Andijon viloyati pedagogik mahorat markazida “Navoiy va Bobur – millat quyoshlari” deb nomli adabiy, ma’naviy-ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Buyuk mutafakkir, so‘z mulkining sultoni Alisher Navoiy tavalludining 585 yilligi hamda shoh va shoir Zahiriddin Muhammad Bobur tavalludining 543 yilligi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda markaz professor-o‘qituvchilari, tinglovchilari, yozuvchi va shoirlar ishtirok etdi.
Tadbirda viloyat pedagogik mahorat markazi direktori Tursunali Turg‘unov, Tillarni o‘qitish metodikasi kafedrasi dotsenti Barnoxon Rahmonova, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, shoir Farid Usmon, ijodkor o‘qituvchi, O‘zbekiston Respublikasi xalq ta’limi a’lochisi Abdurashid Ergashev va boshqalar Navoiy hamda Boburning hayoti va ijodi xususida so‘z yuritdi.
[gallery-27688]
Shuningdek, jahon adabiyoti, ilm-fani rivojiga salmoqli hissa qo‘shgan buyuk ajdodlarimizning bebaho adabiy merosi, insonparvarlik g‘oyalari bilan yo‘g‘rilgan tarbiyaviy asarlarini o‘rganish, targ‘ib etishda pedagoglarning o‘rni va roli muhim ekanligi alohida qayd etildi.
– Navoiy va Bobur ijodi chindan millatimizga ma’naviy nur va issiqlik ulashuvchi quyoshdir. Ularni qancha ko‘p o‘qisak, o‘rgansak, tafakkurimiz shu qadar tiniqlashib boraveradi. Ana shu buyuk zotlarning ijodiy merosini yosh avlodga o‘rgatish esa bizning eng asosiy vazifalarimizdan biri hisoblanadi, – deydi Abdurashid Ergashev.
Tadbirda Navoiy va Boburning g‘azal, ruboiylaridan namunalar o‘qildi, ijodkor pedagoglar mushoirasi tadbirga o‘zgacha fayz bag‘ishladi.
F.Ubaydullayev,
Z.Umrzoqov (surat),
O‘zA muxbirlari.