Jahon tarixini o‘zgartirib yuborgan, olamshumul ishlar qilgan insonlar bor. Buyuk Temur, shak-shubhasiz, ana shunday shaxslardan biri. Uning buyuk shaxs bo‘lganini jahonning aksariyat temurshunos olimlari va mutaxassislari tan oladi. Xorijda Temur haqida yozilgan asarlarning mutlaq ko‘pchiligida Turon hukmdoriga nisbatan “Buyuk” sifati qo‘shib ishlatiladi. Lekin Buyuk Temur o‘z yurtida hamon “Amir Temur”, “Sohibqiron Amir Temur”, “Amir Temur Ko‘ragon” va “Temurbek” deb atab kelinmoqda. Buyukligini dunyo e’tirof etgan Temur bobomizning nomiga uning avlodlari nima uchun “Buyuk” so‘zini qo‘shib ishlatmaymiz, buning sababi nimada, degan savollar meni doim o‘ylantirar edi.
Shu yilning 5 fevral kuni qabul qilingan “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi Prezident qarori ana shu kamchilikni bartaraf etish yo‘lida tashlangan katta qadam bo‘ldi.
Ko‘pchilik biladiki, jahon tarixi, fani va madaniyatiga ulkan hissa qo‘shgan shaxslar nomiga “Buyuk” sifati qo‘shib ishlatiladi. Shu bois, jahonda Temurni ko‘pchilik “Buyuk Temur” deb ataydi. Xorijda Temurga bag‘ishlab yozilgan asarlarning aksariyati shunday nomlanadi. Bizda esa uning nomiga boshqa sifatlar qo‘shib ishlatiladi, ya’ni “Amir”, “Sohibqiron”, “Ko‘ragon” va “Temurbek”. Temurni “Amir Temur” deb atash esa, menimcha, hatto ruhimizga ham singib ketdi. Mazkur atamalarning mohiyatini to‘g‘ri tushunish uchun temurshunos olimlar Bo‘riboy Ahmedov, Abdulahad Muhammadjonovlarning “Sohibqiron Amir Temur (1336-1405)” maqolasiga murojaat qilamiz.
“Amir”. Temur tug‘ilishi bo‘yicha amir edi. Ya’ni u hayotida hech qanday yutuqqa erisha olmasa ham, jiddiyroq amalga chiqa olmasa ham, tug‘ilgan viloyati Keshdan tashqariga chiqolmasa ham baribir Amir Temur bo‘lib qolaverardi. So‘zimning isboti sifatida mazkur maqoladan iqtibos keltiraman: “Amir Temur, Temur, Temurbek (to‘liq ismi Amir Temur ibn Amir Tarag‘oy ibn Amir Barqul). ...Otasi amir Tarag‘oy esa barlos urug‘ining oqsoqollaridan hamda Chig‘atoy ulusining e’tiborli beklaridan hisoblangan. Uning ajdodlari Kesh viloyatida hokimlik qilishgan”.
Mazkur iqtibosdan ko‘rinib turibdiki, Temurga “Amir” sifati qo‘shilishida uning hech qanday xizmati yo‘q. Bu otasidan meros nasab hisoblangan. Shu bois, tug‘ilishi bilan uning ismi “Amir Temur” deb atalgan.
“Amir” unvonining boshqa ma’nosi ham bor. O‘zbek tilining izohli lug‘atidan: “AMIR – (hokim, hukmdor; boshliq) ”Buxoroda va ba’zi musulmon mamlakatlarida: xonlik, podsholik unvoni hamda shu unvon egasi”. Demak, “amir” unvoni “xon yoki “podsho” ma’nolarini ham bildirar ekan. Bu o‘rinda, balki, Temur “xon” yoki “podsho” unvonlaridan “amir” unvonini baland qo‘yib, shu nom bilan tarixda qolishni o‘ylagandir, degan faraz tug‘ilishi ham tabiiy...
