Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buyuk ipak yo‘lida tutashgan do‘stlik rishtalari mustahkamlandi
00:38 / 2022-09-16

Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin davlat tashrifi bilan mamlakatimizda bo‘lib turibdi.

15 sentyabr kuni Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turistik majmuasi Kongress markazida Xitoy Xalq Respublikasi Raisini rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Raisi Si Szinpin shohsupaga ko‘tarildilar. Ikki davlat madhiyalari yangradi. Faxriy qorovul tantanali ravishda saf tortib o‘tdi.

Marosimda ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari a’zolari ham hozir bo‘ldi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning muzokaralari bo‘lib o‘tdi.

Muloqot avvalida davlat rahbarlari ikki mamlakat o‘rtasida diplomatik munosabatlar o‘rnatilganining 30 yilligi va strategik sheriklikning 10 yilligi munosabati bilan bir-birini qutladilar.

Prezidentimiz Si Szinpinga mazkur tashrif arafasida chop etilgan, xalqlarimiz ko‘p asrlik rishtalar bilan bog‘langanini tasdiqlovchi va dasturiy ahamiyatga ega “Xitoy – O‘zbekiston munosabatlarining yorqin kelajagini birgalikda barpo etish” sarlavhali mualliflik maqolasi uchun chin dildan minnatdorlik bildirdi. Xitoy xalqi Si Szinpin rahbarligida erishayotgan ulkan yutuqlarni qayd etib, Xitoy Kommunistik partiyasining bo‘lajak yigirmanchi yalpi majlisi muvaffaqiyatli o‘tishini tiladi.

Xitoy rahbari, o‘z navbatida, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar davlat va jamiyat hayotining barcha jabhalarida ulkan natijalar berayotganini ta’kidladi.

Xitoy Xalq Respublikasi Raisining mamlakatimizga bu galgi davlat tashrifi qadimiy Buyuk ipak yo‘lining chorrahasi bo‘lgan Samarqandda amalga oshirilayotganida ham chuqur razmiy ma’no bor. Bu davlatlarimiz o‘rtasidagi aloqalar bir necha asrlik tarixga ega ekanligi va o‘zaro ishonch, hurmatga asoslanganidan dalolatdir. Yana bir e’tiborli jihati, mazkur tashrif hamda davlatlarimiz asosiy tashkilotchilaridan bo‘lgan Shanxay hamkorlik tashkilotining bu galgi sammiti yaqinda bunyod etilgan va ilk bor mana shunday nufuzli xalqaro anjumanga mezbonlik qilayotgan “Buyuk ipak yo‘li” turistik majmuasida o‘tkazilmoqda. 

Yetakchilar O‘zbekiston bilan Xitoy o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini rivojlantirishning muhim yo‘nalishlarini atroflicha ko‘rib chiqdilar.

Oliy darajadagi muntazam muloqotlar tufayli davlatlarimiz o‘rtasidagi hamkorlik kengayib borayotgani qayd etildi.

Xususan, o‘tgan yilda tovar ayirboshlash rekord ko‘rsatkich – 8 milliard dollarga yetdi, joriy yil boshidan buyon esa 30 foizdan ortiq o‘sdi.

Oxirgi besh yilda O‘zbekiston iqtisodiyotiga Xitoy tomonidan jalb qilingan investitsiyalar hajmi 10 milliard dollardan oshdi. Keng ko‘lamli iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha besh yillik dastur, iqtisodiyotning muhim tarmoqlari va ijtimoiy sohada qo‘shma loyihalar muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda.

Savdo-iqtisodiy hamkorlikni yanada kengaytirish, bunda elektron tijoratni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha, eng avvalo, avtomobilsozlik, “yashil” energetika, qishloq xo‘jaligi va infratuzilma kabi sohalarda ilg‘or loyihalarni amalga oshirish muhimligi qayd etildi.

Xitoyning kambag‘allikka qarshi kurashish, hududlarni rivojlantirish va professional kadrlar tayyorlash borasidagi ilg‘or tajribasini o‘rganish hamda joriy etishni davom ettirishga alohida e’tibor qaratildi.

Davlat rahbarlari hududlar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish zarurligini ta’kidladilar. Shu maqsadda joriy yil yakuniga qadar O‘zbekistonda ikki mamlakat hududlarining birinchi forumini o‘tkazish taklif etildi. Bu bejiz emas, albatta. Ayni paytda yurtimizning barcha hududlarida Xitoy kompaniyalari ishtirokida yirik ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish korxonalari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ilm-fan va madaniyat sohalarida ham hamkorlikda yirik loyihalar amalga oshirilyapti. Ta’lim tizimidagi aloqalar tufayli axborot texnologiyalari, kimyo sanoati bo‘yicha kadrlar tayyorlanmoqda. Yaqin istiqbolda bu boradagi hamkorlikni yana kengaytirish zarur. 

Mintaqamiz taraqqiyoti va transport jihatidan o‘zaro bog‘liqligi uchun strategik ahamiyatga ega “Xitoy – Qirg‘iziston – O‘zbekiston” temir yo‘li qurilishini boshlash to‘g‘risida tarixiy kelishuvga erishilgani katta mamnuniyat bilan ta’kidlandi.

