“Buzuq” traktor qarz to‘langach, yurib ketdi
Qashqadaryoda MIB xodimlari bilan bog‘liq qiziq holat yuz berdi. MIB xodimlari viloyatning Mirishkor tumanidagi fermer xo‘jaliklaridan biri xorijiy klaster korxonasiga 105 million so‘m miqdordagi qarzini to‘lamasdan kelayotgani sababli fermerning “TTZ-80” rusumli traktorini xatlashga kirishadi. Xatlov paytida qarzdorlar traktor nosozligini, shu bois yurmasligini ta’kidlashadi.
Ammo mas’uliyatli davlat ijrochisi bo‘sh kelmaydi. Ishni yarim yo‘lda qoldirmay traktorni kran yordamida yuk mashinasiga ortib, jarima maydonchasiga olib boradi.
Hozir ayni mavsum. Agrotexnik tadbirlar uchun traktor juda zarur. Fermer ko‘p o‘tmay qarzni to‘liq qopladi. Qizig‘i shundaki, traktorni olib ketish uchun bu safar kran emas, faqat o‘zining kaliti kifoya qildi. “Nosoz” traktor o‘t olib yurib ketadi.
Qonun ustuvor. Unga rioya qilishga esa barchamiz mas’ulmiz.
O‘lmas Barotov,
O‘zA muxbiri