Mazkur maqoladan quyida keltirilgan iqtibos esa Temur “amir” nasabini harbiy unvon sifatida ham tushunganligidan dalolat beradi: “El-yurtni boshqarishda harbiy kuchning ahamiyatini yaxshi tushungan Amir Temur qo‘shinning tuzilishiga katta e’tibor qaratdi. U “amir” va “amir ul-umaro” kabi yuqori darajali harbiy unvonlar joriy qildi”. Qahramonlik ko‘rsatgan jangchilarni Temurning o‘zi “amir” unvoni bilan taqdirlagan: “Eng yaqin navkarlarimdan uch yuz o‘n uch kishiga amirlik mansabi berishni buyurdim, chunki ular asli toza, aql-farosatli, bahodir, dovyurak, tadbirkor, sergak, ehtiyotkor, oldi-ketini o‘ylab ish tutadigan kishilardir”.
“Sohibqiron”. Bu so‘zning ma’nosi “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da quyidagicha talqin etiladi: ”SOHIBQIRON”(qiron egasi) 1. Astrologiya va afsonalarda: Zuhra va Mushtariy yoki Zuhra va Quyoshning ekliptika davrining ma’lum bir darajasida to‘qnash kelish vaqti (qiron)da tug‘ilgan bola (bunday bolaning baxtli, g‘olib, muzaffar va ulug‘ martabali bo‘lishi bashorat qilingan). 2. Sharq mamlakatlarida: qudratli hukmdor, jahongir unvoni. 3. Amir Temurning sharafli unvoni.
Demak, Zuhra (Venera) va Mushtariy (Yupiter) yoki Zuhra va Quyoshning ekliptika davrining muayyan bir darajasida to‘qnash kelish vaqti astrologiya va afsonalarda “qiron” deb atalarkan va shu paytda tug‘ilgan bolaning kelajagi buyuk bo‘lishi oldindan ma’lum bo‘lar ekan. Soddaroq qilib aytsak, “Sohibqiron” atamasining mazmuni ilmiy asosga ega bo‘lmasdan, balki astrologiya va afsonalardan kelib chiqqan ekan!...
“Ko‘ragon”. Men Temurga “Ko‘ragon” unvonini berish aslida Buyuk Temurning shaxsini yerga urish, unga nisbatan kamsitish, deb hisoblayman. Ayrim tarixchilar fikri bo‘yicha bu masala mana bu tarzda bayon etiladi: “1370 yilning 10 aprelida Balx shahri Amir Temurga taslim bo‘ldi. Amir Husayn asir olinib, qatl etildi. Bu g‘alabadan so‘ng Amir Temur Movarounnahrning chingiziylardan bo‘lgan hukmdori Qozonxonning qizi Saroymulkxonimni o‘z nikohiga oladi. Xon qiziga uylanganligi munosabati bilan Amir Temur «ko‘ragon», ya’ni «xonning kuyovi» unvonini oldi”.
Avvalo, millatimiz va dinimizda xotinning nasabi bilan faxrlanish oriyatsizlik va uyat hisoblanadi. Bu gap hatto, eng oddiy yigitlarga ham tegishli. Xalqimiz asrlar davomida shu aqida bilan yashab kelgan. Shunday ekan, nahotki, Turonday katta bir davlatga hukmdorlik darajasiga yetgan Temur birovning haramidan qolgan, lekin xon avlodidan bo‘lgan beva ayolga uylanishni o‘ziga sharaf deb bilgan bo‘lsa! Bunga ishonish qiyin! Bunday bo‘lishi Temurning g‘ururiga mutlaqo to‘g‘ri kelmas edi! Qolaversa, mabodo Temurga “xonga kuyovlik” unvoni kerak bo‘lsa, u Chingizxon avlodidan bo‘lgan hali turmush qurmagan qizga uylanishi mumkin edi!
O‘zida 80 000 so‘zni qamrab olgan “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da “ko‘ragon” so‘zining ma’nosi u yoqda tursin, hatto o‘zi ham yo‘q ekan! Agar bugungi kunda tilimizda bu so‘z bo‘lmasa, Temur davrida ham bo‘lmagandir, bu laqabni uning vafotidan keyin xalqimiz dushmanlari ataylab o‘ylab topib, tarixga kiritib yuborishganmikin, degan farazu-gumonlar paydo bo‘lishi ham tabiiy bir hol...
