Prezidentimizning 2024 yil 15 avgustdagi “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida o‘tmishda yashagan noyob asarlari bilan qadri tengsiz olimu fuzalolarimizni jahonga keng targ‘ib qilish barobarida o‘g‘il-qizlarimizning ma’naviy-ruhiy olamini boyitish, ular qalbida milliy iftixor, Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat va azaliy qadriyatlarga hurmat hissini yanada yuksaltirish yuzasidan muhim vazifalar belgilab berilgan.
Mamlakatimiz janubida mangu qo‘nim topgan Imom Termiziy, Hakim Termiziy va boshqa termiziylar o‘z davrida ibratli hayoti, ijodi, islom ilmlari rivojiga qo‘shgan hissasi bilan bizga boy ilmiy-ma’naviy meros qoldirganki, ularni yosh avlod ongu shuuriga singdirib, milliy qadriyatlarimiz ruhida kamol toptirish har birimiz uchun muqaddas burchlardan biri sanaladi.
Chunki, hozirgi davrda ham Imom Termiziy va Hakim Termiziy singari buyuk ajdodlarimizning diniy masalalar, inson ruhiyati, odob-axloq, hikmat kabi mavzulardagi asarlari o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Bugun har xil da’volarni ilgari surayotgan yot kuchlar kirdikorlarini fosh etishda bu allomalar asarlarida sof islom ta’limoti, zo‘ravonlik, buzuqlik, xunrezlik singari illatlar qoralanib, ma’naviy barkamollik g‘oyalari tarannum etilgani bilan nodir manba hisoblanadi. Ulardan yosh avlodni xabardor qilish o‘zligimizni anglab, buzilishlarning oldini olishga ijobiy ta’sir o‘tkazadi.
Ayni paytda markazning ilmiy xodimlari bu borada keng qamrovli izlanishlarni olib borib, ulug‘ mutafakkirlarimizning ana shunday nodir asarlarini nashr ettirib, keng omma shu jumladan, o‘g‘il-qizlarimizga taqdim etmoqda. O‘tgan davrda bevosita ilmiy tadqiqotchilarimiz mehnati bilan 13 ta kitob, risola va qo‘llanma, 27 ta ilmiy maqolalar nashr etildi. 74 ta qo‘lyozma asarlarning elektron bazasi yaratildi, 63 ta toshbosma va qo‘lyozma asarlarning katalogi tayyorlandi, 8 ta qo‘lyozma va toshbosma, 4 ta gazeta va zamonaviy nashrdagi kitoblar aholidan qabul qilib olindi. Oltita xalqaro va 59 ta mahalliy kitoblar taqdimoti o‘tkazildi. Masalan, “Kitobnashr” nashriyotida “Sunani termiziy sharhi” kitobining to‘rt jildi chop etildi. Abu Ja’far Termiziyning “Tafsir” kitobi nashr qilindi. Yosh avlodga Xolid ibn Ziyod Termiziy, Munjik Termiziy, Sayyid Ali Termiziy, Muhammad ibn Xomid Termiziy, Muhammad Solih Kashfiy Termiziy kabi allomalarning nodir asarlarini tuhfa etdi. Hakim Termiziyning “Qur’onning serma’no so‘zlarini anglash”, “Namoz va uning maqsadlari” kitoblari ham o‘quvchilar qo‘liga tegdi.
Markaz xodimlari “Huquqiy savodxonlik” oyligi doirasida 93 ta targ‘ibot tadbiri o‘tkazib, diniy ta’lim muassasalariga 21 turdagi 720 ta, ta’lim muassasalari, tashkilotlar, harbiy qismlar va mahalliy hokimliklarga “Buyuk termiziylar” ruknidagi 6 ming 150 dona, “Qaytaruv guruhi” a’zolariga ikki turdagi raddiya yo‘nalishidagi yuz dona kitob va risola tarqatildi. Shuningdek, ma’naviy-ma’rifiy va targ‘ibot tadbirlarini tashkil etishga alohida e’tibor qaratilib, 283 ta “Jaholatga qarshi ma’rifat” shiori ostida uchrashuv va davra suhbatlari, 176 ta yot g‘oyalar ta’siriga tushib qolganlar yoki yot g‘oyalarga moyilligi bo‘lganlar bilan “Qaytaruv” tadbirlari doirasida “individual suhbat”, 32 ta boshqa mavzularda tadbir o‘tkazildi. Ularning 204 tasi markazdan olis, chegara va tog‘li hududlarda tashkil etilib, qariyb 26 ming tinglovchi qamrab olindi. Ularning 11 ming 330 dan ortig‘i xotin-qizlardir.
Davlatimiz rahbarining “Imom Termiziy tavalludining 1200 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarorida belgilab berilgan vazifalar katta orzu-havaslar bilan ulg‘ayayotgan farzandlarimizni buzg‘unchi ommaviy madaniyat qurshovidan ishonchli himoya qilish va dinimiz sofligini asrashda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda. Zero, benazir ajdodlarimizdan qolgan ma’naviy merosga bizning davrimizda ham katta ehtiyoj bor. Amalga oshirayotgan bu ishlarimiz yoshlarning Imom Termiziy va termiziy allomalarning bebaho ilmiy meroslarini yanada mukammal o‘rganishiga qulay muhit yaratgani bilan ahamiyatli bo‘lmoqda.
Muzaffarxon Joniyev,
Imom Termiziy xalqaro ilmiy-tadqiqot
markazi direktori.
O‘zA