Sayohat manzillari
Ma’lumotlarga ko‘ra, yurtimizda 8,2 mingtadan ziyod madaniy meros ob’ektlari ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning har biri o‘z tarixiga ega. Bu tarixiy-madaniy ob’ektlar xorijiy sayyohlar tashrif buyuruvchi asosiy manzillar sanaladi. Navoiy viloyatida ham xorijlik va mahalliy sayyohlarni o‘ziga rom qiladigan, ularning qadami uzilmaydigan madaniy meros ob’ektlari talaygina. Ana shunday qadamjolardan biri Raboti Malik karvonsaroyi va uning ro‘parasida joylashgan Sardobadir.
Raboti Malik Karmana – Buxoro yo‘lida joylashgan karvonsaroydir. Tarixiy manbalarga ko‘ra, u XI asrning 70-yillarida Qoraxoniylardan bo‘lmish Shamsulmulk Nasr ibn Ibrohim tomonidan qurilgan. XII asrning birinchi choragida Arslonxon Muhammad ibn Sulaymon tomonidan ta’mirlangan.
Arxeologik tadqiqotlarga ko‘ra, karvonsaroy 100×100 metr maydonni egallagan bo‘lib, mustahkam devorlar bilan o‘ralgan va ikki qismga bo‘lingan.
– Raboti Malik Buxoro va Samarqand oralig‘ida Sharqu G‘arbni bog‘lovchi joyda qad rostlagani bois, o‘z davrida muhim ahamiyat kasb etgan inshootlardan biri sanalgan, – deydi tarixchi olim Ramazon Egamov. – Tarixiy ma’lumotlarga asoslanadigan bo‘lsak, karvonsaroy XVIII asrgacha xizmat qilgan. Unda Amir Temur va uning avlodlari, Buxoroda hukmronlik qilgan sulolalarning xonlari, elchilar, savdo karvonlari va sayyohlar qo‘nib o‘tgan. Hofizi Abro‘ning yozishicha, Mirzo Ulug‘bek 1420 yilda ushbu mintaqalarda to‘xtab, qirq kun ov qilgan. XIX asr oxiri XX asrning boshlarida bu yerda Rabot nomi bilan qishloq ham bo‘lgan. Hozirda Raboti Malikdan faqatgina peshtoq qolgan.
[gallery-21104]
Raboti Malikdan bir oz o‘tgach, diametri qariyb 13 metrcha keladigan Sardoba joylashgan. Hovuzning aylana devori yerdan 12 metr chuqurlikka qadar pishiq g‘ishtdan qurilgan.
Sardoba forscha so‘z bo‘lib, “sard” - sovuq, “oba” - suv ma’nosini bildiradi. Bu inshoot suv tanqis yerlarda qurilgan maxsus hovuz bo‘lib, gumbaz shaklida qurilgan. Pishgan g‘isht va gil tuproqdan ishlangan sardobaga kirish uchun eshik ham o‘rnatilgan. Unda muzday toza suv butun yoz bo‘yi saqlangan. Sardobadan suv ichish uchun barcha yo‘lovchi va karvonlar to‘xtab o‘tishgan.
– 2023 yil 10-25 sentyabr kunlari Saudiya Arabistoni Ar-Riyod shahrida bo‘lib o‘tgan Jahon merosi qo‘mitasining 45-sessiyasida Buyuk Ipak yo‘lining Zarafshon – Qoraqum koridorida joylashgan 31 ta madaniy meros ob’ektlari YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi, – deydi viloyat turizm boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilshod Xo‘jayev. – Ular orasida Navoiy viloyatida joylashgan “Qosim Shayx” majmuasi, “Mirsaid Bahrom” maqbarasi, “Karvonsaroy”, “Sardoba” hamda “Mavlono Orif Deggaroniy” masjidi madaniy meros ob’ektlari bor.
Bugun yurtimizda mavjud madaniy meros ob’ektlarini asrab-avaylash, ularni o‘z holicha kelgusi avlodlarga yetkazish borasida keng ko‘lamdagi ishlar amalga oshirilmoqda. Hattoki, Konstitutsiyamizning 61-moddasida fuqarolar O‘zbekiston xalqining tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy merosini asrab-avaylashi shart. Tarixiy, ma’naviy, madaniy, ilmiy va tabiiy meros davlat tomonidan muhofaza qilinadi, deb alohida belgilab qo‘yilgan. Shunday ekan, har birimiz xalqimizning boy tarixiy merosiga ehtiyotkorona munosabatda bo‘laylik. Uni asrab-avaylashga o‘zimizning munosib hissamizni qo‘shaylik.
A.Bo‘riyev, S.Aslonov (surat), O‘zA muxbirlari