Shu o‘rinda bir izohtalab holat bor. Ya’ni ayrim tarixchilar o‘sha davrda “ko‘ragon” so‘zi “hukmdor” ma’nosida ham ishlatilgan, deyishadi. Lekin maqolada men bu so‘zning “xonning kuyovi” ma’nosida ishlatilgan varianti haqida fikr yuritdim.
Buyuk bobomizni ”Temurbek” deb atash holatlari ham bor. Lekin bu unchalik ko‘p tarqalmagan variant bo‘lgani va mazmuni qo‘shimcha izohsiz ham tushunarli ekanligi tufayli unga to‘xtalib o‘tirishni ortiqcha hisoblayman.
Ayrim temurshunoslarda Temur Chingizxon avlodidan bo‘lmagani uchun u xonlik taxtiga o‘tirishga haqqi yo‘q edi, degan fikrlar bor. Mutaxassislarning bu boradagi qarashlariga misol sifatida 5 ta kitobdan iborat “Ulug‘ saltanat” tetralogiyasini yozgan O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muhammad Ali ijodiga murojaat qilamiz: “O‘sha paytdagi taomilga ko‘ra, davlatga Chingizxon asos solgan, shuning uchun faqat uning avlodidan bo‘lganlargina xon atalishga loyiq ko‘rilardi”.
Bu “taomil” qayerdan kelib chiqqanligini tarixchilar bunday tushuntirishadi: Temurning sakkizinchi ajdodi Qochuvli (ba’zi manbalarda Qachuli) bahodir va Chingizxonning uchinchi ajdodi Qabulxonlar (bu kishi turk-mo‘g‘ullarning afsonaviy onasi Alonquvaning avlodi bo‘lgan deyiladi) o‘rtasida “Xonlik Qabulxon avlodining qo‘lida, sipohsolorlik esa Qochuvli bahodir bolalarida bo‘lsin”, degan ahdnoma bo‘lgan. Balki shunday “ahdnoma” bo‘lgani tufayli o‘sha paytdagi odamlarda faqat Chingizxon avlodi vakillarigina “xon” bo‘lishi kerak, degan aqida tug‘ilgan bo‘lishi ham mumkin?!
Bunday “ahdnoma” haqiqatda bo‘lmagandir desak, Temur o‘zining “Tuzuklari”da buning bor ekanligini tan olgan. Balki shu bois, Temur hokimiyat tepasiga kelgan ilk davrida bu fikrga qo‘shilgan va shu sabab o‘zini “xon” deb e’lon qilmagan bo‘lishi mumkin.
Lekin hokimiyat tepasiga kelgandan bir necha yil o‘tib, Yevroosiyo materigining avvallar chingiziylar hukmronlik qilgan katta hududida Temur asosiy figuraga aylandi. U hatto, Oltin O‘rda taxtiga o‘zi xohlagan To‘xtamishni xon qilib ko‘tarish darajasiga yetdi. Bu ulkan hududda unga teng keladigan harbiy kuch qolmadi. Ana shunday vaziyatda agar Temur xohlaganda, u o‘zini “Temurxon” deb e’lon qilishi mumkin edi va hech qanaqa kuch bunga monelik qila olmasdi. U bunga o‘zi taxtga o‘tqizgan To‘xtamishxondan ruxsat olishi kerakmidi?
Qolaversa, 1360 yili chingiziy Tug‘luq Temurxon bilan Temurning Movarounnahr hukmdori bo‘lishi to‘g‘risida yangi ahdnoma tuzilgan. Yangi tuzilgan ahdnoma haqida Temur bunday deydi: Tug‘luq Temurxon “Movarounnahrni esa menga qoldirdi va bu xususda yorlig‘u ahdnoma yozib berdi. ...Men butun Movarounnahr viloyatiga, to Jayxun daryosining sohillarigacha cho‘zilgan yerlarga hukmron bo‘ldim”.
