Ne-ne zamonlarning evrilishu bo‘ronlarida omonligini saqlab, ota-bobolardan meros bo‘lib kelayotgan bu Vatan, bu elning yorqin yuzini, qiyofasini asrab, jahondagi mavqeini mustahkamlashda xalq xohish-istaklarini ifoda etayotgan davlatchilik siyosatining o‘rni beqiyos.
bugungi O‘zbekiston jahonga yangi qiyofada namoyon bo‘lmoqda. Insonlarning qalb qo‘ri, qon tomirlarida yaratish, bunyodkorlik ishtiyoqi barq urmoqda. Har sohada yangi marralar zabt etilib, bu o‘zgarishlar insonlar hayotida o‘z natijasini ko‘rsatmoqda.
O‘z qalb to‘g‘yonlarini, zavqu-shavqi, intilishlarini boshqalarga ham yuqtirish, boshqalarni ham ulug‘ maqsadlar sari jipslashtirish, birlashtirish ishqi bilan yonayotgan vatandoshlar timsolida O‘zbekistonning yangi, bunyodkor kelajagi aks etmoqda.
Tarix qilingan ishlar, amaliy natijalar, obodlik, farovonlik, insonlar hayotidagi yaxshilanishlar, ixtirolar, xalqaro maydonda qo‘lga kiritilgan yutuq va g‘alabalar, bunyodkorliklar bilan o‘lchanadi. Zero, o‘z zakovoti, kuch-qudrati, salohiyati, ilmu-tafakkuri bilan dunyo beshigini tebratgan Zamaxshariy, Imom Buxoriy, Ibn Sino, Beruniy, al-Xorazmiy, Paxlavon Mahmud, Amir Temur, Ulug‘bek, Alisher Navoiy, Boburlarni kamolga yetkazgan Vatan bugun ham shunday tarixiy burilish, buyuk yuksalish ostonasida desak, mubolag‘a bo‘lmaydi.
Besh yil muqaddam davlatimiz rahbari tomonidan 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasi qabul qilinib, mamlakatda kuchli fuqarolik jamiyati qurish, iqtisodiyotni rivojlantirish, xalqning osoyishta va farovon hayot kechirishi uchun sharoitlar yaratish, xalqaro maydonda O‘zbekistonning obro‘-e’tiborini mustahkamlash borasida tizimli ishlar olib borildi.
Joriy yilning ilk oylarida Harakatlar strategiyasining uzviy davomi sifatida 2022–2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning taraqqiyot strategiyasining qabul qilinishi esa keyingi besh yillikdagi rivojlanish tizimining ustuvor jihatlarini belgilab berdi.
Yurtimizning xalqaro maydondagi mavqeini yuksaltirishda jismoniy tarbiya va sportning o‘rni beqiyos. Aholi salomatligini mustahkamlashda muhim jihat bo‘lgan sport “Harakatlar strategiyasidan – Taraqqiyot strategiyasi sari” tamoyilining muhim bo‘g‘ini ekanligi ham shundan.
Jismoniy tarbiya va sportni aholi o‘rtasida ommalashtirish orqali Vatan dovrug‘ini dunyoga doston etadigan professional sportchilarni tayyorlashda so‘zsiz sport inshootlarining ahamiyati beqiyos. Bundan 7-8 yil muqaddam chekka hududlarda zamonaviy sport majmualari barmoq bilan sanarli edi. Borlariyam u yoki bu kamchilikdan xoli emas edi.
Bugun mamlakatimizda sport majmuasiga ega bo‘lmagan tuman qolmadi hisob. Ahamiyatlisi, chekka-chekka mahallalarda, qishloqlarda ko‘rkam sport inshootlarining bunyod etilayotgani, ommaviy sportga qaratilayotgan e’tibor, “Besh tashabbus olimpiadasi”ning samaralari, sportchilarimizning xalqaro maydonlarda qo‘lga kiritayotgan yutuqlari, mahalla, tuman miqyosida sportning ko‘plab turlari bo‘yicha musobaqalar o‘tkazilayotgani bor gap.
