Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Byudjet mablag‘ini o‘margan maktab direktorlariga jinoyat ishi ochildi
12:55 / 2023-07-25

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi fuqaro F.B. va boshqalarning Jizzax viloyati Paxtakor tumanidagi 14 - sonli bolalar musiqa va san’at maktabi mansabdor shaxslarining xatti-harakatlaridan norozi bo‘lib yo‘llagan murojaatini mutaxassislar ishtirokida o‘rgandi.

Ma’lum bo‘lishicha, ushbu maktab direktori V.O. o‘z xizmat mavqeidan foydalangan holda aslida maktabda ishlamagan turmush o‘rtog‘i (O.A.)ga ovoz berish operatori sifatida 2019-2023 yil 1 mayga qadar 47,3 million so‘m to‘lanishiga erishgan.  

Shuningdek, omborchi vazifasiga ishga qabul qilingan fuqaro N.E.ga 2022 yil va 2023 yil 1 mayga qadar 6,9 million so‘m, 2014 yilda ishdan bo‘shagan D.H.ga esa 2016 yilga qadar 22,9 million so‘m ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni noqonuniy ravishda to‘lagan. Oqibatda jami 77,1 million so‘m byudjet mablag‘ini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.    

Bundan tashqari, V.O. Zafarobod tumanidagi 9-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida direktor vazifasida ishlab kelayotgan o‘g‘li R.D. bilan jinoiy til biriktirib, byudjet mablag‘larini talon-toroj qilish maqsadida o‘z rahbarligidagi maktab xodimlari N.Yu. va I.T.ning xabarisiz ularni bir vaqtning o‘zida o‘g‘li rahbarligidagi maktabda ishlagani to‘g‘risida soxta hujjat rasmiylashtirgan.  

2017-2022 yillar davomida ushbu ikki xodimga majburiy ushlanmalardan tashqari jami 69,8 million so‘m ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni noqonuniy to‘lagan. Umumiy hisobda 146,9 million so‘m byudjet mablag‘ini o‘zlashtirish va rastrata qilish yo‘li bilan talon-toroj qilgan.    

O‘rganish natijasi bo‘yicha to‘plangan hujjatlar joriy yilning aprel oyida Bosh prokuraturaga yuborilgan.  

Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish Departamentining Jizzax viloyati Paxtakor tumani bo‘limi tomonidan Paxtakor tumanidagi 14-sonli bolalar musiqa va san’at maktabi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.  

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi axborot xizmatidan ma’lum qilishlaricha, hozirda tuman prokuraturasi tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.  

 

N.Abduraimova,  

O‘zA