Men Temur o‘zini “xon” deb e’lon qilmaganining sabablari juda chuqur bo‘lgan va u ham Temurning buyuk shaxsligidan bir misol, degan fikrdaman. Chunki, o‘zini “xon” deb e’lon qilganda Temur faqatgina Chingizxon ishining davomchisi sifatida tarixda qolar edi, mustaqil sulolaning asoschisi bo‘la olmasdi. Mening farazim bo‘yicha, Temur 1370 yildayoq o‘zining kelgusida buyuk ishlar qilishi va ulkan saltanat barpo eta olishiga ishongan! Shu sababga ko‘ra, Temur ongli ravishda o‘ziga “xon” nasabini olmagan. Chingiziy hukmdorlar dunyoga mashhur qilgan “xon”lik martabasini Temur o‘ziga munosib ko‘rmagan!
Lekin Temur yigit yoshidan boshlab, yurtini mo‘g‘ullar istibdodidan ozod qilish va o‘z davlatini tashkil etish niyatida bo‘lgan. Uning aynan shunday fikrda bo‘lgani “Temur tuzuklari”da “men butun Movarounnahr viloyatiga, to Jayxun daryosining sohillarigacha cho‘zilgan yerlarga hukmron bo‘ldim” (bu voqea 1360 yilda, ya’ni Temurning 24 yoshida yuz bergan – ta’kid muallifniki), deb yozishi va aynan Temur Movarounnahrga vaqtincha hukmronlikka erishgan 1360 yildan boshlab yuz bergan voqealarni “Temur tuzuklari”da “Davlat qurish oldidan qilgan ikkinchi kengashim”, “O‘z saltanatimni tuzish yo‘lida qilgan uchinchi kengashim”, “Saltanatimning dastlabki davrlarida qilgan to‘rtinchi kengashim” deb atashidan ko‘rinib turibdi.
E’tibor qiling, Temur qaysidir hukmdorga sipohsolor bo‘lib qolishni o‘ziga ep ko‘rmayapti, balki, “hukmron bo‘ldim”, “davlat qurish oldidan”, “o‘z saltanatimni tuzish”, “saltanatimning” degan iboralarni ishlatyapti. Ya’ni, u o‘z mustaqil davlatini tuzish va unga o‘zi hukmron bo‘lish niyati borligini ochiq-oydin ifodalayapti.
Temur aynan o‘zi mustaqil hukmron bo‘lishni xohlagani “Tuzuklar”dan olingan quyidagi iqtibosda ham ravshan ko‘rinib turibdi: “...hijriy 762 (milodiy 1361) yili Tug‘luq Temurxon ikkinchi marta Movarounnahrga qo‘shin tortib kelib, meni o‘z huzuriga chorlab noma jo‘natdi. Men (rozi bo‘lib), uning istiqboliga chiqdim va u bilan ko‘rishdim. U oramizdagi ahdni buzib, Movarounnahrni o‘g‘li Ilyos Xojaga topshirdi, meni esa sipohsolor qilib belgiladi. Bu ishga ortiqcha ro‘yxushlik bildirmayotganimni sezib, bobom Qochuvli Bahodir va o‘zining bobosi Qabulxonlarning ahdnomasini ko‘rsatdi”.
Demak, bu ikki avlod vakillari o‘rtasida turli paytlarda tuzilgan ikkita, bir-biriga zid ahdnoma bor ekan. Ahdnomalarning keyingisi birinchisini inkor etyapti. Demak, shu bilan Temurning davlatning mustaqil hukmdori bo‘lish haqidagi niyatiga to‘sqinlik qiladigan avvalgi hujjat o‘z ahamiyatini yo‘qotadi.
Temur ba’zan nomiga “sulton” so‘zini qo‘shib ishlatgan. “1391 yilda To‘xtamishxon bilan jangga borayotib, Dashti Qipchoqda ulkan toshga xotira satrlarini o‘ydirib yozdirganda, o‘zini "Turon sultoni" deb atadi”.
