tkazilmagan. Agarda har bir tekshirishda o‘rtacha salkam 31 mln. so‘m noqonuniy xarajatlar aniqlansa, taxminan 775 mlrd. so‘m (tekshirishlar soni o‘rtacha 25000 ta X 31,0 mln. so‘m) noqonuniy xarajatlar aniqlanadi.

To‘g‘ri, tekshiruvchi, nazoratchi so‘zlari hech bir soha vakiliga yoqmaydi. Lekin yaqindagina Buxoro viloyatining Olot tumanida yuz bergan kuchli shamol natijasida namunaviy uylarning tom qismi sifatsiz bajarilgani, shuningdek, Sirdaryo viloyatining Sardoba tumanidagi Sardoba suv omborida sodir bo‘lgan noxush holatlarning qaytarilmasligi uchun byudjetdan ajratilgan mablag‘lar aniq maqsadlarga sarflanishini, bajarilgan ishlarning sifat nazoratini tizimli ravishda olib borish, tekshirishlar muntazam ravishda o‘tkazilib turilishi, ajratilgan byudjet mablag‘larining bir so‘migacha hisobotlar qattiq talab qilib borilishi maqsadsiz va noqonuniy xarajatlarning oldini olishga xizmat qiladi, deb o‘ylayman.

Yuqoridagilardan ko‘rinib turibdiki, hali byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi bo‘yicha amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarimiz  ko‘p. Shuning uchun, avvalambor, 2020 yil Davlat dasturidan o‘rin olgan “Davlat moliyaviy nazorati” to‘g‘risidagi qonun loyihasini tayyorlashni tezlashtirish kerak. 

Qonun loyihasida bir qator jihatlarga e’tibor qaratish lozim, deb o‘ylayman. Xususan, loyihaga:

- Davlat moliyaviy nazorat departamentini Vazirlar Mahkamasi taркибиga o‘tkazishni;

- Vazirlar Mahkamasiningg strukturaviy tuzilmasida Davlat moliyaviy nazorat departamenti bevosita Bosh vazirga hisobot berishini;

- uning shtat birligini byudjetdan mablag‘ oluvchi tashkilot va muassasalar soniga nisbatan belgilash bo‘yicha norma kiritishni;

- davlat tashqi qarzi bo‘yicha hisobotlarni muntazam tekshirib borish va rahbariyatga taklif va tavsiyalar ishlab chiqish normasini kiritishni;

- huquqni muhofaza qilish organlari bilan ishlashda Davlat moliyaviy nazorat departamenti xodimlarining huquq va majburiyatlarini alohida norma sifatida kiritishni;

- byudjet tashkilotlarida taftish va tekshirish o‘tkazish rejalari ishlab chiqilishida undagi asosiy talablarni qonun loyihasida aks ettirishni;

- taftish va tekshirishlarni masofaviy hamda joyiga bevosita chiqqan holda amalga oshirish uchun norma kiritishni tavsiya etamiz.

Bundan tashqari, ayrim vazirliklardagi ichki audit va moliyaviy nazorat xizmatlarini, ehtimol, qisqartirish ham kerakdir. Sababi, o‘zi shu vazirlik xodimi bo‘lgani holda uning tizimidagi byudjet tashkilotlarida tekshirish o‘tkazib, aniqlangan kamchiliklarni huquqni muhofaza qilish organlariga taqdim qilishi unchalik ham ishonarli emas. 

Davlat byudjetining to‘g‘ri, maqsadli sarflanishi ustidan xalq, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish ham muhim ahamiyat kasb etadi. Bu borada, albatta, xalq vakillari hisoblangan deputatlar ham faol ishtirok etmoqda, joylarga chiqib, byudjet mablag‘larining maqsadli ishlatilishi, ularning natijadorligiga alohida e’tibor qaratgan holda parlament nazoratini olib bormoqda. 

Maqsadimiz parlament va jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish, shu orqali davlat byudjetining har bir summasi maqsadli sarflanishini ta’minlashga erishishdir.

Maqsud Qurbonboyev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

“Adolat” SDP fraksiyasi a’zosi.

O‘zA