Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buyuk maqsadlar yo‘lidagi yangi qadamlar...
08:00 / 2021-01-07

Kuni kecha 2020 yilni kuzatib yangi yilga qadam tashladik. An’anaga ko‘ra yil davomida bajarilgan ishlar sarhisob qilindi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev 29 dekabr kuni parlamentga murojaatida 2021 yilni «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholining sog‘lig‘ini mustahkamlash yili» deb e’lon qilishni taklif qildi. Ushbu taklif jamoatchilik tomonidan qo‘llab-quvvatlandi.

Prezidentimiz:«Biz o‘z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug‘ maqsadni qo‘ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Ulug‘beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, ta’lim va tarbiyani rivojlantirish, sog‘lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy g‘oyamizning asosiy ustunlari bo‘lib xizmat qilishi lozim.

Ushbu maqsad yo‘lida yoshlarimiz o‘z oldiga katta marralarni qo‘yib, ularga erishishlari uchun keng imkoniyatlar yaratish va har tomonlama ko‘mak berish – barchamiz uchun eng ustuvor vazifa bo‘lishi zarur. Shundagina farzandlarimiz xalqimizning asriy orzu-umidlarini ro‘yobga chiqaradigan buyuk va qudratli kuchga aylanadi», deb biz yoshlarga juda katta ishonch bildirdi.

Murojaatnomada oliy ta’limning qamrovi va sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratilishi ta’kidlandi. Keyingi yildan boshlab oliy ta’limga ajratiladigan davlat grantlari soni kamida 25 foizga oshirilishi, oliy o‘quv yurtlariga qabul qilishda ehtiyojmand oilalar qizlari uchun grantlar soni 2 barobarga ko‘paytirilib, 2 mingtaga yetkazilishi, a’lo baholarga o‘qiyotgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar uchun maxsus stipendiyalar joriy etilishi kabilar yoshlarning ilm olishini kengaytirishi, ayniqsa, kelgusi yilda «Yel-yurt umidi» jamg‘armasi orqali yetakchi xorijiy oliy o‘quv yurtlarining magistratura va doktoranturasida o‘qishga yuboriladigan yoshlar soni 5 barobarga oshirilishi, ushbu dastur orqali ilk bor bakalavr yo‘nalishida chet ellarga 100 nafar yoshlarning yuborilishi haqidagi yangiliklar har qanday yoshlarni to‘lqinlantirib yuborishi tabiiydir.  

Ushbu murojaatdan so‘ng «Kelajak bilimli va ma’rifatli yoshlarning qo‘lida» ekanligini anglab yetgan tengdoshlarimiz o‘zlari uchun imkoniyatlar eshiklari naqadar keng ochilayotganligini yana bir bor his qilishdi. Murojaatda kelgusi yili barcha viloyatlarda qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar markazlari tashkil etilib, ularda «yagona darcha» tamoyili asosida 100 dan ortiq agroxizmatlar ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilishi, bu markazlar orqali yerning sifatini yaxshilash, kasalliklarga qarshi kurashish, urug‘liklarni tanlash bilan bog‘liq muhim xizmatlar ko‘rsatilishi, qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish, yerning unumdorligini oshirish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etishga ilk bor 600 million dollardan ziyod kredit va grant mablag‘lari jalb qilinishi haqidagi takliflar biz, Toshkent davlat agrar universiteti yoshlari, uchun juda muhim yangilik bo‘ldi.  

Mamlakatimizda qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishda amalga oshirilayotgan tub islohotlar, xalqimizning oziq-ovqat mahsulotlariga bo‘lgan ehtiyojini to‘laqonli ta’minlash bilan birga tadbirkorlarga, fermer va dehqon xo‘jaliklariga yanada keng imkoniyatlar yaratadi va pirovard natijada xalqimiz farovonligi yanada ortadi. Bu jarayonda faol ishtirok etish universitetimiz yoshlariga g‘urur va iftixor tuyg‘usini baxsh etadi, deb o‘ylayman. Bugun biz amalga oshirilayotgan islohotlarning mazmun-mohiyatini, bu islohotlarning barchasi buyuk kelajagimiz yo‘lidagi yana yangi qadamlar ekanligini chuqur anglab yetmog‘imiz hamda yaratilayotgan imkoniyatlardan o‘z o‘rnida va unumli foydalanib mamlakatimizning yorqin kelajagi uchun xizmat qilishga shay turmog‘imiz lozim.

 

Miraziz Mirsultonov, Toshkent davlat agrar  

universiteti yoshlar yetakchisi