Jizzax shahri ko‘chalarida bu gal oddiy avtokarvon emas, hayot va o‘lim orasidagi tanlovni eslatuvchi ogohlantiruv harakatlandi. Yo‘l-transport hodisalarining ayanchli oqibatlarini namoyon etgan targ‘ibot “Avtokarvon”i yo‘ldagi har bir insonni kamida bir lahza to‘xtatib, o‘z harakati haqida o‘ylashga majbur qildi.
Har kuni shoshib ishga, maktabga, uyga ketamiz. Piyoda yoki haydovchi ekanligimizga ko‘p ham e’tibor bermaymiz. Ammo aynan shu bee’tiborlik ba’zan soniyalar ichida butun bir umrni o‘zgartirib yuboradi. Yo‘l qoidasiga amal qilmaslik — shunchaki qoidabuzarlik emas, u — singan taqdir, yaralangan tan, ko‘z yoshiga to‘lgan oila.
Ma’lumotlarga ko‘ra, yo‘l-transport hodisalarining katta qismi aynan tezlikni oshirish, xavfsizlik kamarini taqmaslik va piyodalarning yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tishi oqibatida sodir bo‘ladi. Bu raqamlar ortida esa aniq manzil, aniq inson va orzu-umidlari yarim yo‘lda qolgan hayotlar turadi.

Jizzax viloyati Ichki ishlar boshqarmasi jamoat xavfsizligi xizmati yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi tashabbusi bilan tashkil etilgan avtokarvon shahar ko‘chalari bo‘ylab harakatlanar ekan, avtohalokatlardan keyin vayron holga kelgan avtomashinalarni ko‘rganlar befarq qolmadi. Bu manzaralar har bir harakat ishtirokchisiga bitta og‘ir savolni qo‘ydi: “Navbatdagi qurbon kim bo‘lishi mumkin?”
Tadbir davomida aholi gavjum hududlarda haydovchi, piyoda va yo‘lovchilar bilan suhbatlar o‘tkazilib, yo‘lni belgilanmagan joydan kesib o‘tish, tezlik me’yoriga amal qilmaslik, xavfsizlik kamarini taqmaslik kabi “oddiy” deb qaraladigan xatolarning qanday fojiali oqibatlarga olib kelishi ochiq misollar orqali tushuntirildi.

Bu targ‘ibotning maqsadi hisobot to‘ldirish emas. Asosiy maqsad — bir insonni bo‘lsa ham falokatdan saqlab qolish. Chunki yo‘ldagi har bir xato kimningdir uyida qaytmay qolgan ota yoki farzandga aylanishi mumkin.
Shu bois yo‘lga chiqar ekansiz, shoshmang. Qoidaga amal qiling. Sizni uyda kutayotganlar bor.
Zero, yo‘l qoidasi — umr foydasi.
Sabohat Davlatova,
Jizzax viloyati IIB
Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasining
axborot guruhi inspektori
O‘zA