Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buzg‘unchi oqimlarning "donishmand" peshvolari: terrorizmning biror-bir dinga, jumladan, islomga ham daxli yo‘q...
12:00 / 2021-06-29

Terrorizmning biror dinga, jumladan, islomga ham hech bir daxli yo‘q.

 Terror, ekstremizm, fundamentalizm va boshqalar – har biri o‘z nomi bilan aytilishi lozim.  

Bu tushunchalar siyosiy unsurlardan oziqlangan va boshqa manfaatlarda niqoblangan razil ishlardir. Razil ishlar, e’tiqodimizga ko‘ra, u dunyoda o‘ta kechirilmas gunoh, bu dunyoda esa o‘z nomi bilan og‘ir jinoyat sanaladi. Bu razilliklarni kim, qaysi din, davlat yoki davlat vakili qilishidan qat’i nazar, ular jazoga mahkumdirlar...  

Inson yaralib, unga aql berilib, ongi charxlanibdiki, fikr yuritadi, tasavvur qiladi va tafakkur yuritadi, uning ongida g‘oyalar, g‘oyalardan esa, mafkura yaraladi, bu insonni - ojiz bandani ko‘ring, mango‘likka da’vogar mafkura yaratmoqchi bo‘ladi.  

Inson hech qachon dindan kuchli g‘oya, dindan kuchli mafkura yaratolmagan, yaratolmaydi ham. Chunki dinni inson yaratmagan. U mukammal g‘oya, abadiy mafkura, ilohiy kitobdir. Insonga esa e’tiqod xos bo‘lib, u tokay e’tiqodga tayanib yashaydi. E’tiqodki, odamlikni namoyon etadi.  

Mana shuni yaxshi bilgan, azizu-mukarram, muqaddas deya sifatlangan inson zotining ayro vakillari, ya’ni, «e’tiqoddan kechganlar»,«odamlikdan yiroqlashganlar» ana shu abadiy e’tiqod kitoblarini niqob qilib, o‘z manfaatlariga moslab talqin qilishgacha bordi.  

Bu manfaatlarki, g‘arazli maqsadlarga erishishning puxta ishlangan strategiyasiga asoslangandir... Bizning ongimizni manipulyatsiya qilish orqali ayni shu maqsadlarga erishish esa, ularning asosiy strategiyasidir.  

Xorijiy davlatga ishlash, oilasini but, ro‘zg‘orini to‘kis qilish umidida borib, e’tiqodi zaifligi, ilmsizligi sababli muhojirlikda yovuz maqsadli to‘dalar tuzog‘iga oson tushib qolib, ularning mafkuraviy targ‘iboti ta’sirida jihodchi to‘dalarga, terrorchilik tashkilotlariga qo‘shilib ketgan yosh yigit va qizlarning taqdiri bunga yetarli asos bo‘la oladi.  

Bugun o‘sib kelayotgan avlodni qiynayotgan eng og‘riqli ijtimoiy muammolar – mehnat muhojirligi, savodsizlik, diniy bilimlar bobidagi ilmsizlik, fundamentalizmga moyillikdan tashqi kuchlar juda unumli, ayovsiz foydalanmoqda.  

Ko‘zini parda qoplab olgan yoshlar oxirini o‘ylamay qanday mudhish balolarga o‘zini giriftor qilayotgani, ota-onasi, yaqinlari va butun elni sharmandali ahvolga solib qo‘yayotgani hech kimga sir emas.  

Muqaddas Islom dinidan chiroyli va jozibador niqob sifatida foydalanayotgan xalqaro terrorizm rahnamolarining ishlash mexanizmlari, bunday tashkilotlarning shakllanish va moliyalashtirish jarayonlari aslida dinga mutlaqo zid son-canoqsiz oqimlarga jalb etishning zamonaviy uslub va yo‘llari, ularning maxfiy tarzda qanday ishlashi bugun barchamizga besh qo‘lday ayon.  

Aslida ularning asosiy niyati dunyo musulmonlari o‘rtasida tuganmas adovat va fitna qo‘zg‘ash, yagona xalifalik tuzish bahonasida hokimiyatni egallash, xalqlar o‘rtasida nizo-yu urushlar chiqarib, taraqqiyot va farovonlik yo‘llarini kesib tashlash va musulmonlarni jaholat davriga qaytarishdir.  

Toki, o‘zini sof iymon egalari va mo‘minlarni zalolat botqog‘idan xalos etguvchiday qilib ko‘rsatuvchi buzg‘unchi oqimlarning «donishmand» peshvolari ortida manfur shaxslar turar, ularni katta mablag‘lar evaziga moliyalashtirib, o‘z ssenariylari yo‘lida qo‘g‘irchoqdek o‘ynatayotgan ekan, bunga qarshi jiddiy chora ko‘rish zarur.  

Bu choralar turli tadbirlar, festival va boshqalar bilan bunga cheklanib qolmasligi muhim.  

Bunda birdan-bir yo‘l ilmdadir. «G‘oyaga qarshi g‘oya, mafkuraga qarshi mafkura, jaholatga qarshi ma’rifat», deb balandparvoz shiorlar bilan cheklanib qolmasdan «Kuchli mafkura» atrofida sobit turib birlashish darkor.  

 VATANNI SEVMOQ – IYMONDANDIR  

Hadisi-sharifda aytilganidek, «Hubbul vatani minal iymon» – «Vatanni sevmoq iymondandir». Bunda bitta tamoyilga e’tibor qaratish kerak, «o‘sib-ulg‘ayib yurtim obro‘yini ko‘klarga ko‘taraman», degan katta gaplar emas.  

