English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buyuk Navoiyga ehtirom
14:15 / 2023-02-08

Navoiy viloyatida so‘z mulkining sultoni Hazrat Mir Alisher Navoiy tavalludining 582 yilligi keng nishonlanmoqda. Shoir hayoti va ijodiy faoliyatiga bag‘ishlangan turli adabiy kechalar, mushoiralar, davra suhbatlari, ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Navbatdagi ana shunday tadbir ishtirokchilari, davlat va jamoat tashkilotlari, huquq-tartibot idoralari vakillari, ziyolilar, shoir va yozuvchilar Navoiy shahridagi bobokalonimiz haykali poyiga gulchambarlar qo‘yib, hazrat Navoiyga hurmat ko‘rsatishdi.  

– Navoiy siymosi, u yaratgan asarlar umrboqiyligining sirlarini o‘rganish, saboq olish buyuk mutafakkir yashab o‘tgan davrning o‘zidayoq boshlangan, – deydi filologiya fanlari doktori, professar Abdulhamid Xolmurodov. – Shoir yashab o‘tgan davrdan keyin barcha zamonlarda ijodiy faoliyati, jahon adabiyotining durdonalariga aylangan asarlari adabiy jarayon, badiiy tafakkur taraqqiyotida yo‘lchi yulduz bo‘lib xizmat qildi. Mumtoz adabiyotimiz tarixida biror ijodkor yo‘qki, Navoiyni o‘ziga ustoz deb bilmagan, uning g‘azallariga nazira bog‘lamagan bo‘lsin. Ayniqsa, XIX asrda Ogahiy Navoiy adabiy-ijodiy an’analarini muvaffaqiyatli davom ettirdi. Uning “Ta’viz un-oshiqin” devoni Navoiyning “Xazoyin ul-maoniy” devonidan keyin yaratilgan eng mukammal devon hisoblanadi. Navoiy ijodini o‘rganish, an’analarini davom ettirish bilan birga uning badiiy siymosini yaratishga ham doim urinib kelindi. Ertaklar, rivoyatlar, hikoyatlarda Navoiyning donishmandligi, millatparvarligi, adolatsevarligi ulug‘landi. Ular bugungi kunda kichik yoshdagi bolalarga Navoiy ijodi, asarlarining badiiy-estetik ahamiyatini o‘rgatishda muhim vosita bo‘lib xizmat qilmoqda.

[gallery-10488]

“Avliyolarning avliyosi”, “Mutafakkirlarning mutafakkiri”, “Shoirlarning sultoni”, deya e’tirof etilgan ulug‘ allomaning hayot yo‘lini o‘rganish, uning asarlarini tahlil va tadqiq qilish bugungi kun yoshlarini har tomonlama barkamol shaxs bo‘lib kamolga yetishida muhim o‘rin tutadi.  

– Oradan salkam olti asrga yaqin vaqt o‘tgan bo‘lsada, buyuk bobokalnimiz ijodi biz yoshlarni hamisha hayratga soladi, uni o‘qib o‘rganishga chorlayveradi, – deydi Navoiy davlat pedagogika instituti qoshidagi akademik litsey o‘quvchisi Dilobar Farmonqulova. – Shoir asarlarida tilga olingan vatanga muhabbat, ota-onaga hurmat kabi insoniy fazilatlar bugungi kunda ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan. Alisher Navoiy asarlarini mutolaa qilar ekanmiz, unda bugungi hayotimizdagi har qanday muammoning ma’naviy yechimini ko‘rishimiz mumkin.  

Tadbirning asosiy qismi Farhod madaniyat saroyida davom etdi. Badiiy kechada Alisher Navoiy g‘azallari asosida yaratilgan mumtoz qo‘shiqlar kuylanib, asarlaridan sahna ko‘rinishlari namoyish etildi.  

Abduvali Bo‘riyev,

Siroj Aslanov (surat), O‘zA