Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Byudjet jarayonidagi huquqiy munosabatlar takomillashtirilmoqda
15:22 / 2025-12-03

Quyi palata majlisida “Byudjet jarayoni takomillashtirilganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

Qayd etilganidek, qonun loyihasida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini amalga oshirish doirasida respublika va mahalliy byudjetlar barqarorligini ta’minlash maqsadida byudjet tizimini va byudjet jarayonini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilgan. Xususan, byudjet daromadlari tarkibini muvofiqlashtirish, xalqaro tajribalarni inobatga olgan holda Davlat byudjetining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot turlarini kengaytirish hamda byudjet tizimiga oid normativ-huquqiy hujjatlarning o‘zaro mutanosibligini ta’minlashga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalarni ayrim qonun hujjatlarida aks ettirish nazarda tutilgan.

Davlat byudjetiga doir barcha hisobotlar Qonunchilik palatasiga faqat O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksida belgilangan audit xulosasi bilan birga kiritilishi qonun hujjatlarida belgilanmoqda. Ayniqsa, Davlat byudjetining ijrosi to‘g‘risidagi choraklik hisobotlarni O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining tezkor xulosasi bilan birga Qonunchilik palatasiga kiritilishi hamda hisobot shakllari aniq berilayotganligi bu boradagi ishlarni samarali tashkil etishga ijobiy ta’sir ko‘rsatishi ta’kidlab o‘tildi.

Loyihada byudjet buyurtmachilari tomonidan moliyalashtirish manbalari va miqdorlari aniq bo‘lmagan shartnomalar tuzish va tegishli tartibda G‘aznachilik organlarida ro‘yxatdan o‘tmagan shartnomalar bo‘yicha tovarlarni qabul qilib olish hollariga barham beruvchi normalar kiritilgan.  

Deputatlar 2026 yildan boshlab vaqtinchalik xarajatlar smetalarini tuzish jarayonini bekor qilish, uning o‘rniga byudjet tashkilotlari va byudjet mablag‘lari oluvchilarning xarajatlar smetalarini va shtat jadvallarini kelgusi moliya yil uchun tasdiqlash hamda ro‘yxatdan o‘tkazishning aniq muddatlarini belgilash yuzasidan taklif va tavsiyalar berdilar.

Muhtarama Komilova,  

Nosir Haydarov (surat),  

O‘zA