Biz - barchamiz bilgan bir ko‘hna haqiqatni yoddan chiqarmasin, «yoshlarimizda, farzandlarimizda borki kamchilik faqat ularning yoshligida, bolaligidadir, yolg‘izgina boyligi ham ularning yosh ekanligidadir. Ularni – kamchiligimizni to‘ldiraylik, boyligimizni – yoshlarimizni himoya qilaylik. Yoshlarimiz ongini manipuliyatsiya qilishlariga yo‘l qo‘yib bermaylik, buzg‘unchi g‘oyalarni yaratib, yana uni dinlarga o‘rab, targ‘ib qilayotgan buzg‘unchilardan asraylik, odamlik yo‘lidan adashtirishlariga imkon yaratib bermaylik. Ikkinchi darajali amallarga qattiq bog‘lanib qolib, ularning kamoli birlamchi ekanligini unutmaylik, burchimizni bajaraylik, yoshlarimizni asraylik, himoyamizga olaylik, toki kech bo‘lmasin...  

Ochiqlik zamonida bizga jihod, hijrat, johillik, ekstremizm, shariat, xalifalik tuzish, missionerlik kabi tushunchalarning mantiq va ma’nosini sodda tilda tushinishga va farzandlarimizga tushuntirishga nima xalaqit qiladi?  

Vertual olamning fikrlarni o‘zgartirib yuborayotgan «ijtimoiy hujralari» – ma’naviy tahdid har qanday quroldan-da xavfliroqdir.  

Ayni damda mehnat muhojirlarini da’vatga chorlash uchun yo‘lga qo‘yilgan veb-saytlar hamda «Facebook», «Youtube» va «Telegram» axborot resurslari va ijtimoiy tarmoqlardagi ikki yuzdan ortiq profillar, kanal va sahifalar bizni o‘ylantirmog‘i kerak. Ijtimoiy tarmoqlardagi o‘z salbiy, vayronkor g‘oyalarini targ‘ib etish orqali o‘z maqsadlari va manfaatlarini ustuvor bilgan 5000 dan ortiq veb-saytlar ham bizda xavotir uyg‘otadi.  

Gap kelganda aytib o‘tish kerakki, O‘zbekiston rahbarining Birlashgan Millatlar Tashkiloti «Ma’rifat va diniy bag‘rikenglik» Rezolyutsiyasi hamda «Yoshlar huquqlari to‘g‘risidagi xalqaro konvensiya» kabi tashabbuslari bu jarayonda ezgulikni targ‘ib qilishda muhim rol o‘ynaydi. Diniy bag‘rikenglik yo‘lida qisqa muddatda katta ishlar qilindi.  

 DUNYONI «MANFAAT» BOSHQARADI  

Ayrimlarimizni hatto tasavvurimizga ham kelmagan ba’zi guruhlar o‘z manfaatlari sari g‘arazli maqsadlariga erishishning shunday bir yashirin strategiyasini ishlab chiqqanki, bu strategiyaning asosida yoshlarimizning ongini zaharlash orqali ayni shu maqsadlarga erishish yotadi.  

Tahlillarga ko‘ra, sodir etilayotgan teraktlarning aksariyatining ijrochilari yoshlardir. Tayyorlanayotgan terrorchi va ekstremistlarning ko‘pchiligini ham aynan yoshlar tashkil etadi.  

Teraktlarning buyurtmachilari esa yoshi kattalar, kattalarki, «ulkan» marralarni ko‘zlagan. Maqsadlari ham katta-katta, g‘arazli, shu darajada g‘arazliki, bir davlat chegarasiga sig‘maydi, bir yoki ikki millat bilan chegaralanmaydi, kamida transmilliy, geosiyosiy vaznga ega. Bu kattalar deganda kazo-kazo insonlarni tasavvuringizga keltirib cheklanib qolmang, bunda katta-katta gegemon davlatlar ham bevosita ishtirokchidir.  

Ana o‘shalarning maqsadlariga erishish yo‘llari ham mukammal rejalar asosida qurilgan. Ularning mukammalligi shundaki, maqsadlari yo‘lida eng avvalo inson ongiga ta’sir etadi, ya’ni, manipulyatsiya. Bu maqsad yo‘llari strategik unsur bilan mustahkamlangan. Strategiyaki, milliy axborot makonlarida o‘z mavqelarini gegemon doirada o‘rnatish, iqtisodni izdan chiqarish, energiya resurslariga, xalqaro transport yo‘llariga, arzon ishchi kuchiga egalik qilish, hukumatlarni o‘zlariga ma’qul bitimlar tuzish holatiga olib kelish, sarhad bilmas makon yaratish xomashyo makoniga, kamyob tabiiy resurslarga egalik qilish, mahsuloti uchun bozor, bozori uchun xaridor topish.  

U shunday xaridorki, davlatlardagi haqiqiy davlat – «korporatsiyalar» qurol-yarog‘ga ham doimiy buyurtmachi bo‘lsin, bu soha industriyasini ham qo‘llab-quvvatlasin, to‘xtab qolmasin. Chunki bugungi dunyoda eng katta daromad shu sohaga tegishli...  

Darvoqe, «yoshlar» deganda faqatgina yoshlar bilan cheklanmang, tasavvuringizni keng quloch yoyib fikr qilishiga qo‘yib bering va yoshlar deganda yosh, endigina oyoqqa turayotgan yoki yillar davomida gegemon davlatlar tomonidan siquvga olinaverib, hech ham katta bo‘la olmayotgan davlatlarni ham qo‘rqmay tasavvur qilavering, demoqchiman, xolos...  

Terrorizmning biror-bir dinga, jumladan, islomga ham hech bir daxli yo‘q, manipuliyatsiyadan ogoh bo‘ling...  

 Nuriddin Murodov