Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
BYD “Yangi Nafas” va “Vatan Qalqoni” ommaviy yugurish musobaqasida birga yuguramiz
16:13 / 2024-06-26

Avval xabar berganimizdek, joriy yilning 29 iyun kuni mamlakatimizning 16 ta shahrida Xalqaro olimpiya kuni, Bolalarni himoya qilish kuni va Yoshlar kuniga bag‘ishlangan BYD “Yangi Nafas” an’anaviy ommaviy yugurish musobaqasi bo‘lib o‘tadi. Shu kuni Toshkentda oliy harbiy o‘quv muassasalari bitiruvchilari ishtirokida “Vatan Qalqoni” harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqasi o‘tkaziladi.

BYD “Yangi Nafas” an’anaviy ommaviy yugurish musobaqasi O‘zbekiston Sport, Mudofaa, Favqulodda vaziyatlar, Ichki ishlar, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, Maktabgacha va maktab ta’limi vazirliklari, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti, Milliy olimpiya qo‘mitasi, Yoshlar ishlari agentligi, Kasaba uyushmalari federatsiyasi, “O‘zbekneftgaz” AJ hamda O‘zbekiston yengil atletika federatsiyasi tomonidan tashkil etilmoqda.   

Poytaxtimizda harbiy xizmatchilar va huquqni muhofaza qiluvchi organlar xodimlarida vatanparvarlik ruhini mustahkamlash va qo‘llab-quvvatlash maqsadida Yengil atletika federatsiyasi huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan hamkorlikda harbiy-vatanparvarlik ommaviy yugurish musobaqalarini tashkil etadi. Bo‘lajak Vatan qalqoni musobaqasida oliy harbiy ta’lim muassasalari bitiruvchilari ishtirok etadi. Ushbu tadbir jismoniy chidamlilikni rivojlantirish va kuch tuzilmalari vakillarini birlashtirishga qaratilgan.   

BYD “Yangi Nafas” va “Vatan Qalqoni” ommaviy yugurish musobaqalarida maktab o‘quvchilari, talabalar, sayyohlar, tadbirkorlik va davlat tuzilmalari vakillari, harbiy xizmatchilar, jamoat arboblaridan iborat 60 mingga yaqin kishi ishtirok etadi.   

An’anaviy ommaviy yugurish musobaqasi masofasi 3 km bo‘lib, Andijon, Namangan, Farg‘ona, Nurafshon, Navoiy, Guliston, Jizzax, Samarqand, Termiz, Qarshi, Buxoro, Qorovulbozor, G‘uzor, Urganch va Nukus shaharlarining markaziy ko‘chalari bo‘ylab o‘tadi. Toshkentda «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida poygaga start beriladi. Barcha ommaviy yugurish musobaqalari bir vaqtning o‘zida ertalab soat 7:00da boshlanadi.   

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA