Buyuk qalb va isteʼdod sohibi edi
Inson dunyoga kelar ekan, kamolga yetib oʻzidan yaxshi nom, iz qoldirishga harakat qiladi. Lekin, hech kim meni shunday eslasin deb harakat qilmaydi.
Inson dunyoga kelar ekan, kamolga yetib oʻzidan yaxshi nom, iz qoldirishga harakat qiladi. Lekin, hech kim meni shunday eslasin deb harakat qilmaydi. Uning xalq uchun, yurt uchun qilgan mehnatlari, ezgu ishlari bilan xayrli amallari oʻziga shunday ulugʻvorlik bagʻishlaydiki, oradan yillar, asrlar oʻtsa ham uning ismi tillarda doston, qilgan ezgu ishlari esa avlodlarga oʻrnak boʻladi. Shu boisdan, inson oʻlsa ham uning nomi oʻchmaydi, abadiy mangu qalblarda yashaydi.
Oʻrinboy Toʻreniyazov ana shunday buyuk qalb, taʼbir joiz boʻlsa buyuk isteʼdod sohibi edi. U joriy yil avgust oyida bu yorugʻ dunyoni tark etdi.
Qoraqalpogʻiston Respublikasi Chimboy tumanining Kepe qishlogʻida 1943-yilda tugʻilgan Oʻrinboy aka mehnat faoliyatini 1959-yilda Chimboy mashina ekskavator stansiyasida temir ustachiligidan boshlagan. 1966-yilda Toshkent politexnika institutining arxitektura fakultetiga oʻqishga kirib, 1971-yilda muvaffaqiyatli tamomlagan.
Keyinchalik loyihalashtirish institutining Nukus filialida bosh arxitektor, 1981-1984-yillarda Nukus shahri bosh arxitektori, 1984-1986-yillarda “Uzmejkolxozproyekt” loyihalashtirish instituti Nukus filialida bosh arxitektor, 1986-1993-yillarda “Qoraqalpoq fuqaro loyiha” loyihalashtirish institutida bosh arxitektor lavozimlarida ishlagan. 1993-yilda “Arxtorus” loyihalashtirish institutini tashkil etib, to umrining oxirigacha unga rahbarlik qilgan edi.
2003-yildan Oʻzbekiston arxitektura uyushmasining Qoraqalpogʻiston Respublikasi boʻlimi boshqaruvchisi boʻlib ishlagan.
Ellik yildan ziyod faoliyati davomida Oʻrinboy Toʻreniyazovning bevosita muallifligida nafaqat Nukus shahri balki butun Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi yirik inshootlar, zamonaviy binolar, majmualar qad rostladi. U har bir inshootni loyihalashtirishda albatta unda milliy kaloritni aks ettirishga harakat qildi. Orolboʻyidagi zamonaviy va milliy meʼmoriy yechimga ega inshootlarning har biri bu insonning tarixni yaxshi bilishidan, mehnatsevarligidan, tinimsiz izlanishlari va butun aql zakovatidan soʻzlayotgandek. Chunki uning loyihasi asosida qurilgan qaysi imoratni koʻrsangiz ham unda qoraqalpoq tarixi qayta jonlangandek boʻladi.
Qoraqalpoq davlat universiteti qoshidagi Berdaq milliy muzeyi, Qoraqalpogʻiston tarixi va madaniyati muzeyi, Qoraqalpoq davlat yosh tomoshabinlar teatri binosi, amfiteatr, Qoraqalpogʻiston Respublikasi bojxona boshqarmasi, Qoraqalpoq tibbiyot instituti, Imom eshon Muhammad jome masjidi binosi, Nukus shahri markazidagi zamonaviy koʻp qavatli uylar, umumtaʼlim maktablari, maktabgacha taʼlim tashkilotlari...
Bu roʻyxatni hali uzoq davom ettirish mumkin. Oʻrinboy Toʻreniyazov loyihalari nafaqat oʻzimizda balki qoʻshni Qozogʻiston Respublikasi Jambul viloyatidagi markaziy jome masjidi, Turkmanistondagi koʻpgina masjidlarning loyihasi aynan shu kishining muallifligida amalga oshirildi. Darhaqiqat u Qoraqalpoq meʼmorchiligining asoschisi edi. Bevosita uning tashabbusi bilan Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universitetida arxitektura mutaxassisligi tashkil etildi. Umrining soʻnggi kuniga qadar shu el, shu yurt uchun fidokorona xizmat qildi.
Bugungi Qoraqalpogʻistonning koʻrkam va goʻzal zamonaviy qiyofasini taʼminlashda bu insonning fidoyi xizmatlari bor. Uning bevaqt oramizdan ketishi Qoraqalpogʻiston Respublikasi arxitektura va qurilish sohasi uchun katta yoʻqotish boʻldi. Inson oʻlmaydi uning nomi mangu. Oʻrinboy akaning xalqimiz uchun qilgan fidoyi mehnatlari hech qachon unutilmaydi. U qoldirgan meʼmorchilik maktabi shogirdlari tomonidan munosib davom ettiriladi.