Quyi palata majlisida byudjet tizimi va byudjet jarayonlarini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda muhokama qilindi.
Ta’kidlanganidek, ushbu qonun loyihasi byudjet daromadlari tarkibini muvofiqlashtirish, xalqaro tajribalarni inobatga olgan holda Davlat byudjetining ijrosi to‘g‘risidagi hisobot turlarini kengaytirish, byudjet tizimiga oid normativ-huquqiy hujjatlarning o‘zaro mutanosibligini ta’minlashga qaratilgan.

Loyiha bilan Davlat byudjetiga doir barcha hisobotlar Qonunchilik palatasiga faqat O‘zbekiston Respublikasining Byudjet kodeksida belgilangan audit xulosasi bilan birga kiritilishi belgilanmoqda. Shuningdek, Davlat byudjetining ijrosi to‘g‘risidagi choraklik hisobotlarni O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasining tezkor xulosasi bilan birga Qonunchilik palatasiga taqdim qilinishi nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, loyihada byudjet buyurtmachilari tomonidan moliyalashtirish manbalari va miqdorlari aniq bo‘lmagan shartnomalar tuzish va tegishli tartibda G‘aznachilik organlarida ro‘yxatdan o‘tmagan shartnomalar bo‘yicha tovarlarni qabul qilib olish holatlariga barham beruvchi normalar aks etganligi korrupsiyaviy omillarning oldini olishga xizmat qilishi ta’kidlandi.
Mahalliy byudjetlar loyihalarini xalq deputatlari mahalliy Kengashlari yig‘ilishlaridagi muhokamalarida Hisob palatasi vakili ishtirokida muhokama qilish masalasi kiritilmoqda.
Qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida undagi normalar deputatlar bildirgan taklif va tavsiyalar asosida takomillashtirildi. Xususan, qonun loyihasiga o‘rta muddatli davr uchun fiskal strategiyani ishlab chiqish jarayonida umumiy fiskal balans prognozlarining hisobga olinishini nazarda tutuvchi norma kiritildi.
Qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi mamlakatimizda fuqarolarni byudjet jarayoniga keng jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish, byudjet mablag‘larini taqsimlashda shaffoflikni ta’minlash, byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga xizmat qiladi.
Muhokamalardan so‘ng qonun loyihasi qabul qilindi.
Muhtarama Komilova, O‘zA