Xitoyning elektromobil ishlab chiqaruvchi yirik kompaniyasi – BYD sentyabr oyida Buyuk Britaniyadagi savdosini 880 foiz oshirgani ma’lum qilindi. Shu tariqa Qirollik kompaniya uchun XXRdan tashqardagi eng yirik bozorga aylandi.
Kompaniya o‘tgan oy 11 271 dona avtomobil sotgan, xaridning asosiy qismini “Seal U” rusumidagi gibrid krossover ta’minladi.
Bu natija Britaniyada mashina bozori rekord darajada o‘sayotgan davrga to‘g‘ri keldi. Avtomobil sanoati uyushmasi (SMMT) ma’lumotiga ko‘ra, o‘tgan oy mamlakatda toza elektromobil sotuvi 73 000 ga yaqinlashgan.
Tumanli Albion hozir BYD va boshqa xitoylik ishlab chiqaruvchilar uchun eng qulay bozor hisoblanadi, chunki mamlakat Xitoy elektromobillariga boj solig‘i joriy etmagan.
BYD Angliya bozoridagi ulushini 3,6 foizga yetkazdi. Kompaniyaning Britaniyadagi rahbari Bono Ge ayni natija “brend uchun yangi bosqich” ekanini ta’kidladi va yaqin oylarda yangi gibrid va elektr modellar taqdimoti o‘tkazilishini bildirdi.
Umuman esa Qirollikda eng ko‘p sotilgan avtomobillar orasida “Kia Sportage”, “Ford Puma” va “Nissan Qashqai” yetakchilik qilyapti. Shuningdek, BYD rusumidagi “Seal U” va “Jaecoo7” turlari ham ilk bor kuchli 10 lik ro‘yxatiga kirgan. Shunga qaramay, benzin va dizel yonilg‘isi bilan ishlaydigan mashinalar hamon savdoning yarmidan ko‘pini qoplamoqda.
Britaniyadan farqli o‘laroq, o‘tgan yil YeI Xitoy elektromobillariga 45 foizgacha boj joriy qilgan, AQSH ham bu borada Tramp va Bayden ma’muriyatlari davridagi keskin siyosatni davom ettirmoqda.
Musulmon Ziyo, O‘zA