Bunday mahsuldorlikka erishishning bosh omili albatta, sohaga davlat darajasida e’tibor qaratilayotganidir.
Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, shu kunlarda yurtimizda 53 mingga yaqin sport inshootlari faoliyat ko‘rsatmoqda. Yurtimizda jismoniy tarbiya va sport sohasining normativ-huquqiy asoslarini takomillashtirish maqsadida birgina 2022 yilning olti oyi davomida 10 ta normativ-huquqiy hujjat loyihalari, jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta farmoni, 5 ta qarori va O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 3 ta qarori ishlab chiqildi.
Jahonni lol etar darajada iqtidorga ega bitta sportchining kamolga yetishi uchun qanchalik mehnat, e’tibor, mablag‘, zahmat ketishini tasavvur qilish qiyin emas. Bir paytlari dunyodagi eng kuchli sportchilarimiz kimlar, desak o‘z-o‘zidan Muhamadqodir Abdullayev, Abdulla Tangriyev, Rishod Sobirov, Rustam Qosimjonov kabi barmoq bilan sanarli sportchilarni eslar edik. Yillar davomida ularni nomini takrorlab keldik. Hozir xalqaro sport arenalarida millat sha’ni va orini sharaf bilan himoya qilib, jahon sportida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan chempionlarimiz ko‘pchilikni tashkil etmoqda.
Birgina og‘ir atletika, boks, dzyudo, karate, taekvondo, futbol, yengil atletika, qilichbozlik, shaxmat kabi sport turlarida yoshlarimiz qayd etayotgan natijalar O‘zbekiston sportining ertasi ishonchli, g‘alabalari salmoqli bo‘lishidan dalolat bermoqda.
Bunday rivojlanish dinamikasiga erishishda yangicha tamoyillarning joriy etilayotgani asqotmoqda.
Xabaringiz bor, yurtimizda 5 ta yosh toifasida 9 ta sport turi bo‘yicha yoshlar o‘rtasida “Besh tashabbus olimpiadasi” sport musobaqalari o‘tkazish yo‘lga qo‘yildi.
Yurtimizda ilk bor katta yo‘lga chiqqan “Besh tashabbus olimpiadasi”ning ommaviy sport tadbirlari respublikamizning 3 million 100 mingdan ziyod 16 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlarini qamrab olganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi.
Yaqinda respublika bosqichida g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarilgan 114 nafar yosh sportchi taqdirlandi. Ularning, ota-onalarining shodligi bir olam bo‘lgan bo‘lsa, mahalla ahlining quvonchi esa undan-da ortib tushdi. Boisi, “Besh tashabbus olimpiadasi”da g‘olib va sovrindor bo‘lgan yoshlarning mahallalariga sport maydonchalari qurib berilishi tegishli dasturlarda belgilangan bo‘lib, ularning muvaffaqiyati mahallasiga ham quvonch olib keldi.
Mazkur sport harakatining ilk qaldirg‘ochlari bo‘lgan o‘g‘il-qizlar kelajakda mahoratli sportchilar kamolga yetishiga xizmat qilishi bilan birga, yana millionlab oilalarga sog‘lom turmush tarzi tamoyillari kirib kelishini, yuzlab yoshlarning qalbiga zavqu-shavq, mahallalarda jismoniy tarbiya va sport harakati ommalashiga ta’sir ko‘rsatishi shubhasiz.
Bu, xalqaro hamjamiyatda o‘z salohiyatini, salobatini, shijoatini yanada yorqinroq ko‘rsatib kelayotgan Yangi O‘zbekistonda tom ma’noda Uchinchi Renessans boshlanishiga mustahkam poydevor qo‘yilayotganligi, zamin hozirlanayotganligidandir.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA