Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Buyuk Ipak yo‘li chorrahasidagi madaniy muloqot: O‘zbek zaminidagi xitoyliklar
08:16 / 2026-02-10

O‘zbekiston hududi azaldan turli sivilizatsiyalar tutashgan, g‘arb va sharq madaniyatlari o‘zaro boyigan markaz sifatida jahon tarixida alohida o‘rin tutadi. Buyuk Ipak yo‘lining asosiy tarmoqlari kesishgan ushbu mintaqada xalqlar o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va madaniy aloqalar ming yillar davomida shakllangan. Tarixiy manbalar va arxeologik tadqiqotlar shundan dalolat beradiki, Xitoy va Turon mintaqasi o‘rtasidagi munosabatlar chuqur ildizlarga ega bo‘lib, bu aloqalar nafaqat savdo karvonlari, balki ilm-fan, hunarmandchilik va diplomatiya sohalarini ham qamrab olgan. Xitoylik savdogarlar va elchilarning Baqtriya hamda So‘g‘d hududlariga tashrifi, ipakchilik madaniyatining yoyilishi va qurolsozlik sirlarining almashinuvi qadimgi davrlardayoq mintaqaviy integratsiya jarayonlari mavjud bo‘lganini ko‘rsatadi.

Ikki xalq o‘rtasidagi madaniy almashinuv jarayonida milodiy 751 yilda Talas daryosi bo‘yida yuz bergan tarixiy voqea alohida ahamiyat kasb etadi. Arab qo‘shinlari va Xitoy sarkardasi Gao Syan-Chji boshchiligidagi armiya o‘rtasidagi to‘qnashuv natijasida ko‘plab xitoyliklar, jumladan, mohir hunarmandlar Movarounnahr hududiga kelib qolgan edi. Samarqandga joylashtirilgan ushbu ustalar mahalliy aholiga qog‘oz ishlab chiqarishning noyob texnologiyasini o‘rgatdilar. E’tiborli jihati shundaki, Samarqand qog‘ozi xitoyliklarning an’anaviy usulidan farqli o‘laroq, mahalliy xom ashyo – paxta tolasidan tayyorlangan bo‘lib, bu kashfiyot keyinchalik butun musulmon sharqi va Yevropa ilm-fani rivojiga beqiyos ta’sir ko‘rsatdi. Somoniylar davrida Buxoro hukmdori saroyiga xitoylik rassomlar tomonidan tuhfa qilingan tasviriy san’at namunalari mahalliy miniatyura maktabining shakllanishiga turtki bergani ham madaniy muloqotning uzviyligini tasdiqlaydi.

Temuriylar sulolasining gullab-yashnagan davrida Xitoy bilan munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarildi. Tarixiy hujjatlarda qayd etilishicha, Samarqand va Buxoro shaharlarining sharqiy darvozalari ramziy ma’noda “Xitoy darvozasi” deb atalgan. Mirzo Ulug‘bekning rasadxonasi yaqinidagi bog‘da “chig‘otoy uslubi”da barpo etilgan maxsus pavilon hamda Shohi Zinda majmuasidagi sakkiz qirrali yodgorlik xitoylik me’morlar va mahalliy ustalar hamkorligining mahsuli sifatida tarixdan so‘zlaydi. Garchi 1404 yilda Amir Temur huzuriga kelgan Xitoy elchilari siyosiy vaziyat tufayli sovuqqonlik bilan qabul qilingan bo‘lsa-da, keyingi davrlarda elchilik aloqalari muntazam tus olgan. 

XIX asr oxiri va XX asr boshlariga kelib, O‘zbekiston hududidagi xitoy diasporasining ijtimoiy tarkibida jiddiy o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bir tomondan, Toshkent, Samarqand va Qo‘qon kabi yirik shaharlarda Rus-Xitoy bankining bo‘limlari ochilib, moliyaviy elita vakillari faoliyat yuritgan bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Farg‘ona vodiysi va Sirdaryo viloyatida oddiy mehnatkashlar qatlami shakllandi. “O‘zbekistonning etnik atlasi”da yozilishicha, XX asrning boshlarida  Samarqanddagi musulmon otliq divizioni tarkibida jang qilgan Pau-ti-san, Lyu Fa-Lya kabi jangchilarning ismlari tarix sahifalarida qolgan. 1919 yilda 400 nafar xitoylik o‘z vataniga qaytarilgan bo‘lsa-da, muayyan qismi turli sabablarga ko‘ra O‘zbekistonda qolib, mahalliy jamiyatga singib ketdi.

Zamonaviy O‘zbekistondagi xitoy diasporasining shakllanishini shartli ravishda uchta tarixiy bosqichga bo‘lish mumkin. Birinchi guruh – 1920–1930 yillarda chegaralar yopilishi sababli vatanga qayta olmagan sobiq askarlar, talabalar va savdogarlardan iborat edi. Toshkent viloyatida tashkil etilgan “III Internatsional” jamoa xo‘jaligi ularning ixcham yashash manziliga aylandi. 1937 yilgi siyosiy qatag‘onlar bu jamoaga ham o‘z ta’sirini o‘tkazdi, ammo omon qolganlar o‘zbek zaminini o‘zlariga ikkinchi vatan deb bildilar. Ikkinchi to‘lqin 1960-yillarga to‘g‘ri kelib, asosan qishloq xo‘jaligi mutaxassislari va tabiblarni qamrab oldi. Uchinchi guruh esa mustaqillik yillarida tashrif buyurgan ishbilarmon va tadbirkorlardan tarkib topgan.

Bugungi kunda O‘zbekistonda istiqomat qilayotgan xitoyliklar o‘zlarining milliy qadriyatlarini saqlab qolgan holda, jamiyatimizning teng huquqli a’zolari sifatida hayot kechirmoqdalar. Garchi avvalgi avlod vakillari mahalliy aholi bilan qo‘shilib ketgan bo‘lsa-da, “Chunsze” (Oy taqvimi bo‘yicha Yangi yil) bayramini nishonlash, dafn marosimlaridagi o‘ziga xos udumlar va xonadonlarda “kan” deb ataluvchi maxsus isitish tizimidan foydalanish kabi an’analar saqlanib qolgan. Bu tarixiy jarayonlar O‘zbekistonning azaldan bag‘rikenglik va do‘stlik diyori bo‘lib kelganini, turli millat va elat vakillari bu zaminda tinch-totuv, ahil yashab kelayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Tarix charxpalagi qanday aylanmasin, xalqlar o‘rtasidagi insoniylik va o‘zaro hurmat tamoyillari o‘zgarmas qadriyat bo‘lib qolmoqda.

Alisher Egamberdiyev, O‘zA