Gumanitar hamkorlik, shu jumladan, sog‘liqni saqlash, vaksinalar ishlab chiqarish, fan, ta’lim va madaniyat sohalaridagi qo‘shma dasturlarni kengaytirish masalalariga ham to‘xtalib o‘tildi.

Kelgusi yilda o‘zaro do‘stlik va anglashuvni yanada mustahkamlashga xizmat qiladigan O‘zbekiston va Xitoy xalqlari madaniyati hamda san’ati yilini o‘tkazishga kelishib olindi. Bu boradagi tarixan qaror topgan do‘stlik aloqalarini ilmiy asosda o‘rganish va tadqiq etish lozim. 

Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan batafsil fikr almashildi.

Afg‘onistonda tinchlik jarayoniga va iqtisodiy tiklanishga ko‘maklashish borasidagi sa’y-harakatlarni, xalqaro hamda mintaqaviy tuzilmalar, jumladan, “Markaziy Osiyo – Xitoy” mexanizmi doirasida tizimli hamkorlikni davom ettirish muhimligi ta’kidlandi.

Xitoy yetakchisi O‘zbekistonning Shanxay hamkorlik tashkiloti raisi sifatidagi faoliyatini, buning natijasida tashkilotni kengaytirish va xalqaro nufuzini mustahkamlash bo‘yicha muhim qarorlar qabul qilinganini yuksak baholadi.

Muzokaralar yakunida Si Szinpin O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni javob tashrifi bilan Xitoyga borishga taklif etdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning samarali muzokaralaridan so‘ng ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plami qabul qilindi.

Davlat rahbarlari Qo‘shma bayonot imzoladilar. Unda asosiy kelishuvlar qayd etilgan, har tomonlama strategik sheriklikning bugungi holati va uni mustahkamlash istiqbollari aks etgan.

Shuningdek, oliy darajadagi tashrif doirasida 15 ta hujjat imzolandi. Shu jumladan:

– “Yashil” taraqqiyot sohasidagi investitsiyaviy hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

– Raqamli iqtisodiyot sohasidagi investitsiyaviy hamkorlikni mustahkamlash to‘g‘risida memorandum;

– Foydali qazilmalarni o‘zlashtirish sohasidagi hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

– Korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

– Qurilish sohasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum;

– 2022-2025 yillarda madaniy almashinuv dasturi;

– Milliy axborot agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risida bitim;

– Samarqand viloyati va Shandun provinsiyasi o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim;

– Toshkent viloyati va Chunsin megapolisi o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim;

– Buxoro viloyati va Yunnan provinsiyasi o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim;

– Buxoro va Kunmin shaharlari o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish to‘g‘risida bitim.

Shuningdek, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikka doir umumiy qiymati 15 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi va bitimlar imzolandi.

Shundan so‘ng Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinga O‘zbekiston Respublikasining oliy davlat mukofoti – “Oliy Darajali Do‘stlik” ordenini tantanali ravishda topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ushbu mukofotni topshirar ekan, Xitoy Raisi xalqlarimiz o‘rtasidagi ko‘p asrlik do‘stlik rishtalari va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari, ishonch va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashga, iqtisodiy va madaniy-gumanitar aloqalarni kengaytirishga ulkan hissa qo‘shganini qayd etdi.

Birgalikdagi sa’y-harakatlar va Xitoy yetakchisining alohida e’tibori tufayli mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlar misli ko‘rilmagan yuksak darajaga chiqqani, mukammal va jadal tus olgani ta’kidlandi. Savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar hamkorlikka oid keng ko‘lamli dastur va loyihalar faol amalga oshirilayotgani e’tirof etildi.

Si Szinpinning O‘zbekiston Respublikasining oliy mukofoti bilan taqdirlanishi unga xalqaro miqyosdagi davlat va siyosat arbobi sifatida chuqur hurmat-ehtirom ifodasidir.

Xitoy Raisi “Oliy Darajali Do‘stlik” ordeniga sazovor bo‘lgan birinchi xorijiy davlat rahbari bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin sermahsul muzokaralardan so‘ng Samarqanddagi “Buyuk ipak yo‘li” xalqaro turizm markazi bog‘ida birgalikda daraxt ekdilar.

Bu do‘st mamlakatlarimiz o‘rtasidagi har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga mushtarak intilishlarning navbatdagi ramzi bo‘ldi.

Umuman, Xitoy Xalq Respublikasi Raisining mamlakatimizga bu galgi tashrifi Xitoy va O‘zbekistonning qadimiy Buyuk ipak yo‘li orqali bog‘langan do‘stlik, hamkorlik aloqalarini yangi “Buyuk ipak yo‘li” majmuasida yanada mustahkamlab, rivojlantirishga xizmat qilishi shubhasiz.

Xitoy Raisi 16 sentyabr kuni Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining navbatdagi majlisida ishtirok etadi.

Ziyodulla JONIBEKOV,

G‘olib HASANOV,

O‘zA maxsus muxbirlari