Jizzax viloyatining turizm salohiyatini Buyuk Britaniyada keng targ‘ib qilish va xorijiy sayyohlarni jalb etish yuzasidan hamkorlik memorandumi imzolandi.
Jizzax viloyat hokimining o‘rinbosari Sardor Shukurullayev Forish tumaniga tashrif buyurgan Buyuk Britaniyaning turizm elchisi Sofiye Ibotson xonim va angliyalik sayyohlar bilan uchrashdi. Uchrashuv doirasida Forish tumanidagi sayyohlik ob’ektlari, xususan, tabiiy go‘zallikka boy hududlar va tarixiy yodgorliklar bilan tanishuv tashkil etildi.

Uchrashuv davomida Buyuk Britaniyaning turizm elchisi tomonidan 2025 yilda Buyuk Britaniyadan shu bugungi kungacha 800 nafar turist jalb qilingani va joriy yil davomida yana 1500 nafardan ortiq ingliz sayyohlari O‘zbekistonga olib kelinishi rejalashtirilgani ma’lum qilindi.
Muloqotda Buyuk Britaniya turizm elchisining ushbu tashrifi Jizzax viloyatining sayyohlik imkoniyatlari Angliyada keng yoritilishga xizmat qilishi, shu bilan birga, mahalliy tadbirkorlar va hunarmandlar uchun yangi hamkorlik imkoniyatlari ochilishi mumkinligi ta’kidlandi.

Shu o‘rinda, mazkur uchrashuvda Jizzax viloyatining turizm salohiyatini Buyuk Britaniyada keng targ‘ib qilish va xorijiy sayyohlarni jalb etish yuzasidan hamkorlik memorandumi ham imzolanganini, ushbu hujjat doirasida turizm infratuzilmasini rivojlantirish, madaniy aloqalarni mustahkamlash va sayyohlarga qulayliklar yaratish borasida qator loyihalar amalga oshirilishi rejalashtirilganini ta’kidlab o‘tish joiz.
Uchrashuv so‘nggida Sofiye Ibotson xonim mezbonlarga ajoyib mehmondo‘stlik uchun minnatdorchilik bildirib, Jizzax vohasining madaniy boyliklari ularda chuqur taassurot qoldirganini, shuningdek, Jizzax turizm uchun katta salohiyatga ega va uni xalqaro darajada targ‘ib etish muhim ahamiyat kasb etishini alohida qayd etdi.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA muxbirlari