O‘zbekiston Badiiy akademiyasida atoqli yog‘och o‘ymakor usta, O‘zbekiston xalq rassomi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi faxriy akademigi Ortiq Fayzullayev hayoti va ijodiga bag‘ishlangan “Buyuk usta merosi” nomli albom-katalog taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Ortiq Fayzullayev 1933 yilda Toshkuyent shahrida tavallud topgan. Marhum ustaning ijodiy faoliyati, yillar davomida yaratgan nodir asarlariga bag‘ishlangan ushbu albom-kitob Vazirlar Mahkamasining tashabbusi bilan “San’at” jurnali nashriyoti tomonidan o‘zbek va rus tillarida chop etildi.

Tadbirda qayd etilganidek, Toshkent yog‘och o‘ymakorligi maktabining yorqin vakili hisoblangan buyuk ustaning ijodiy yo‘li XX asr o‘rtalari – XXI yuz yillik boshi O‘zbekiston amaliy san’ati umumiy rivojini o‘zida aks ettiradi. Ortiq Fayzullayev o‘zining samarali ijodiy faoliyati bilan an’anaviy yog‘och o‘ymakorligi rivojiga salmoqli hissa qo‘shdi. Usto mumtoz o‘yma naqqoshlik maktabi vakili sifatida o‘zining butun hayotini o‘ymakorlik san’atiga bag‘ishlab, uning an’analarini takomillashtirishga intilib keldi.

O.Fayzullayev zamonaviy me’moriy majmualar va ijtimoiy ahamiyatga ega jamoat me’moriy inshootlariga badiiy bezatuvchi sifatida samarali faoliyat olib borib, Toshkent maktabi an’analari asosida biri biridan jozibador turli badiiy buyumlar yaratdi. Eng muhimi, u o‘ziga munosib izdoshlarni tarbiyalab yetishtirgan talabchan va g‘amxo‘r ustoz edi. Endilikda uning Sirojiddin Rahmatullayev, Akmal Azlarov, Qahramon Valiyev, Botir G‘aniyev singari ko‘plab shogirdlari ham ustozga aylanib, o‘z san’ati sir-sinolarini yangi avlod vakillariga o‘rgatishmoqda.
Shuningdek, tadbirda atoqli yog‘och o‘ymakorning shogirdlari, izdoshlari, oila a’zolari, san’atshunoslar va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etib, Ortiq Fayzullayevning ibratli hayot va ijod yo‘li, qoldirgan buyuk merosining ahamiyati, insoniy fazilatlari haqida o‘z fikr-mulohazalarini qayd etdilar.
Mazkur nashr o‘z ishini chin dildan sevgan atoqli usta, g‘amxo‘r ustoz Ortiq Fayzullayev xotirasiga cheksiz hurmat-yehtirom ramzi va yosh ustahamda rassomlar, san’atshunoslar uchun muhim manba bo‘lib qoladi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA