Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Byudjet mablag‘ining noo‘rin sarflanishi davlatga xiyonat
19:17 / 2021-05-25

Toshkent shahar, poytaxt tumanlari hokimliklari, boshqarma va tashkilotlar rahbarlari ishtirokida shaharni 2021-2023 yillarda rivojlantirish istiqbollariga bag‘ishlangan kengaytirilgan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Toshkent shahar hokimi Jahongir Ortiqxo‘jayev bu boradagi ishlar haqida ma’lumot berar ekan, yil yakuniga qadar poytaxtimizning 500 dan ortiq mahallalarida hududlarni tartibga keltirish, obodonlashtirish, aholining sayr qilishi va hordiq chiqarishi uchun sharoit yaratish, salomatlik yo‘laklarini barpo etish, ko‘p qavatli uylarning fasad qismini ta’mirlash va bolalar maydonchalarini ta’mirlash va yangilarini barpo etish ishlari to‘liq yakunlanishini ta’kidladi.

Qayd etilishicha, mazkur yo‘nalishdagi ishlar uchun davlat byudjetidan yetarli mablag‘ ajratilgan bo‘lib, mablag‘larning maqsadli va samarali foydalanilishi va ish sifati yuqori bo‘lishi nazoratga olingan.

– Biz bugun yaratayotgan sharoit, aholining turmush sifatini oshirishga qaratilgan qulayliklar odamlarga kamida o‘n yil xizmat qilishi kerak, – deydi J.Ortiqxo‘jayev. – Byudjet mablag‘i noo‘rin sarflanmasligi, isrof qilinmasligi lozim, bu davlatga xiyonat bo‘ladi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022 yilda ijtimoiy soha ob’ektlariga katta e’tibor qaratilishi, sog‘liqni saqlash yo‘nalishidagi barcha ob’ektlarning kam-ko‘sti to‘ldirilishi, infratuzilmasi yangilanishi rejalashtirilgan. Shuningdek, bunday ishlar xalq ta’limi tizimidagi ob’ektlarda hamda maktabgacha ta’lim tashkilotlarida ham amalga oshiriladi.

Kelgusida yo‘l va yo‘laklar, markaziy va ichki ko‘chalarni ta’mirlash ishlari juda keng ko‘lamda bajariladi. Aynan shu yilda markaziy ko‘chalarni butkul ta’mirlash, transport bog‘lamalari va ko‘priklarni qurish, shahar transport tizimini takomillashtirish yangi bosqichga ko‘tarilishi rejalashtirilgan.

Yig‘ilishda poytaxtimizdagi madaniyat maskanlari – muzey, teatr, bog‘, madaniyat saroylarini ichki va tashqi turizm uchun jozibador ob’ektlarga aylantirish haqida ham ma’lumot berildi. Ushbu madaniyat maskanlarini ta’mirlash, sharoitlarini yaxshilash ishlari odatdagidek kamu ko‘stlarni bartaraf etish bilan cheklanib qolinmasdan, xorijdan mutaxassislar jalb etilgan holda ularning har birida o‘ziga xos bo‘lgan, tomoshabin, sayyohlarga qiziqarli ko‘rgazmali vositalar o‘rnatilishiga, bezaklar bilan boyitilishiga e’tibor qaratiladi.

Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA