Toshkent shahar hokimligida Buyuk Britaniya Bosh vazirining Markaziy Osiyo va Ozarbayjon bo‘yicha maxsus savdo vakili Lord Jon Olderdays boshchiligidagi delegatsiya a’zolari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Muzokaralar davomida tomonlar savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va infratuzilmaviy hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qildi. Xususan, Toshkent iqtisodiyotining asosiy tarmoqlari ochiqlik, shaffoflik va korrupsiyaga toqatsizlik tamoyillari asosida rivojlanayotgani ta’kidlandi.
So‘nggi bir necha yil ichida poytaxt rivojlanishning ilg‘or sur’atlarini namoyish etayotgani, turli mamlakatlar hududlari bilan hamkorlik faollashayotgani, sanoat, transport, shahar infratuzilmasi, ta’lim va innovatsiyalar sohalarida loyihalar amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Darhaqiqat, jalb etilayotgan investitsiyalar hajmi barqaror o‘sib bormoqda, bu esa shahar muhitini modernizatsiya qilish va aholi turmush sifatini yaxshilashni tezlashtirish imkonini bermoqda.
Mavjud maktab va bog‘chalarni qayta qurish va qamrovni kengaytirish bilan bir qatorda, shaharning har bir tumanida yangi ta’lim muassasalari qurish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, olimpiya zaxirasini shakllantirish uchun 32 ta sport turi bo‘yicha ixtisoslashgan sport maktablarini tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Poytaxtning ekologik siyosati doirasida atrof-muhitga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan sanoat va yo‘l ob’ektlarini bosqichma-bosqich shahar tashqarisiga chiqarish davom etmoqda.

Mehmonlarga Toshkentda amalga oshirilayotgan yirik investitsiya loyihalari, zamonaviy turar-joy majmualari qurilishi, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, shuningdek, atrof-muhitni muhofaza qilish va "yashil" iqtisodiyot sohasidagi islohotlar haqida ma’lumot berildi. So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi hamkorlik, jumladan, shaharsozlik, ta’lim, moliya va innovatsiya sohalarida izchil ravishda mustahkamlanib borayotgani ta’kidlandi.
Delegatsiya a’zolari ilg‘or boshqaruv tajribasi almashinuvini kengaytirish, investitsiyaviy hamkorlikni chuqurlashtirish va qo‘shma loyihalarda xususiy sektor ishtirokini faollashtirishga qiziqish bildirdi. Bundan tashqari, ikki tomonlama biznes-forumlarni tashkil etish va ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yanada rivojlantirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga tayyorliklarini tasdiqladi.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA