O‘zbekistonning Londondagi elchixonasida taniqli o‘zbek yozuvchisi, ssenarist va jamoat arbobi Gulchehrabegim Mahmudovaning “The Legends of Great Silk Road” (“Buyuk ipak yo‘li afsonlari”) kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Buyuk Britaniyadagi “To‘maris” ayollar birlashmasi ko‘magida tashkil etilgan tadbir britaniyaliklar orasida o‘zbek madaniyati va Buyuk ipak yo‘lining sivilizatsiyaviy ahamiyatini targ‘ib qilishga qaratilgan.
Tadbirda ishtirok etgan Britaniyadagi o‘zbek diasporasi a’zolari, madaniyat arboblari va mahalliy jamoatchilik vakillari bu kabi tashabbuslar madaniy aloqalar va xalqaro muloqotni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.
Ingliz tilida nashr etilgan kitobda Buyuk ipak yo‘li bilan bog‘liq afsonalar, tarixiy voqealar va madaniy an’analar badiiy ifoda qilinadi. Muallifning so‘zlariga ko‘ra, mazkur kitob xalqaro auditoriyaning yurtimiz boy tarixiy va madaniy merosiga bo‘lgan qiziqishini oshirishga xizmat qiladi.
Loyiha xorijda mamlakatimiz ijobiy imidjini shakllantirish hamda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi gumanitar aloqalarni mustahkamlash yo‘lidagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.
Aziza Alimova tayyorladi, O‘zA.