Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buyuk shoir va mutafakkir
16:37 / 2023-02-07

Navoiy davlat pedagogika institutida Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.

Navoiyshunos olimlar, professor-o‘qituvchilar hamda talabalar ishtirok etgan tadbirda “Navoiy g‘oyalarining zamonaviyligi”, “Malolik fathining sohibqironi”, “Xamsa” dagi ayrim hikoyatlar talqini”, “Hayrat ul-abror” strukturasida izdoshlik va o‘ziga xoslik” mavzularida ma’ruzalar tinglandi.  

Ta’kidlanganidek, badiiy adabiyotning yuksalishida Alisher Navoiyning tutgan o‘rnini so‘z bilan ifodalab bo‘lmaydi. Tadqiqotchilar fikriga ko‘ra, Alisher Navoiy so‘z mulkining sultoni sifatida asarlarida 1 million 378 ming 660 tadan ortiq so‘z, shu jumladan 26 mingta betakror so‘z qo‘llanilgan.  

Adabiyotshunos olimlarning olib borgan izlanishlari Navoiy siymosi, u yaratgan asarlar umrboqiyligining sirlarini o‘rganish, saboq olish buyuk mutafakkir yashab o‘tgan davrning o‘zidayoq boshlanganligini ko‘rsatadi. Shoir yashab o‘tgan davrdan keyin barcha zamonlarda ijodiy faoliyati, jahon adabiyotining durdonalariga aylangan asarlari adabiy jarayon, badiiy tafakkur taraqqiyotida yo‘lchi yulduz bo‘lib xizmat qilmoqda.  

Tadbirda institut San’atshunoslik fakulteti professor-o‘qituvchilari va talabalaridan iborat “Maqomchilar ansambli” badiiy jamoasi tomonidan Navoiy g‘azallari asosidagi mumtoz qo‘shiqlar ijro etildi.   

A.Bo‘riyev, O‘zA