Yuqorida bayon etilgan mulohazalardan ko‘rinib turibdiki. “Amir”, “Sohibqiron”, “Ko‘ragon” va “Bek” nasablari Temurning jahon tarixi oldidagi buyuk xizmatlarini ifodalamaydi. Bu nasablarni ishlatishga men qarshi emasman. Lekin unga nisbatan “Buyuk” unvonini qo‘shib, “Buyuk Temur” deb atasak, bobomizning insoniyat oldida qilgan xizmatlarini jahonda ko‘pchilik tomonidan qabul qilingan taomilga mos holda uning nomida e’tirof etgan bo‘lardik.
Ko‘pchilik olimlar Temurning tarix oldida qilgan eng buyuk xizmatlarini quyidagicha ifodalaydi.
O‘zbek va yana qator xalqlarni mo‘g‘ullarning 150 yillik (1219-1370 yillar) istibdodidan ozod qildi. Xorazm davlatining 1220 yilgi xaritasi Temurning bugungi O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston, Turkmaniston, Afg‘oniston, Eron, Hindiston, Pokiston, Qashqar, Ozarbayjon kabi o‘ndan ortiq davlatlarni to‘la yoki ular hududlarining katta qismlarini mo‘g‘ullarga qaramlikdan ozod qilganidan guvohlik beryapti. Shak-shubhasiz, bu shu xalqlar oldidagi o‘ta katta xizmat hisoblanadi!
Temur o‘z davrining eng qudratli va buyuk saltanatlaridan birini barpo etdi. Zabardast temurshunos olimlar Bo‘riboy Ahmedov va Abdulahad Muhammadjonovlar ta’biri bilan aytganda, mazkur saltanatga Osiyo, Yevropa va Afrika qit’alaridan 27 ta davlat kirgan. Bu maydoni, aholisining soni, iqtisodiyoti va harbiy qudratining kattaligi bo‘yicha jahon tarixidagi eng katta imperiyalardan biri edi! Uning maydoni 4 million kvadrat kilometrni tashkil etgan! Temur saltanatining chegaralari Hindiston hamda Xitoydan Qora dengizga qadar, Sirdaryo va Orol dengizidan Fors қўлтиғиga qadar g‘oyat katta hududni qamrab olgan. Bundan tashqari, Temur davlatiga Kichik Osiyo, Suriya, Misr va shimoli-g‘arbda Quyi Volga, Don bo‘ylari; shimoli-sharqda Balxash ko‘li va Ili daryosigacha; janubi-sharqda esa Shimoliy Hindistongacha bo‘lgan mamlakatlar ham tobe bo‘lgan.
Temur insoniyat tarixidagi eng buyuk sarkardalardan biri hisoblanadi. U hokimiyat egasi bo‘lgan 1370 yildan to umrining oxirigacha, ya’ni 35 yil davomida Turon davlati qatnashgan barcha urushlarni yutdi. Nainki, barcha urushlarni, balki shu urushlar ichida yuz bergan barcha janglarda g‘olib chiqdi. Bu haqida yana atoqli temurshunos yozuvchi va olim Muhammad Aliga murojaat qilamiz: “Milodiy 1365 yilda Sirdaryo bo‘yidagi Chinoz yonida mo‘g‘ullar bilan bo‘lgan mashhur "Loy jangi"da Amir Husayn boshliq Turon cherigi (Amir Temur lashkarboshi edi) mag‘lub bo‘ldi. Bu 29 yoshli Amir Temurning umrida birinchi va so‘nggi mag‘lubiyati edi. ...Taxminan mingdan ortiq jang o‘tkazdi, ularda zafar hamisha Sohibqiron tomonida bo‘ldi”.
Bunday holat tarixda kamdan-kam hukmdorga nasib qilgan. Masalan, Chingizxon, Napoleon kabi mashhur sarkardalar ham o‘z harbiy faoliyatlari mobaynida anchagina janglarda yutqazgan. Chingizxon Jaloliddinga bir necha jangda mag‘lub bo‘lgan. Napoleonda ham ulkan mag‘lubiyatlar bo‘lgani ko‘pchilikka ma’lum.
