Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buzoqning yugurgani somonxonagacha
16:21 / 2025-06-25

Mamlakatimizda keyingi 7 – 8 yil mobaynida tadbirkorlikni rivojlantirishga va uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga hukumat darajasida alohida e’tibor qaratilmoqda.

Yangi ish o‘rinlari yaratib, ishlab chiqarishni rivojlantirgan va soliqlarni o‘z vaqtida to‘lagan tadbirkorlarga esa ko‘plab imtiyozlar berilayotganini ham shu o‘rinda alohida ta’kidlab o‘tish joiz. 

Biroq sholi kurmaksiz bo‘lmaydi deganlaridek, ana shu imtiyozlardan to‘g‘ri foydalanish o‘rniga, soliq qarzlarini to‘lamay, turli noqonuniy harakatlarni amalga oshirib yurgan tadbirkorlar ham, afsuski, oramizda yo‘q emas.  

Jumladan, Jizzax viloyatida soliq qarzini to‘lashdan bo‘yin tovlab yurgan “Chapsan-kapsan” mas’uliyati cheklangan jamiyati raisi Chaqqonboy Chalaboyev (geografik atamalar va jamiyat raisining ismi-sharifi o‘zgartirildi) ana shundaylardan biri bo‘lib chiqdi. Uning bu safargi ayyorona rejasi majburiy ijro byurosi xodimi tomonidan fosh etildi.

MIB ning Zafarobod tumani bo‘limining ish yurituviga mazkur MCHJ dan soliq qarzini undirishga oid ijro hujjati kelib tushadi. Davlat ijrochisi qarzdorning mulkiy holatini aniqlash maqsadida tegishli tashkilotlarga so‘rovnomalar yuboradi. Natijada, “Chapsan-kapsan” MCHJ ga tegishli maxsus texnika mavjudligi aniqlangan, lekin soliqdan qarzdorligi bo‘lgan MCHJ raisi mazkur mulkini xatlovdan yashirganligi sababli ushbu texnika vositasiga nisbatan qidiruv e’lon qilinadi.  

"Buzoqning yugurgani somonxonagacha"  maqoli bejiz aytilmagan. Qidiruv natijasida ushbu yuklovchi transport vositasi qo‘shni Sirdaryo viloyati hududida yashirilayotganligi aniqlandi va belgilangan tartibda vaqtinchalik saqlash uchun jarima maydonchasiga olib kelib joylashtirildi.

Endilikda ushbu texnika auksion savdolariga chiqarilishi va tushgan mablag‘ ijro hujjati asosida Ch.Chalaboyevning soliq qarzini qoplashga yo‘naltiriladi.

A.Qayumov, O‘zA muxbiri