FOTOREPORTAJ
Buxoro viloyati Olot tumanida “Ma’naviyat va buyuk siymolarga ehtirom” oyligi doirasidagi ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar davom etmoqda.
Bayot mahallasida joylashgan Alisher Navoiy haykali poyiga gullar qo‘yish bilan boshlangan navbatdagi ana shunday tadbir buyuk ajdodlarimizning boy ma’naviy merosini o‘rganishga bag‘ishlandi.
Tuman hokimligi, jamoatchilik vakillari, ijodkorlar hamda ta’lim muassasalari o‘qituvchi va o‘quvchilari ishtirok etgan tadbirda buyuk ajdodlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirilib, Navoiy g‘azal va ruboiylaridan namunalar o‘qildi. Shoir ijodining avlodlar tarbiyasidagi o‘rni xususida so‘z yuritildi.
Ma’naviyat va ma’rifat maskanida davom etgan tadbirda Mirkarim Osimning “Zulmat ichra nur” hamda Oybekning “Navoiy” romanlari asosidagi kitobxonlik tanlovi o‘tkazildi.
Tanlov yoshlar o‘rtasida kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, milliy adabiyotimiz durdonalari orqali ularda vatanparvarlik, ma’naviy yetuklik va tarixiy xotiraga hurmat tuyg‘ularini mustahkamlash maqsadiga qaratildi. Ishtirokchilar asarlar mazmun-mohiyatini chuqur tahlil qilish, qahramonlar xarakterini ochib berish hamda badiiy g‘oyani anglash borasida o‘z bilim va salohiyatlarini namoyon etdi.
[gallery-27667]
Ijodkorlarning yosh kitobxonlar bilan samimiy suhbatida badiiy adabiyotning inson ma’naviyatini yuksaltirishdagi o‘rni, buyuk ajdodlarimiz qoldirgan merosni chuqur o‘rganishning ahamiyati haqida fikr mulohazalar bildirildi.
Tohir ISTATOV (surat), O‘zA