Olmaliq kon-metallurgiya kombinati boshqaruvi raisi, senator Abdulla Xursanov kombinatda faoliyat yuritib kelayotgan yoshlar bilan uchrashdi. “Yoshlar oyligi” doirasida tashkil etilgan tadbirda A.Xursanov yurtimizda yoshlar siyosati asosida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar,yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar haqida batafsil ma’lumot berdi.
– Prezidentimiz raisligida 20 iyun kuni muhandislik sohalarida kadrlar tayyorlash va oliy ta’lim muassasalari faoliyatini yanada takomillashtirish masalalari yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi, – deydi A.Xursanov. –Tadbirda bugungi murakkab vaziyatda barcha davlatlar ichki resurslarga tayanib, innovatsiyaga intilayotgani qayd etildi. Texnika oliygohlarida yo‘nalish va mutaxassisliklarni ishlab chiqaruvchilar talablariga mos ravishda o‘zgartirish zarurligi, “tannarx muhandisligi” (kost injiniring), yoki, “qiyoslash muhandisligi” “Qayta muhandislik” (reversiv injiniring) kabi yo‘nalishdarda kadrlar yetishtirish, yosh mutaxassislarga ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish uchun sharoit yaratish, muhandislik oliy maktablarini barpo etish haqida so‘z bordi. Shuningdek, “tarmoq – korxona – oliygoh” zanjiri asosida har bir oliygohga sanoat hamkori belgilab beriladigan bo‘ldi. Barcha muhandislik oliygohlari hamkor korxonalarda kafedralar ochadi va dual ta’limni yo‘lga qo‘yadi.
– Iqtisodiyotimizni jadal rivojlantirish uchun bizga yuqori malakali muhandis-texnologlar suv bilan havodek zarur. Har bir vazir, tarmoq rahbari, rektor va professor-o‘qituvchi mas’uliyatni chuqur his qilib, qattiq ishlasa, izlansa, bunga albatta erishamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
E’tiborlisi, bu borada Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida bir qator ishlar amalga oshirilgan. Kombinatda yoshlar siyosatini olib borish, kadrlar zaxirasini shakllantirish, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash doimo e’tiborda. Jumladan, yoshlarning malakasini doimiy oshirish va rahbarlik lavozimlariga tayyorlash maqsadida “Muhandislar maktabi” barpo etildi. Bundan tashqari, kombinat hozirda Germaniyaning Frayberg konchilik akademiyasi bilan hamkorlik qilib kelmoqda. Ayni paytda kombinatning ikki nafar yosh mutaxassisi doktorantura bosqichida ta’lim olmoqda. Shuningdek, ikki nafar yosh mutaxassis ham Yaponiyaning Akita universitetida doktorantura bosqichida ta’lim olmoqda. Shu yo‘nalishdagi ishlarni davom ettirib kombinatning iqtidorli yoshlarini Germaniya va Xitoyning yetakchi oliy dargohlarida o‘qitishni rejalashtirganmiz.
Tadbirda kombinatda amalga oshirilayotgan investitsiya loyihalari samaradorligini yanada oshirishda iqtidorli, har tomonlama yetuk yoshlarning o‘rni borligi ta’kidlandi. Ayniqsa, dunyoning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlik qilishda xorijiy tillarni bilish zarurligi aytib o‘tildi. Uchrashuvda kombinat yoshlari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi. Taklif va g‘oyalarini bildirdi.
Mis boyitish fabrikasi muzeyining ochilishi tadbir ishtirokchilari, ayniqsa yoshlarga juda manzur bo‘ldi. Muzeydan fabrikadagi texnologik ishlab chiqarish jarayoni aks etgan maket, o‘tgan davrda fabrikada mehnat qilgan rahbarlar va faxriylar, erishilgan yutuqlar haqida ma’lumotlar o‘rin olgan.
Uchrashuvda “Yoshlar oyligi” doirasida o‘tkazilgan turli tanlov va musobaqalar g‘oliblariga diplom, qimmatbaho sovg‘alar, faol yoshlarning ota-onalariga tashakkurnomalar berildi.
– Kombinatda yoshlarga barcha sharoitlar yaratilgan. “Olmaliqmetallurgqurilish” tresti yoshlar ittifoqi raisi Jonibek Alijonov. – Yosh mutaxassislarning malakasini oshirish bo‘yicha kasb mahorat tanlovlari o‘tkazib kelinmoqda. Shuningdek, kombinatda “Yosh olimlar” kengashi ham tashkil etilib, kengash iqtidorli yoshlarni o‘z g‘oya va takliflarini ishlab chiqarishga tatbiq etishlariga ko‘mak beradi. Xorijiy tillarni o‘rganish istagida bo‘lgan yoshlarga ham nemis va ingliz tilini o‘rgatish bo‘yicha kurslar tashkil etilgan. Yana bir muhim jihat 40 mingdan ziyod qurilish bo‘yicha atamalardan iborat to‘plamning elektron platformasini yaratamiz. Ushbu qo‘llanma yoshlarga foydali bo‘ladi.
Ma’lumot uchun: bugungi kunda kombinatda yoshlar 10 871 nafarni tashkil qiladi. Ularning 2902 nafarini ayollar, 1432 nafari oliy ma’lumotlidir. Rahbar va muhandis texnik xodimlar soni 600 nafardan ortiq.
OKMK axborot xizmati