Temurning jahonning ko‘p hukmdorlaridan ajralib turadigan yana bir ulug‘ sifati bo‘lgan, ya’ni uning saltanati faqatgina maydoni va aholisining soni kattaligi bilangina dunyoning birinchi davlatiga aylangani yo‘q, balki bu hududda madaniyat, san’at, ilm-fan, me’morchilik beqiyos darajada rivojlandi. Ya’ni, Temur davlatida ilm-fan, madaniyat, san’at, qurilish rivojiga ulkan turtki berdi. Saltanat poytaxti Samarqand esa o‘sha davrning eng go‘zal va mahobatli shahriga aylandi.
Temurning tarix oldidagi eng buyuk xizmatlaridan biri shundaki, uning tashabbusi va rahbarligida insoniyat madaniyati tarixidagi eng nodir hodisalardan biri bo‘lmish “Ikkinchi Renessans davri” boshlandi. Ya’ni Temur Sharqda yangi Renessans davrining asoschisi bo‘lgan. Prezidentimiz ta’biri bilan aytganda, “O‘n beshinchi asrda Sohibqiron Amir Temur bobomiz asos solgan va uning munosib avlodlari davom ettirgan muhtasham saltanat yurtimizda ikkinchi Uyg‘onish, ya’ni ikkinchi Renessans davrini boshlab berdi. Bu davrda Qozizoda Rumiy, Mirzo Ulug‘bek, G‘iyosiddin Koshiy, Ali Qushchi singari benazir olimlar, Lutfiy, Sakkokiy, Hofiz Xorazmiy, Abdurahmon Jomiy, Alisher Navoiy, Bobur Mirzo kabi mumtoz shoir va mutafakkirlar maydonga chiqdi. Sharafiddin Ali Yazdiy, Mirxond, Xondamir kabi tarixchilar, Mahmud Muzahhib, Kamoliddin Behzod singari musavvirlar, ko‘plab xattot va sozandalar, musiqashunos va me’morlarning shuhrati dunyoga yoyildi”.
Temuriylar asos solgan Buyuk uyg‘onish davrining ta’siri insoniyat ma’naviy olamida besh yuz yildan ko‘proq davr davom etdi, ular qoldirgan buyuk meros esa jami insoniyatning bebaho mulkiga aylandi.
Олтин O‘rdani tor-mor etib, Rossiya va boshqa Sharqiy Yevropa davlatlarining mo‘g‘ullar istibdodidan ozod bo‘lishiga sharoit yaratdi. Rus tarixchilarining fikrlariga ko‘ra, “Temurning To‘xtamish ustidan qozongan g‘alabasi, faqat Markaziy Osiyo uchun emas, balki butun Sharqiy Yevropa, shuningdek, tarqoq Rus knyazliklarining birlashishi uchun ham buyuk ahamiyat kasb etgan”. Ya’ni, Temurning Oltin O‘rda davlatini qattiq mag‘lub etishi uning qayta o‘ziga kela olmasligiga sabab bo‘ldi. Soddaroq aytganda, bu hodisa Sharqiy Yevropa davlatlarining mustaqillikka erishishiga asosiy sabab bo‘ldi.
Temur – Yevropa xaloskori! O‘zi buni xohlamagan holda, Boyazidning qayta-qayta da’vatlaridan keyin majburiy ravishda Temur u bilan jangga kirishga majbur bo‘ldi. Bobomizning bu urushda turk sultoni Boyazidni yengishi, Yevropani Usmonli turklardan xalos etdi. 1402 yili Anqara shahriga yaqin joyda o‘sha kungi dunyoning ikkita eng qudratli armiyalari o‘rtasida jang bo‘ldi. Bu jangda Temur jahonning buyuk sarkardalaridan biri Boyazid Yildirim ustidan to‘la g‘alaba qozondi. Temur bu g‘alabasi bilan Yevropaga ulkan xavf solib turgan Usmonli turklar davlatiga zarba berib, butun Yevropaning xaloskoriga aylandi.
