Poytaxtimizdagi Markaziy ko‘rgazmalar zalida buyuk turkman shoiri va mutafakkiri Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yilligiga bag‘ishlangan badiiy ko‘rgazmaning ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Turkman xalqining ulug‘ farzandi Maxtumquli Firog‘iy nafaqat turkiy xalqlar, ayni paytda jahon adabiyoti va madaniyati tarixida alohida o‘rin egallagan atoqli shoir va mutafakkirdir.

Hassos so‘z san’atkorining chuqur gumanizm bilan sug‘orilgan asarlari mard va matonatli, mehnatkash turkman xalqining ezgu qadriyatlari va olijanob fazilatlarini tarannum etishi, hamisha xalq bilan hamdard bo‘lishga, turli millat va elatlar o‘rtasida o‘zaro ahillik va hamjihatlik rishtalarini mustahkamlashga qaratilgan mazmun-mohiyati bilan barchamiz, ayniqsa, yoshlarimiz uchun ibrat namunasidir.

Bu yil YUNESKO rahnamoligida Maxtumquli Firog‘iy tavalludining 300 yillik qutlug‘ yubiley sanasi dunyo miqyosida keng nishonlanmoqda.


Ko‘rgazmada o‘zbekistonlik rassomlar G‘ofur Qodirov, Rimma Gagloyeva, To‘ra Kuryazov, Erkaboy Masharipov va Turkmaniston rassomlari Charimurat Yazmuradov, Zokirjon Babayev, Gilisurad Nurliyevlarning sara asarlari o‘rin olgan. Mazkur asarlarda Maxtumquli Firog‘iyning hayoti va ijodi aks ettirilgan.
Ko‘rgazma joriy yilning 26 iyul kunigacha davom etadi.
Gulnoza Boboyeva,
O‘zA