O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 19 martdagi tegishli farmoni va qarori bilan xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan doimiy muloqot o‘rnatish, ularning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda faol ishtirok etishini ta’minlash va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, ularning huquq hamda qonuniy manfaatlarini har tomonlama himoya qilish masalalari sifat jihatidan yangi bosqichga chiqdi.
O‘zbekiston delegatsiyasining Buyuk Britaniyaga tashrifi davomida O‘zbekistonning mazkur mamlakatdagi elchixonasida vatandoshlar bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Unda ushbu mamlakatda vaqtincha bo‘lib turgan 100 nafardan ortiq vatandoshimiz, London shahridagi turli sohalarda mehnat qilayotgan, oliy ta’lim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbek talabalari, “Uzbekistan Students Union” (UzSU) — Buyuk Britaniyada tahsil olayotgan O‘zbekiston talabalarini birlashtirish uchun tashkil etilgan yoshlar tashkiloti vakillari ishtirok etdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasi raisi Qahramon Sariyev O‘zbekistonda turli sohalarda keng ko‘lamli imkoniyatlar yaratilayotgani, jumladan, xorijdagi vatandoshlarni himoya qilish va qo‘llab-quvvatlashda mutlaqo yangicha yondashuvlar asosida tizimli ishlar amalga oshirilayotganini ta’kidladi.

Shu nuqtai nazardan, qo‘mita raisi Q.Sariyev uchrashuv ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan xorijdagi vatandoshlar bilan aloqalarni rivojlantirish, ularning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasidagi maqsad va vazifalar to‘g‘risida axborot berdi.
Shuningdek, Prpezidentimizning joriy yil 19 mart kuni qabul qilingan Millatlararo munosabatlar va xorijdagi vatandoshlar masalalari bo‘yicha qo‘mitasini tashkil etishga qaratilgan farmoni va qarorida belgilangan vazifalar doirasida xorijda istiqomat qilayotgan vatandoshlar bilan hamkorlik aloqalarini yanada mustahkamlashga qaratilgan “Uz Global Think”, “Who Is Who”, BMT Taraqqiyot dasturining “Xorijdagi vatandoshlar orqali bilimlarni transfer qilish” (TOKTEN) dasturi, xorijiy o‘quv yurtlarini bitirib, o‘sha davlat hududida yashab, ishlab kelayotgan vatandoshlarni birlashtiruvchi, ularni qo‘llab-quvvatlovchi “O‘zbekistonlik bitiruvchilar” kabi loyihalar haqida ma’lumot berildi.
Uchrashuv davomida Buyuk Britaniya hududida vatandoshlarimizning ishga joylashishi bilan bog‘liq qiyinchiliklar muhokama qilindi. Ushbu masala bo‘yicha tegishli tashkilotlarga Qo‘mita tomonidan murojaat qilinishi hamda muammo tez fursatlarda bartaraf etilishi to‘g‘risida ma’lumot berildi. Uchrashuv so‘ngida vatandoshlarga o‘zbek tilidagi bir qator adabiyotlar tarqatildi.
N.Usmonova, O‘zA