Negaki, sal oldinroq Boyazid Yevropa davlatlarining birlashgan qo‘shinini tor-mor etgan va bu qit’ada unga qarshi tura oladigan harbiy kuch qolmagan edi. Shu bois, Temurni “Yevropa xaloskori” deb atay boshlashdi. Boyazid ustidan qozonilgan bu g‘alaba bilan Amir Temurni Fransiya qiroli Karl VI (1380 — 1422), Angliya qiroli Genrix IV (1399 — 1407) tabriklab, unga maxsus maktub yubordilar.
Buyuk Temur davlatni tashkil etish va boshqarishning mutlaqo yangi siyosatini yaratdi. Ya’ni Temur “Temur tuzuklari” asarida o‘z davrining adolatli va progressiv davlat siyosati nazariyasini ishlab chiqdi va uni amaliyotga joriy etdi. “Temur tuzuklari”da Temur davlatni boshqarishning mohiyatini quyidagicha ta’riflaydi: “Davlat ishlarining 9 ulushi kengash, tadbir va mashvarat, qolgan bir ulushi esa qilich bilan bajo keltirilishini angladim”. Prezident Shavkat Mirziyoyev ta’kidlaganidek, “Buyuk sohibqiron Amir Temur bobomiz Oqsaroy peshtoqiga “Adolat – davlatning asosi va hukmdorlar shioridir”, degan hikmatli so‘zlarni yozdirgani ham bejiz emas, albatta.
Ayrim tarixchilarning, “Temur davlatni boshqarishda Chingizxon ta’limotidan foydalandi”, degan fikrlari esa – g‘irt uydirma! Zero, Chingizxon va Temur davlat boshqaruvida o‘zlari mansub bo‘lgan diniy tartib-qoidalarga asoslangan, ular esa bir-biridan keskin farq qilgan. Qolaversa, ajdodlari shahar-qishloqlarda yashagan Temur va uning amaldorlarining salohiyati hamda davlatni boshqarish borasidagi bilim hamda tajribalari ko‘chmanchilar avlodlari Chingizxon va uning vazirlariga nisbatan bir necha kalla baland edi! Ayrim tarixchilar mana shu oddiy ikkita holatni ko‘pincha unutib qo‘yadi. Qolaversa, Markaziy Osiyoda Chingizxon bosqiniga qadar ham ulkan saltanatlar bo‘lgan. Masalan, Turk xoqonligi, Xorazm davlati va h.k.lar. Ular tajribasidan foydalanish Temurga yaqinroq va xalqqa tushunarliroq ekanligi ma’lumku!
Temur – jahon zamonaviy soliq siyosatining asoschilaridan biri! Temur hokimiyat tepasiga kelganda 150 yil davomida Chingizxon va uning avlodlari bu yurtda iqtisodiyotni o‘ta og‘ir ahvolga solib qo‘ygani, ular yaratgan soliq tizimining aholi manfaatlariga to‘g‘ri kelmayotganini ko‘rib, “Temur tuzuklari” asarida davlatning iqtisodiy asosi bo‘lmish soliq siyosatining islomiy aqidalarga asoslangan adolatli tizimini ishlab chiqdi va uni ulkan saltanatida amaliyotga joriy etdi. Bu ishi bilan u haqli ravishda jahon zamonaviy soliq siyosatining asoschilaridan biriga aylandi.
Endi jahonda soliq fanining “otalari” hisoblanmish Vilyam Petti, Adam Smit va David Rikardolar faoliyatiga bir bor nazar tashlaylik. Temur vafoti va “Temur tuzuklari”dan eng kamida 262 yil keyin “Soliqlar va yig‘imlar haqidagi risola”ni yozgan Vilyam Petti, 371 yil o‘tib “Xalqlar boyligining tabiati va sabablari to‘g‘risida tadqiqot”ini bitgan Adam Smit va 412 yil keyin “Siyosiy iqtisod va soliqqa tortish asoslari”ni nashr etgan David Rikardolar Temurning davlatchilik faoliyati va uning buyuk asari bilan tanish bo‘lganlar, deb o‘ylashga yetarli asoslarimiz bor. Chunki, buyuk davlat arbobining olamshumul ahamiyatga molik asari “Temur tuzuklari” bu davrda Yevropa davlatlarida ma’lum edi. Akademik Bo‘riboy Ahmedov guvohlik berganidek, “Tuzuki Temuriy 15-19 asrlarda nafaqat oliynasab kishilar, balki butun jahon ilm ahli o‘rtasida shuhrat topdi. Asarning qo‘lyozma shaklida ham, toshbosma tarzida ham jahonning deyarli barcha kutubxonalarida borligi, shuningdek, ko‘p tillarga – ingliz, fransuz, rus , urdu va hozirgi o‘zbek tillariga uzluksiz tarjima qilib turilishi bunga isbot-dalildir”.
Mazkur olimlarning jahon soliq siyosatining nazariyasini yaratgan deb hisoblanadigan yuqorida nomlari zikr etilgan asarlarida bayon etilgan eng muhim xulosa va fikrlarning “Temur tuzuklari”ga juda-juda ham o‘xshab ketishi bu fikrimning yana bir isbotidir. Mazkur asarlarni qiyosiy tahlil qilish shuni ko‘rsatmoqdaki, Buyuk Temur vafotidan 300-400 yil o‘tgandan keyin Petti, Smit va Rikardolar “Temur tuzuklari”dagi asosiy fikr-mulohazalarni o‘z tillarida va yevropacha bayon etish uslubida yozib chiqqan.
Muxtasar aytganda, Prezident Shavkat Mirziyoyevning “Buyuk davlat arbobi va sarkarda, ilm-fan, madaniyat va san’at homiysi Sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligini keng nishonlash to‘g‘risida”gi qarori bizga bu borada juda katta ko‘mak beradi. Zero, unda “O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi Fanlar akademiyasi, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi hamda Tashqi ishlar vazirligi bilan birgalikda 2026 yil 1 martdan boshlab Amir Temur va temuriylarning jahon tamadduni rivojiga qo‘shgan hissasini keng targ‘ib qilish maqsadida “Buyuk temuriylar” atamasining xalqaro ilmiy istiloh sifatida joriy qilinishini ta’minlash uchun xorijiy davlatlarda “Buyuk temuriylar tarixi va madaniy merosi” mavzusida taqdimotlar, media tadbir va anjumanlar o‘tkazsin” degan vazifa qo‘yilgan.
Temur – shubhasiz, jahon tarixidagi eng buyuk va yuksak ma’rifatli, tarixga ulkan hissa qo‘shgan, uni o‘zgartira olgan, Ikkinchi Renessansning asoschisi bo‘lgan davlat rahbari va sarkarda! “Amir”, “Sohibqiron”, “Ko‘ragon” va “Bek” nisbalari uning insoniyat oldidagi shaxsiy xizmatlarini to‘laligicha e’tirof eta olmaydi. Tarix oldidagi u qilgan xizmatlarning kichik bir bo‘lagini bajara olgan qator davlat rahbarlari, avvalo, o‘z xalqlari tomonidan “Buyuk Petr”, “Buyuk Yekaterina”, “Buyuk Karl”, “Buyuk Fridrix”, deb ulug‘langan. Keyinchalik, bu e’tirofni butun dunyo qabul qilgan va ular tarixda buyuk shaxslar sifatida qoldi.
Tarix oldida ulug‘ ishlar qilgan shaxslarning ulug‘ligini avvalo, o‘z xalqlari e’tirof etgan va boshqalarni shunga o‘rgatgan. Biz ham ulardan ibrat olib, barchamiz hamjihatlik bilan harakat qilib, bugundan boshlab hamma joyda va hamma vaqt bobomizni “Buyuk Temur” deb atashni boshlaylik! Bobomiz haqidagi yurtimizda avval yozilgan asarlarning keyingi nashrlarida nomiga “buyuk” so‘zini qo‘shaylik, kelgusida tug‘ilajak asarlar nomlarini “Buyuk Temur” deb ataylik! Suratga olishga tayyorgarlik ko‘rilayotgan yangi filmni ham “Buyuk Temur” deb nomlaylik.
Odil Olimjonov,
iqtisodiyot fanlari doktori, professor.