Britaniya Savdo palatasi xulosasiga ko‘ra, Yaman xusiylarining Qizil dengizdagi harakati tufayli ishlab chiqaruvchi va iste’molchilarga xizmat ko‘rsatuvchi firmalarning 53 foizi, eksportchilarning 55 foizi yuk tashish xarajati oshishi va mahsulot yetkazilishi kechikishi holatlari haqida xabar bergan.
15-yanvar-9-fevral oralig‘ida 1000 ta firma ishtirokida o‘tkazilgan so‘rov natijasi turli biznesga aloqador kompaniyalarning 37 foizi zarar ko‘rgan. Ba’zi korxonalar konteyner ijarasi to‘rt barobar ortgani, yetkazib berish muddati bir oygacha cho‘zilganini aytgan.
Yakshanba kuni Britaniya Savdo palatasi raisi Uilyam Beyn yuzaga kelgan vaziyatni o‘nglash uchun qo‘shimcha imkoniyat borligi, faqat vaqt bilan bog‘liq muammo yechilmayotganini bildirgan. Qayd etilishicha, murakkab vaziyat davom etsa, xarajat bosimi ortib boraveradi.
Birlashgan Millatlar Tashkiloti Savdo va taraqqiyot konferensiyasi ma’lumotiga ko‘ra, xusiylar jahon savdo tizimiga putur yetkazgan. Qizil dengizni O‘rta yer dengizi bilan bog‘laydigan Suvaysh kanali orqali amalga oshiriladigan savdo hajmi taxminan 42 foiz kamaydi.
Oy boshida Buyuk Britaniyaning eng yirik choy brendi “Tetley Tea” Qizil dengizdagi uzilish tufayli jiddiy qiyinchilikka uchraganini tan olgan.
Ma’lumki, xusiylar G‘azoda urush boshlangandan beri dunyodagi eng gavjum yuk tashish yo‘llaridan biri bo‘lgan Qizil dengizdagi tijorat kemalariga o‘nlab raketa va dron hujumi amalga oshirib, falastinliklar bilan birdamligini namoyish qilgan.
Shanba kuni AQSH va Buyuk Britaniya harbiylari Yamandagi xusiylarning 18 manzili, jumladan yer osti quroli va raketa saqlanadigan inshootlari, havo mudofaa tizimi, radar va vertolyotlarini to‘pga tutgani e’lon qildi.
S.Poyonov, O‘zA